23:02 / 28.07.2017
7 224

O‘zbek yigiti qanday qilib Amazon kompaniyasi xodimiga aylangani haqida

O‘zbek yigiti qanday qilib Amazon kompaniyasi xodimiga aylangani haqida
Xalqaro press-klubda tashkillashtirilgan muloqotlarning birida IT-sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkor shunday fikr bildirgan edi: «Singapur mamlakatida bo‘lganimizda ko‘chalarda, hiyobonlarda qo‘lida biri kitob, biri smartfon, biri planshetda nimalarnidir diqqat bilan o‘qib o‘tirgan bolalarni ko‘rsatib, o‘g‘limga: kelajakdagi raqiblaring Toshkentda emas, mana shu bolalar bo‘ladi, degandim...» Chindanam, axborot texnologiyalari asrida biznes chegara bilmaydi. Chinakam muvaffaqiyatga erishish uchun nafaqat yon-atrofdagilar, balki dunyoning eng kuchli mutaxassislari bilan raqobatlashishga to‘g‘ri keladi.

Dunyoning yirik kompaniyalarida ishlayotgan yurtdoshlarimiz soni so‘nggi vaqtlarda oshib boryapti. Bugun ularni Google, Facebook, Microsoft, Amazon kabi gigantlar xodimlari safida uchratasiz. Iste’dodli kadrlarimizning xorijga chiqib ketishi biroz achinarli bo‘lsada, bu holatning pozitiv jihatlari ham ko‘p. Eng asosiysi, ularning aksariyati g‘oyalarini, loyihalarini o‘zimizda ham joriy qilishyapti. Suhbatdoshimiz Farhod Musaev ham jahonning eng yirik kompaniyalaridan biri — Amazon tarmog‘ida ishlash bilan birga, yurtimizda juda muhim loyihaga asos solgan. Uning «CodeCraft» ta’limiy loyihasi orqali bolalarga dasturlash sirlari o‘rgatiladi. Bundan roppa-rosa 2 yil avval Toshkentdagi INHA universiteti qoshida ochilgan bu kurslar yosh iste’dodlarni kashf qilishda davom etyapti.

— Biz tobora axborot texnologiyalariga ixtisoslashib borayotgan dunyoda yashayapmiz, — deydi Farhod Musaev. — Tabiiyki, bu jarayonda yuqori malakali IT-mutaxassislar: IT-infratuzilmasi muhandislari, dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari, dasturiy mahsulotlar yaratuvchilari, veb-dizaynerlarga talab juda yuqori bo‘ladi. «Uzilish» ro‘y bermasligi uchun mehnat bozoriga malakali iqtidorlarni etarli darajada tayyorlab berish zarur. IT-mutaxassislarni tayyorlashda faqat kollejlar va universitetlarga tayanishdek an’anaviy tushunchamiz shakllanib qolgan. Ammo dunyoda bu tushuncha o‘zgarib boryapti. Aksar mamlakatlarda dasturlash ilmini boshlang‘ich maktab dasturiga kiritish tajribasi ommalashib bormoqda. «Codecraft» dasturi ushbu tashabbusni ilgari surishni maqsad qilgan. Bunday kurslarda bolalar nafaqat dasturlashning bazaviy bilimlariga ega bo‘lishadi, balki ularda ijodiy fikrlash salohiyati ham oshadi.

— Sizda bu sohaga qiziqish qanday boshlangan?
— Oilamizda ota-onam doim o‘qishni birinchi o‘ringa qo‘yishgan va buni turlicha rag‘batlantirib kelishgan. Otam elektromuhandis, onam esa bolalar shifokori bo‘lib ishlagan. O‘rta maktabda o‘qib yurgan paytlarimda kompyuter o‘yinlariga juda qiziqar edim. Keyinchalik veb-sahifalar yaratish, Flesh-animasiyalar tuzishni mustaqil o‘rgandim. Institutni bitirganimdan so‘ng 7 yil AKT sohasida ishladim. Ish davomida shuni tushundimki, dastur tuzish va uni ishga tushirish nafaqat texnik qobiliyat, balki tahliliy-ijtimoiy va hattoki, siyosiy-iqtisodiy bilimlarni ham talab qilar ekan. Shu tarzda yangi bilimlarni orttirish ishtiyoqi bilan yashay boshladim.

— Bu ishtiyoq ortidan hayotingizda tub burilish yasagan voqea qachon sodir bo‘ldi?
— 2009 yili British Chevening granti orqali Angliyaning London iqtisodiy va siyosiy fanlar universitetida axborot tizimlari tahlili va menejmenti bo‘yicha magistraturada o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritganim dunyoqarashimni tubdan o‘zgartirgan hodisa bo‘ldi, desam adashmayman.

— O‘zbekistonda orttirilgan tajriba davri. Qay biri professional faoliyatingiz uchun muhim turtki bergan?
— Ona yurtimizda turli jabhalarda ishlab ko‘rdim — axborot-multimedia kompaniyasida, investisiya fondlarida, xalqaro taraqqiyotga yo‘naltirilgan tashkilotlarda, ta’lim sohasida, dasturlash xizmatlari eksporti bilan shug‘ullanadigan kompaniyada va hattoki, motor ishlab chiqarish zavodida ham mehnat qildim. Har bir sohada orttirgan tajribam AKTning qanchalik muhimligini anglashimga va professional faoliyatimda o‘sishga erishishimga xizmat qilgan.

— Xorij tajribasi. U qanday boshlangan edi va qay tarzda davom etyapti?

— 2016 yili Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlarida elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi — Souq.com kompaniyasiga menejerlik ishiga taklif qilishdi. Bir yil o‘tar-o‘tmas AQShning Amazon kompaniyasi Souq.comni xarid qildi. Men ham o‘z-o‘zidan dunyoning yirik kompaniyasi xodimiga aylandim. Hozirda Amazon Home services platformasi bilan integrasiya qilish orqali aholiga elektron xizmatlarni ko‘rsatish tizimi ustida ishlayapman.

— Codecraft g‘oyasi qanday tug‘ilgan edi?
— Bolalar uchun dasturlashni o‘rgatish g‘oyasining tug‘ilishiga bir nechta sabab omil bo‘lgan. Avvalambor, bu mahalliy mehnat bozoridagi AKT yo‘nalishi bo‘yicha tayyorlanayotgan kadrlarning sifati pastligi bilan bog‘liq.

Avval ishlagan kompaniyalarda yaratilayotgan ish o‘rinlariga universitet bitiruvchilarini jalb qilish, ular bilan suhbatlashish jarayonida yaxshi dasturchi bo‘lish uchun etarlicha ta’lim berilmayotgani, hattoki, fundamental dasturlashga oid bilimlar ham oqsayotgani ma’lum bo‘lgandi. Shu xulosalar sabab, eksperimental holda ana shu ta’limni 10-12 yoshli maktab o‘quvchilariga singdirishni maqsad qildim.

2015 yili Toshkentdagi INHA universiteti hamkorligida bu kurslarni tashkil etdik. Loyiha muvaffaqiyat qozonishida INHA universiteti rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi, universitetda zamonaviy kompyuter xonalari mavjudligi va keyinchalik dasturlash bo‘yicha instruktor sifatida ishlay oladigan iste’dodli talabalarning mavjudligi muhim omil bo‘ldi.

— Loyiha qanchalik muvaffaqiyatli chiqdi?
— Birinchi navbatda, dasturlashga qiziquvchi bolalar juda ko‘p ekanini o‘zimiz uchun kashf qildik. Shu sabab kurslarning davomiyligini yo‘lga qo‘ydik. Ikkinchidan, Codecraft loyihasi o‘quvchilari o‘z dasturiy ishlanmalari bilan «Best Soft Challenge 2016» yosh dasturchilar tanlovida faxrli sovringa ega bo‘ldilar. E’tibor bering, bu tanlovda lisey, kollej va oliy ta’lim muassasalari talabalari qatnashadi. Ular orasida Codecraftning yosh tarbiyalanuvchilari ham sovringa ega bo‘lishi, quvonarli natija.

— Bolalarni axborot texnologiyalariga, dasturlashga qiziqtirish qanchalik muhim? Xorij bilan solishtirilganda, IT-talantlarni yuzaga chiqarishda qanchalik oqsayapmiz?

— Aslida bolalarni maktab yoshidan aniq fanlarga, shu jumladan, dasturlashga o‘qitish — bu hayratlanarli tajriba emas, balki hozirgi davr talabi. Fikrimcha, o‘rta ta’lim tizimimiz bolalarga aynan AKT sohasidagi bilimlarni berishda juda oqsayapti. Ko‘plab ta’lim muassasalarimiz kompyuter xonalari yoki yangi o‘quv binosi bilangina kifoyalanib qolyapti. Avvalo, bolalarning iste’dodini ro‘yobga chiqaradigan va sohaga muhabbat tug‘dira oladigan murabbiylarni etishtirish kerak, deb uylayman.

Ish yuzasidan xorij AKT mutaxassislari bilan ko‘p to‘qnash kelaman va o‘zbekistonlik yosh yigit-qizlar shu mutaxassislar singari dunyo mehnat bozorida bemalol raqobat qila olishlarini juda xohlayman.

— Bugun yaxshi IT-mutaxassis yoki dasturchining o‘rtacha maoshi qancha?

— Toshkentda 5–7 yil tajribaga ega bo‘lgan malakali dasturchining o‘rtacha maoshi 1000–2000 AQSh dollari atrofida.

— Bu sohada kelajakda yaxshi mutaxassis bo‘lib etishish uchun yoshlar, bolalar nimalardan voz kechishlari keragu, nimalarga ko‘proq vaqtlarini ajratishlari lozim? Ularning ota-onalariga qanday maslahatlar berasiz?
— Bolalarga, yoshlarga universitet, kollej yoki maktab berayotgan ta’lim bilan chegaralanib qolmaslikni maslahat berardim. Hozirda internet tarmog‘ida ingliz tilida juda ham ko‘p zamonaviy dasturlash tillariga oid video va matn tarzidagi ma’lumotlar, darsliklar mavjud. Mustaqil tarzda bu sohaning dastlabki bilimlarini shakllantirish mumkin. Shuning uchun dasturlash darslari bilan bir paytda ingliz tilini ham mukammal o‘rganish kerak. Til bilish professional faoliyatda juda asqotadi.

Ota-onalarga esa, farzandlarining kompyuter yoki mobil qurilmalarda faqat o‘yin o‘ynab vaqt o‘tkazishni emas, balki ularning yaratuvchilik, tadbirkorlik qobiliyatlarini rag‘batlantirishga ko‘proq e’tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lardim. Misol uchun, farzandingizga uy yumushida yoki biznesingizdagi biror bir kichik muammoni echa oladigan dastur tuzishni topshiring va bajarilgan vazifani ma’lum bir shaklda rag‘batlantiring. Qarabsizki, farzandingizning texnologiyalarga, dasturlashga, ijodiy izlanishga qiziqishi orta boshlaydi. U ertaga qaysi kasbni tanlamasin, qaysi soha mutaxassisi bo‘lib etishmasin, texnologiyalarni yaxshi bilishi, ijodiy izlanish qobiliyatiga egaligi yutuqlarining asosiga aylanadi.

Lutfullo Tursunov suhbatlashdi


Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek yigiti qanday qilib Amazon kompaniyasi xodimiga aylangani haqida