16 823
Odamlar nima deydi: 200 kishilik osh, 2 kishilik “kuyovnavkar” va kelin tushadigan uyni kuyov bezatishi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkorlar ziyolilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida bugungi to‘ylardagi dabdaba, shuhratparastlikka berilish kabi holatlarni tanqid ostiga olib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Bosh vazir o‘rinbosari-Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaga bir oy muddat ichida to‘y va hashamlarni ortiqcha dabdabadan holi o‘tkazish bo‘yicha yangi qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasini yuklagan edi.
Prezidentning ma’ruzasi TV orqali namoyish etilgandan so‘ng, to‘ylarni o‘tkazish muhokamalar maydonining asosiy mavzusiga aylandi. Kim uchundir to‘ylardagi xarajatlarni qisqartirish to‘g‘risidagi qarorni chiqarish vaqti allaqachon kelgan bo‘lsa, yana kimgadir bu qarorning qabul qilinishi ma’qul emasdek. Fikrlar qarama-qarshi, istaklar ko‘p. Yosh kelin va kuyovning ertangi baxtli hayotini taxt bilan yaratib bo‘lmasligi kundek ravshan bo‘lib borayotgan bugungi davrda odamlarning, xususan, yoshlarning ham istaklari kun sayin ortib bormoqda. Uy, mebel, maishiy texnika, bashang liboslar, bir necha yuz kishilik to‘y, ortidan kichik, ammo dahmazasi katta tadbirlar... Xo‘sh, to‘ydan keyin yoshlar nimaga intilib yashaydi, qaysi kam-ko‘stini to‘ldirish uchun mehnat qiladi, zotan hamma narsani sho‘rlik ota-ona badastir qilib bersa...
O‘zbek xalqi yangidan-yangi odatlarni, oldi-berdilarni o‘zi o‘ylab topib, bu urflar qayerdan kelib chiqdi deb yana o‘zi noliydi. To‘y va marosimlarni dabdabalardan holi o‘tkazish bugunning mavzusi emas. Qariyb 20 yil davomida bu borada qator qarorlar, rasmiy hujjatlar qabul qilindi. Natijani esa o‘zimiz ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmiz. To‘y va hashamlarni dabdabasiz o‘tkazish bo‘yicha ilk bor 1998 yil 28 oktyarbrda “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni qabul qilingan edi.
2012 yilning 18 aprel kuni “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida” Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining qarori qabul qilindi. Toshkent shahar hokimining 2017 yil 18 iyuldagi farmoyishiga ilova tarzida “Toshkent shahrida o‘tkaziladigan o‘zbek millatiga xos to‘y-hasham, tantana, marosim va boshqa oilaviy tadbirlarni tartibga solish va ixchamlashtirish to‘g‘risida”gi tavsiyaviy tartib odamlar orasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik unda keltirilgan ayrim holatlarni rad etmoqda, chidab bo‘lmaydi, deyayotganlar, ko‘nglimdagidek ish bo‘libdi deb, tabassumini yashirmayotganlar ham yo‘q emas.
Ushbu tavsiyaviy tartib Prezidentning 3 avgust kuni o‘tkazgan yig‘ilishidan avval chiqilgan. Demak, uni qaror o‘rnida ko‘rishga shoshilmaslik lozim. Prezident qarorida esa unda keltirilgan tavsiyalar aks etadimi yoki yo‘q, bunisi hozircha noma’lum.
Keling, unda keltirilgan tavsiyalarni birma-bir ko‘zdan kechirsak.
Birinchi bandda nikoh to‘yi o‘tkazilishi oldidan mahalla xabardorligini ta’minlash maqsadida FXDYolar MFYdan ma’lumotnoma olinishi ko‘rsatilgan. Bu juda to‘g‘ri taklif. Uning yoniga nikoh tuzilayotganda nikoh shartnomasini tuzish ham majburiy etib beligilab qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Boisi aynan Toshkent shahri ajrimlar borasida respublikada rekord o‘rnatdi. 2016 yilda tuzilgan har 100 ta oiladan 36 tasi ajrashish darajasiga etib bordi.
Sodda qilib aytganda, nikoh shartnomasining afzalligi shundaki, agar kelin va kuyov ajrashgudek bo‘lsa, to‘ydan oldingi va to‘ydan keyin xarid qilingan shaxsiy va umumiy mol-mulklarni bo‘lishda muammolar yuzaga kelmaydi. Shundagina kuyovlarimiz o‘zi uchun olgan avtomobilini, uyini va boshqa mol-mulkini ota-onasi yoki aka-opasining emas, o‘z nomiga rasmiylashtirib olishdan qo‘rqmasliklari mumkin.
Ikkinchi banddagi tavsiya ham g‘oyat muhim. To‘yxona, restoran va kafelarda o‘tkaziladigan tadbir ish kunlari soat 07:00 dan 09:00 gacha, 12:00 dan 14:00 gacha, 18:00 dan 23:00 gacha o‘tkazilishi belgilangan. Avvalgi rasmiy hujjatlar bilan solishtirilsa, deyarli o‘zgarish yo‘q va to‘g‘ri qaror deyish mumkin.
Uchinchi masala e’tibor talab etadi. Bunda tadbirlarga taklif qilinganlar sonining 200-300 kishidan oshmasligi ta’kidlangan. Qiziq, agar o‘g‘il to‘yi, aqiqa, sunnat to‘yi va nikoh to‘yi, yubiley kabi tadbirlar qo‘shib o‘tkazilsa ham mehmonlar soni shuncha bo‘lishi kerakmi yo tadbirlar hisobiga qo‘shilishi? Bundan tashqari, erkaklar uchun o‘tkaziladigan osh marosimlariga 200-300 kishilikdan oshirmaslik bo‘yicha taqiqlarni qo‘yilishi ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
To‘rtinchi masala o‘ta jiddiy. Tavsiyaga ko‘ra, tadbirda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, faqat din sohasi vakili tomonidan ma’ruza qilinishi kerak.
Beshinchi va oltinchi bandda chaqaloq tug‘ilishi bilan bog‘liq barcha tadbirlarni faqat yaqin qarindoshlar davrasida o‘tkazish, tug‘ruqxonadan olib chiqish tadbirini barcha sanitar normalarga rioya etgan holda ortiqcha dabdabalarsiz tashkil etilishi belgilangan. To‘g‘ri, qaror!
Ettinchi bandda beshik to‘yi, o‘g‘il to‘yi, aqiqa kabi marosimlarni 20-30 nafardan iborat yaqin qarindoshlar o‘rtasida ortiqcha sarf-xarajat va tog‘orasiz o‘tkazilishi ko‘rsatilgan. Bizning o‘zbek ayollaridan tog‘orani olib qo‘yishning uddasidan chiqa olisharmikan?! Agar shu masala hal etilsa, ko‘plab oilalarning ajrimi oldi olinardi.
Sakkizinchi bandda nikoh to‘yi bilan bog‘liq marosimlarni qisqartirish bo‘yicha shunday deyilgan:
*Oqo‘rar, fotiha va unashtiruv marosimlarini qisqartirish maqsadida kelin va kuyov tarafdan tadbirda jami 4-6 kishi qatnashishi va tog‘oralar soni 2-4 tadan oshmasligi ko‘rsatilgan. Qaniydi shunday bo‘lsa....
*Kelin va kuyovga qilinadigan sarpolarga “Kelinlik odobi” va “Kuyovning oiladagi o‘rni” to‘g‘risida adabiyotlar qo‘shish tavsiya qilingan. Zora, ayrim kelin va kuyovlarimizni shu yo‘l bilan tarbiyaga chaqirib bo‘lsa.
*Kelin tushadigan uyning kuyov tomonidan jihozlanishi. Bugun bu mavzu juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lmoqda. Nega endi, urf-odatlarimiz qayerda qoladi degan “mard” yigitlar ham uchramoqda.
*Yurtga osh berish marosimini 200 kishidan ko‘p bo‘lmagan mehmon bilan o‘tkazish. Bizningcha, bu tavsiyani yana bir bor ko‘rib, xalq, xususan yoshi ulug‘ otaxonlar fikrlarini bilish kerak.
*Kuyov navkarga kuyov o‘zining bitta jo‘rasi bilan borishi va FXDYo tomonidan berilgan hujjat asosida nikoh o‘qitishi tavsiyasi ham yaxshi, ham chakki. Yigitlarning kelinning uyiga karnay-surnay bilan kirib kelishi, urf odatga ko‘ra kuyov qo‘lidan osh eyishi g‘arb odati emas, o‘zimizniki. Undan ko‘ra qo‘sha-qo‘sha mashinalar, qimmatbaho suratga tushish joylari, kelin dugonalarining bir xil liboslari sarf-xarajatini qisqartirish kerak. Kuyov yonida bitta jo‘rasi bilan kelinni olib ketgani kelishini bir ko‘z oldingizga keltiring. Har holda o‘zbekmiz!
*Nikoh marosimiga ketishda kelin va kuyovga 1-2 ta mashinaning xizmat ko‘rsatishi eng to‘g‘ri qaror deb bilamiz. Shuncha avtomobilning shahar ko‘chalarida haydovchi va yo‘lovchilarga halal berib yurishini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.
*To‘y marosimlarida xonandalarning navbat kutib turishiga yo‘l qo‘ymaslik, to‘yni bir yoki ikkita xonanda bilan o‘tkazish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borilishi alohida ta’kidlangan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega bu tavsiyalardan “O‘zbekkonsert” estrada birlashmasiga ularning narxlarini tushirish bo‘yicha taklif berilmagan. Holbuki bitta san’atkorning pulini ham to‘lay olmayotganlar bor. Prezident aytganidek ayrim san’atkorlar lisenziyaning pulini bitta to‘ydan topadi.
*Kelin salom tadbirini to‘ydan keyin restoranning o‘zida o‘tkazilishi belgilangan. Umuman shu tadbir bizga kerakmi? Yana qo‘ydi-chiqdi, yana oldi-berdi. Ammasiga ko‘rpa, xolasiga yostiq, 90 ga chiqqan buvisiga dush halati...
Aslida bu tavsiyalarga qanday rioya qilish hammamizning o‘zimizda qolgan gap. Biz bekorga taxt bilan baxt yaratib bo‘lmaqligini so‘zimiz avvalida keltirib o‘tmadik. Yillar davomida o‘ylab topilgan yangi odatlar, urflar sinovidan o‘tgan haqiqat ham shu – mol davlat bilan yoshlarning ertangi hayotini saqlab qolib bo‘lmaydi. Tarbiya, ma’naviyat, saviya bo‘lmas ekan, baland imoratlar, hashamatli to‘ylar, qo‘sha-qo‘sha avtomobillar ham sariq chaqaga ham teng kelmaydi. To‘ylarni o‘tkazish bo‘yicha qabul qilingan tavsiyalar, qabul qilinajak yangi qaror haqida siz qanday fikrdasiz? Unda nimalar aks etishini istar edingiz? Bugungi to‘ylar va marosimlar haqidagi mulohazalaringizni kutib qolamiz.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi