18:16 / 17.10.2017
13 364

Hushyor bo’ling! Farzandingiz nimalarni tomosha qilayapti?

Hushyor bo’ling! Farzandingiz nimalarni tomosha qilayapti?


Kuni kecha tavallud ayyomini nishonlagan jiyanimning oz emas, ko’p emas 7 yoshga to’lishi oilamizning har bir a’zosini jajji malika uchun antiqa sovg’a tanlashdek muhim vazifa qarshisida o’ylantirib qo’ydi. Kimdir turli-tuman liboslar ila bezangan qo’g’irchoq xarid qilgan, boshqa birov qo’lida kichkintoylar libosi... Men esa uni bir hayratga solay deya husnixat daftari-yu ertak kitobchalari, bo’yash albomlaridan tortib multfilm disklaridan iborat katta tuhfa tayyorlashga kirishdim. Rejamdagi barcha kitoblarni sotib oldim-u, multfilmga kelganda...

Do’kon sotuvchisi peshtoqning eng yuqorisidan joy olgan Disney malikalari haqidagi multfilmlarni tavsiya qila ketdi. “Sohibjamol va mahluq”, “Sinderella”, “Oppog’oy va yetti gnom”... Sanab sanog’iga yetmaysan kishi. Ammo nomlari qayd etilgan multfilmlar syujetidan yaxshi xabardor bo’lganim bois mittigina jiyanimning undagi turli-tuman sarguzashtlar-u qahramonlar o’rtasidagi sevgi-muhabbat sahnalarini tomosha qilib o’tirishini aslo tasavvur eta olmadim. Izlash jarayoni ko’p davom etdi, ammo hayxotday do’kon ichra bitta ham tuzukroq disk topa olmay ortga qaytdim.

Bugungi kunda oynai jahon orqali tomoshabinlar e’tiboriga havola etilayotgan ekran asarlari shu qadar serobki, payti kelsa nomini ham to’liq eslab qola olmaymiz. Ba’zan paydo bo’lib qoladigan pichoqqa ilinarli kinolarni hisobga olmaganda umri qisqa, 1-2 oy ichida faqatgina daromad maqsadida suratga olingan kinolarni ko’rishga allaqachon o’rganib qoldik. Buni qo’ya turaylik, biroq kelajakni barpo etuvchi, ertangi kun egalari deya e’tirof etiladigan bolajonlar uchun yot g’oyalar singdirilmagan, urush va muhabbat lavhalaridan holi biror multfilmni topib bo’lmay qoldi hisob. Hattoki jonivorlar hayoti haqida hikoya qiluvchi mult asarlarda ham bunday sahnalar yo’q deya olmaymiz. Ayrim qahramonlarning gap-so’zlari esa ikki soniya ichida insonni g’azab otiga mindiradi.

Zamon shiddat ila rivojlanmoqda, bolalar ham ertak eshitishdan ko’ra uni sahnalashtirilgan tarzda tomosha qilishni afzal bilishyapti. Bundan ota-onalar hursand, 1-2 soat bo’lsa-da jimgina o’tirgani ular uchun ma’qul-da. Ustiga ustak vaqt sarf etib, ertak o’qish, tugagach, bolakayning keti ko’rinmaydigan turfa savollariga javob izlash ham shart emas. O’zi ko’rib, o’zi tushunib o’tiraveradi.

To’g’ri, farzandi uchun yetarlicha vaqt ajratib, uning har bir hatti-harakatini sinchkov nigohidan qochirmaydigan ota-onalar ham oramizda talaygina. Ammo g’amxo’rlikning o’zi bolalarni yot g’oyalar changalidan saqlab qolish uchun kifoya emas.

Keling, buni birgina multfilm misolida muhokama qilamiz. Xorij telekanallarining birida “Simpsonlar” nomli multfilm namoyish etiladi. Yanglishmasam, bu “asar” bolalar uchun emas, har holda ekranning burchagida bir ko’rinish beradigan “16+” belgisi shundan darak bersa kerak. Ammo bolalar uchun mo’ljallangan telekanal orqali, multfilm shaklida efirga uzatilayotgan asarni bolalarga “Bu kichkinalar uchun emas ekan” deb ko’ring-chi, kerak bo’lsa siz bilan tortishadi. Uni tushunsa-ku bo’lar, chunki u hali bola, biroq multfilmni ishlab, efirga berayotganlar nahot bu haqida biroz fikr yuritishmasa. Balki ekran chetidagi belgi ular uchun himoya qalqoni vazifasini o’tar, ammo ota-onalar farzandim multfilm ko’ryapti deya o’z ishlari bilan mashg’ul bo’laversa, bolakay esa multfilm syujetidan mustahkam o’rin egallagan, ko’rganda ko’z uyaluvchi lavhalarni tomosha qilib, eshitganda kattalar ham yer chizib qoladigan so’zlarni eshitib o’tiraversa...



Biz tarixdan g’ururlanish, ajdodlarimiz nomini har yerda tilga olib, “Ana shunday insonlarning avlodimiz” deya viqor bilan so’zlashni benihoya xush ko’ramiz. Kichkintoylarga ham Navoiy, Ibn Sino, Beruniy, Bobur, Xorazmiy kabi allomalar avlodi ekanligini takror-takror uqtiramiz. Balki, kundalik yumushlardan birozgina tin olib, multfilm-u o’yinlarni bir chetga surib qo’yib, mittivoylarga ana shu allomalarning hayoti va ijodini qiziqarli tarzda, ertak shaklida so’zlab berish, o’zbek halq ertaklari bilan yaqindan tanishtirish vaqti yetib kelgandir. Albatta, buning uchun avvalo ota-onalarning o’zi tarix bilan yaxshi tanish, o’zbek ertaklarining haqiqiy bilimdoni bo’lishi kerak. “O’zimizning ertaklarni juda yaxshi bilaman” degan ota-onalar ularni faqatgina nomma-nom sanashning o’zidayoq o’ntaga ham yetkaza olmasalar ajab emas. Vaholanki, o’zbek xalq ertaklarining son-sanog’i chegara bilmaydi.

Zamon o’zgarayapti, yoshlar tizginingdan chiqib ketyapti deya barcha aybni zamonga to’nkashdan avval do’ppini yerga qo’yib, obdon mulohaza qilib ko’raylik. Ana shu yoshlarni bolalikdan kim tarbiya qilayapti? Bizmi? Uning ko’rayotgan multfilmlari, o’qiyotgan kitoblari, o’ynayotgan o’yinlari, boring-ki so’zlayotgan gaplarini tinglab, ko’rib, bilib turib, beparvolik qilayotgan ham o’zimiz emasmi? Tirikchilik, ro’zg’or tashvishi, uy yumushlari deb kitob o’qimay qo’ygan, faqatgina ko’rgan ko’rsatuvlarimiz-u kinolarimiz bilan cheklanib qolgan, buning natijasida bolaga ham kerakli ma’lumotlarni ajratib bera olmayotgan ham biz emasmizmi? Natijada, gapni ikki qilib, har tanbehga javob qaytarayotgan farzandlarga qaraganda zamonni ayblayotgan ham o’zimiz bo’lib qolyapmiz.

Yaxshiyamki, bizda uyat, or-nomus, andisha deb nom olgan, bir olam tilloga alishib bo’lmaydigan bebaho tushunchalar mavjud. O’zbek bolalari ham ana shu tushunchalar ta’siri ostida voyaga yetishadi. Halqimizning tarixi kechagina paydo bo’lgan emas, uning tub ildizlari buyuk allomalar, san’at arboblari, olim-u ulamolarga borib taqaladi. Biz kattalardan talab etilayotgani esa bolalarni to’g’ri yo’lga yo’naltirish, kerakli ma’lumotni uning qarshisiga havola etib, keraksizlarini ko’zdan nari qilish, chet tillari va fan bilan oshno tutinishi uchun ko’mak qo’lini cho’zish, uning asl naslini, o’zligini tanitishga yordam berish vazifalari, xolos, nazarimda. Nima deysiz, zamondosh?

Oydin ISMATULLAEVA

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hushyor bo’ling! Farzandingiz nimalarni tomosha qilayapti?