Bir kuni kechqurun O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasidan qo‘ng‘iroq qilishib, ertaga soat 9 da Sharof Rashidovning oldiga borishim kerakligini aytishdi. Aytilgan vaqtda qabulxonaga bo‘ldim. U yerda Farg‘ona viloyati Quva tumani partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Muso aka Sherbo‘tayev ham bor ekan. Ikkovlashib Sharof akani kuta boshladik. Devordagi soat 10 ga bong urishi bilan qabulxonaning oynadan yasalgan eshiklari lang ochilib, Sharof aka kirib keldi. Qo‘l berib salomlashdik.
U kishi birinchi bo‘lib:
– Kuttirib qo‘yganim uchun uzr so‘rayman. Kecha sizlarga telefon qilingandan keyin Siyosiy byurodan qo‘ng‘iroq bo‘lib, Moskvada nazoratda turgan qurilish ob’ektlari to‘g‘risida hisobotimni so‘rashdi. Men hozir shu ob’ektlarni ko‘rib kelyapman, – deb xonasi tomon qayrildi-da, bizni ichkariga kirishga taklif qildi.
Muso aka bilan bir-birimizga: «Siz kiring, yo‘q, siz kiring», – deb mulozamat qilib turganimizda Sharof aka ikkalamizni ham chaqirib qoldi.
Paxta yig‘im-terimi qizg‘in ketayotgan payt edi. Sharof aka ikkalamizga qarata shunday topshiriq berdi:
– Bilasizlar, aholini go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashda ancha qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Biz SSSR iste’molchilarining Butunittifoq uyushmasi (Potrebsoyuz) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda qoramol boshini ko‘paytirish va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy xususiy tadbirkorlarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan Butunittifoq yig‘ilishini o‘tkazishga qaror qildik. Bu sohada, Muso Sherbo‘tayevich, sizning tumaningizda ancha tajriba to‘plangan. Shu sababli tadbir Quvada o‘tadi. Barcha shart-sharoitlarni yaratish kerak bo‘ladi. Siz, Irismatjon, bu tadbirni «Vremya»da yoritsangiz. Hujjatlar tayyor bo‘lishi bilan sizlarga berishadi. Shunga bezovta qilgan edim. O‘zlaringda nima gap?
– Sharof aka, tushunarli. Barcha ishlarni taxt qilamiz. Agar boshqa topshiriq bo‘lmasa, men Farg‘onaga uchib ketayotgan edim, – dedi Muso aka va Sharof aka bilan iliq xayrlashib chiqib ketdi.
Shundan so‘ng Sharof aka menga yuzlandi:
– Xo‘sh, mullo Irismat, nima gap?
– Sharof aka, paxtakorlarning qurultoyidan reportaj tayyorlamoqchi edim. Shuni qurultoy o‘tadigan zaldan emas, biron-bir paxtachilik kolxozi yoki sovxozidan bugungi kun talablari asosida tayyorlab, qurultoyda bo‘ladigan gaplarni reportaj matnida aytib yuborsam degan niyatdaman. Qanday maslahat berasiz?
Aslida, gap ancha jiddiyroq edi. Andropov davlat boshiga kelgandan keyin Moskvaning O‘zbekistonga munosabati ancha o‘zgargandi. Men qanday taklif bilan chiqmayin, nima demayin, ular: «Nima, shundan boshqa O‘zbekistonda qiladigan ish qurib qolganmi? Majlis va yig‘ilish bayoni kerak emas. Sen uning o‘rniga biron-bir xo‘jalikdan yaxshi reportaj tayyorlab, shuning fonida aytadigan gaplaringni aytib yubor», – deyishmoqda edi. Men bularning Andropov atrofida Sharof Rashidovga qarshi qilinayotgan xurujlarning oqovalari ekanini yaxshi tushunar edim. Biroq, tabiiyki, bu gapni Sharof akaga ayta olmas edim. Sharof aka mening qiynalib gapirganimdan buni darrov payqadi, lekin u kishining ovozi ohangida hech qanday o‘zgarish sezilgani yo‘q.
– To‘g‘ri, qurultoydan reportaj berish shart emas, siz yaxshi bir xo‘jalikdan reportaj tayyorlang-da, matniga qurultoyda bo‘lgan gaplarni kiritib yuboring. Har holda, qurultoyda O‘zbekiston paxtakorlarining bu yilgi ish yakunlari, kelajak majburiyatlari qabul qilinadi. Faqat bir iltimos, reportajingizda: «Bu yil O‘zbekiston paxtakorlari vatanga 6 million tonna paxta yetkazib beradilar», – deb qo‘shib qo‘ysangiz bo‘ldi.
Yelkamdan tog‘ qulagandek bo‘ldi. Nozik masalani o‘zlari bilan hal qilib oldim. Bu bilan go‘yo Moskva bilan O‘zbekistonni murosaga keltirgandek kayfiyatda edim.
Voqeani qayta tiklash usuli
Qaysi bir yili bahorda O‘zbekiston dalalarida chigit ekilayotgan paytda tinmay surunkali yomg‘ir yog‘di. Qariyb barcha viloyat maydonlarida chigit chirib ketavergani bois, kun biroz isishi bilan paxta qayta-qayta ekilaverdi. Paxta o‘rniga boshqa ekin ekishga KPSS Markaziy Qo‘mitasi, SSSR Ministrlar Soveti, Davlat reja qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi ruxsat bermadi. Chunki paxta rejasi 6 million tonna qilib belgilangan edi.
Yomg‘ir yog‘ib turgan paytda tasvirga ham olib bo‘lmaydi. Kameralarimiz bunday iqlim sharoitida ishlashga mo‘ljallanmagan. Shunda televideniyeda uzoq yillardan buyon ishlaydigan, katta yoshdagi, malakali kinooperatorimiz, rahmatli Qo‘ysin aka Ro‘zimatov tasvirga olishning boshqa bir usulini taklif etdi. U kishi rayon o‘t o‘chirish komandasidan ikkita katta suv purkash mashinalariga buyurtma berdi. O‘zi rezinka etik, brezent plash kiyib, boshiga o‘t o‘chiruvchilarning yopinchig‘ini yopib oldi. Osmonni qora bulut qoplagan, yomg‘ir biroz to‘xtagan paytda dalada traktorlar ishlamoqda. Dehqonlar ham ketmonlari bilan egatlarda yurishibdi.
Hamma narsa tayyor bo‘lgandan keyin qo‘llarida katta bosimda suv purkaydigan qalin brezent shlanglarini ushlab turgan o‘t o‘chiruvchilar mayda yomg‘irdan tortib to jala, selgacha tashkil qilib berishdi... Buni ko‘rgan odam loy kechib yurgan o‘zbek dehqonining ahvoliga ich-ichidan achinishi shubhasiz edi. Bu usulimiz hayotdagiga qaraganda ham tabiiyroq chiqdi. Qo‘lida kamera bo‘lgan operator bu kadrlarni suv tomchilari tegmaydigan quruq joyda turib tasvirga tushirdi. Traktorlarning o‘txona trubalaridan chiqqan dud hammayoqni qoplab olgan, quyuq tutun - tuman bo‘lib ko‘rinar edi.
S’yomkani tomosha qilib turgan ziyolisifat bir yigit miyig‘ida istehzoli kulib:
– Axir bu qip-qizil ko‘zbo‘yamachilik-ku! – dedi.
Shunda Qo‘ysin aka jahl bilan unga gapira ketdi:
– Agar bilsang, mullo yigit bu ko‘zbo‘yamachilik emas. Haqiqiy ko‘zbo‘yamachilikni paxta yetishtirish muddati o‘tib ketganda ham, yomg‘ir, qor, jala yog‘ib turganda ham: «Chigitni ek, ekinga ishlov ber, defoliant sep, chekanka qil, hosilni ter, nima qilsang qil, lekin 6 million tonna paxta berasan», – deb turganlar qilishmoqda. O‘zimiz esa hamma yog‘imiz qichishib, sun’iy toladan to‘qilgan matodan ko‘ylak kiyib bo‘lsa ham tinch, osoyishta yuribmiz. Seni qara-yu...
Qo‘ysin aka jahlini bosib olgach atrofga ma’noli, ayni paytda, ozroq xavotiromuz holatda ko‘z yugurtirib chiqdi. Keyin esa:
– Bilmasangiz bilib qo‘ying, bu usul kinoda ilgari sodir bo‘lgan voqeani qayta tiklash usuli deb ataladi, – dedi-da, asbob-anjomlarini yig‘ishtira boshladi.
Bu tagdor, lekin tashqaridan qaraganda beozorgina ko‘ringan tanbehni eshitib turgan dehqonlar «qah-qah» urib kulib, gulduros qarsaklar chalib yuborishdi.
O‘sha yili chigit ekish kampaniyasi kech tugadi, ko‘chatlar kech unib chiqdi, ekin avvalgi yillarga qaraganda rivojlanishda ancha orqada qoldi. Qanchadan-qancha viloyat, tuman, xo‘jalik, brigada rahbarlari davlatga paxta topshirish rejasini bajara olmagani uchun ishdan olindi. Lekin kaltakning kattasi baribir oddiy dehqon boshida sindi. U shu yil yakunlari bo‘yicha davlat berishi kerak bo‘lgan daromaddan quruq qoldi. Bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari uchun sho‘ro davridagi 70 yilning odatdagi bir yili edi, xolos.
Sharof Rashidov bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi kichik bir lavhani hayotda ham xuddi shunday sodir bo‘lgan deb aytolmayman. Lekin unday bo‘lmagan deb qat’iy e’tiroz bildirish ham qo‘limdan kelmaydi. Shuni aytsalar kerak-da, aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi, deb.
Bu voqea bevosita jurnalistika sohasiga taalluqli bo‘lgani sababli, uni bayon etishni joiz topdim. Aytishlaricha, Sharof aka Brejnevning oldiga kirib ketayotganida qarshisidan Siyosiy byuro a’zosi, Markazqo‘m kotiblaridan biri chiqib qoladi. U Siyosiy byurodagi mavqesi bo‘yicha Sharof akadan bir pog‘ona yuqori rahbar edi. Markazqo‘m kotibi Sharof akaga: «Biz O‘zbekistonni paxta respublikasi deb yursak, O‘zbekiston televideniye respublikasi ham ekan», – deya kesatadi. Bunga javoban Sharof aka muloyimgina kulib qo‘yadi-da, keyin yana yo‘lida davom etadi.
KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy byurosining a’zosi tomonidan tashlangan bu kinoyali qochirim bizga yetib kelganda uni SSSR Davlat Teleradioqo‘mitasining O‘zbekistondagi televideniye jurnalistlariga berilgan eng yuksak bahosi deb e’tirof etdik. Chunki Kreml koridorlaridan biridagi bu uchrashuv keskin kontinental iqlimda joylashgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida qariyb har yili yuz berib turadigan tabiat injiqliklari to‘g‘risida «Vremya»da namoyish etilgan navbatdagi reportajimizdan keyin sodir bo‘lgan edi.
Aytishlaricha, ana shu reportajni ko‘rgan Brejnev O‘zbekistonda yuz bergan navbatdagi tabiiy ofat asoratlarini bartaraf etish uchun byudjetdan katta miqdorda mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan ekan.
Manba: Uza.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi