Mehmonali yaqin og‘aynisi Obidjon bilan birga xufton mahali bardan uyga qaytishardi. Ikkovlarining ham kayfi tarang, sigaretni ketma-ket tortib, gohi-gohida qaysidir qo‘shiqni baravariga xirgoyi qilib qo‘yishardi. Bir so‘z bilan aytganda, bardagi xursandchilikni katta ko‘chada davom ettirishardi.
— Oh, bir nozanin bo‘lsaydi hozir! — deb qoldi kutilmaganda Obidjon. — Shu tobda juda-juda aysh qilgim kelyapti-da!
Mehmonali yurishdan to‘xtab, og‘aynisiga bir muddat sirli boqib turdi-da, qo‘lini oldinga cho‘zdi.
— Hov anavi ko‘prikni ko‘ryapsanmi? — so‘radi Obidjondan.
— Ko‘rmay o‘libmanmi? Nimaydi?
— Hech shu ko‘prik ostiga kirganmisan?
— Yo‘q, kirmaganman.
— Eh, yurgan ekansan-da senam! Axir, kechalari u yerda hayot qaynaydi, Obid!
— Qanaqa hayot? Nima bo‘ladi?
— Nima bo‘ladi? Shaharning har chetidan manaman degan huriliqolar kelishadi. O‘sha yerda turib mijoz kutishadi.
— O‘, mana buni yangilik desa bo‘ladi! — dedi Obidjon jonlanib. — Arzonmi ishqilib?
— Ha endi… O‘ziga qarab-da!..
Obidjon shosha-pisha cho‘ntagiga qo‘l solib pullarini chamalab ko‘rdi-da, Mehmonaliga yuzlandi.
— Yigirma ming so‘m pulim borakan. Nima qilamiz? Boramizmi?
— Menga baribir.
— To‘xta, ularning joyi ham bormikan ishqilib?
— Joydan xavotir olma! Topamiz.
— Yur unda! Zo‘ridan tanlaylik-chi!..
* * *
Ko‘prik ostida yigirma chog‘li turli yoshdagi ayollar tizilib turishar, ba’zilari hali kelmagan mijozni «raqobatchi»lardan qizg‘anibmi, o‘zlarini sal chetroqqa olgancha ters o‘girilgan holda yulduz sanashardi.
Ayollar Mehmonali va Obidjonni ko‘rdi deguncha yugurib kelib ularni o‘rab olishdi.
— Ha, aka, ish bormidi? Qanaqa ish? — chug‘urlay ketdi ayollar. — Mabodo kir yuvish emasmi? Necha kishi kerak o‘zi?..
Mehmonali o‘zlarini mardikorga yo‘yayotgan suyuqoyoqlarga bir-bir qarab oldi-da, Obidjonga ma’noli qarab qo‘ydi.
— Nima balo? Bu yer mardikor bozormi? — sherigini turtdi Obidjon. — Boshqacha gapirganding-ku!
— Jinnimisan? — uni jerkib berdi Mehmonali. — Yosh bolaga o‘xshaysan-a! Bu yerda kunduz kunlari mardikor ayollar turishadi. Shuning uchun bular ham mardikorchilikni «niqob» qilib olishgan. Yo‘li shunaqa-da!
— Hm-m! — bosh irg‘ab suyuqoyoqlarni kuzatishda davom etdi Obidjon. — Menga qara, hov anavi yolg‘iz turganini qara! Ja zo‘r-ku-a?..
— Sariq kurtkacha kiyvolganmi?
— Xuddi o‘zi. Qara, oyoqlarini ko‘r sen! Eh!..
— Bo‘pti, yur, o‘shaminan gaplashamiz bo‘lmasa!
Mehmonali og‘aynisini ergashtirib yigirma besh yoshlar oralig‘idagi qizga yaqin bordi.
— Salom, yaxshi qiz! Qalaysiz?
Bu taxlit munosabatlarga ko‘nikib ketgan qiz u tomon o‘girildi-da, hazilomuz javob qaytardi.
— Siz so‘ragandan beri otdayman, barno yigit! Menda biror ishingiz bormidi?
— Albatta. — dedi Mehmonali sherigini turtib. — Bir aylantirib kelsakmi devdim!
— Qayoqda aylantirasiz? Bilsak bo‘ladimi?
— Ha endi… Kelishvolsak bilaverardingiz qayerdaligini.
— Xo‘p, qani, boshlang-chi!
— Narxingiz qancha?
Qiz yalt etib Mehmonalining ko‘zlariga boqdi. Uning ko‘zlari chaqnay boshlagandi. Yo‘q, bu jahd o‘ti emas, pul jazavasini eslatardi.
— Qancha bera olasiz? — atayin so‘radi qiz. — Ko‘nglingizga tugib qo‘yganingiz bordir, axir?
— O‘zingizdan eshitaylik. Undan keyin savdolashaveramiz.
— O‘n ming. — dedi qiz qat’iy ohangda. — O‘n mingdan bir tiyin ham kami yo‘q.
— Xo‘p, kelishdik. Ketdikmi?
— Joyingiz tayinmi o‘zi?
— Buyog‘ini menga qo‘yib beravering, jonidan! Sizni xafa qilib qo‘ymayman!
* * *
Taksi ularni to‘qqiz qavatli uy ro‘parasiga tashlab ketgach, Mehmonali yuqori qavatlarga yaxshilab razm soldi-da, Obidjonning yelkasiga qoqdi.
— Omadimiz bor ekan. — dedi kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Rinad aka uyida ekan.
— Kim u Rinad aka? — so‘radi Obidjon hayron bo‘lib. — Tanishingmi? Yaqin tanishmi o‘zi?
— E, u o‘zimizning zo‘r bratanlardan. «Mujik» odam. O‘ziniyam aysh-ishratga suyagi yo‘g‘roq.
— Unda… Birgina qiz kamlik qilmasmikan?
— Buyog‘idan xotirjam bo‘l. U bizning ulushga sherikchilik qilmaydi. O‘zining tochkalari yetarli.
— Bo‘pti, boshla unda! Qara, qo‘shnilari uyoqdan-buyoqqa o‘tib turishibdi. Tag‘in xitlanib qolishmasin.
Ko‘z ochib yumguncha kerakli kvartira eshigiga chiqishdi. Mehmonali suyuqoyoqqa bir ko‘z qisib qo‘ydi-da, eshikni taqillatdi. Zum o‘tmay eshik ochilib, ro‘parasida past bo‘yli, yumaloqdan kelgan, ko‘kko‘z erkak paydo bo‘ldi. Kayfi bormi, ko‘zlari xiyol qizarib qolgan va nuqul kavshanardi.
— E, senmiding, Misha? — Mehmonaliga qo‘l cho‘zish asnosida yonidagilarga qarab qo‘ydi Rinad aka. — Qaysi shamollar uchirdi, uka?
— Bilasiz-ku, — kulib javob qildi Mehmonali. — Sizni bir ko‘rgimiz keldi.
— Gapni aylantirma, bratishka! — dedi Rinad aka suyuqoyoqqa ishora qilib. — Aysh qilging kelib qolgan, xolos. Bo‘lmasa ming yildayam bir bosh suqib kirmaysan uyimga.
— Ja unchalik emas. — qizarib bosh egdi Mehmonali. — Mana, birga o‘tirib qittay-qittay qilaylik deb bir shisha tozasidanam olvolganman, aka.
— Xo‘p, kirlaring ichkariga! — «mehmon»larga yo‘l bo‘shatdi Rinad aka.
Kirishdi. Uy egasi oshxonadagi stol ustiga gazak, qadahlar keltirib qo‘ydi.
Bir-ikki qadahdan ichgan bo‘lishdi. Yigitlarning maqsadini, bezovtalanayotganini ko‘z qarashlaridan yaxshi anglab turgan Rinad aka dast o‘rnidan turdi.
— Endi gap bunday, — dedi vannaxonani ko‘rsatib. — Hov anavi xonaga kirasanlar. Faqat uzoq qolib ketmalaring!..
— Men kirmayman, — dedi Mehmonali. — Og‘aynimni xursand qilay degandim xolos. Mayli, bular kirib chiqaverishsin. Ungacha biz maydalab o‘tiramiz manavi zormandani.
— Og‘ayning oldindan joy haqiniyam to‘lab qo‘ysa yaxshi bo‘lardi. — vannaxonaga yo‘l olgan Obidjonni ko‘rsatib bosh chayqadi Rinad aka. — Har holda hisobli do‘st ayrilmas degan gaplar bor, uka!
— Gap yo‘q! O‘sha eski narxmi?
— O‘sha-da! Ortig‘ini boshimga uramanmi?..
Hisob-kitob qilingach, ular oshxonada qolishdi. Uyoq-buyoqdan gaplashib o‘tirishdi. Shu orada shishadagi ichkilikni ham bo‘shatib bo‘lishdi.
Mehmonalining kayfi shu qadar oshgandiki, kursida zo‘rg‘a chayqalib o‘tirar, birov sal turib yuborsa, ag‘darilib tushadigan holatga yetgandi.
Lekin Rinad aka unga e’tibor qilmasdi. Qayta-qayta cho‘ntagiga qo‘l solib Obidjondan olgan pulni tekshirib olardi.
Bir mahal eshik bezovta taqilladi. Kimlarningdir so‘kingani quloqqa chalindi.
— Kim bo‘ldi bemahalda eshigimni tepgan! — Rinad aka bo‘ralab so‘kingancha borib eshikni ochdi.
Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisida to‘rt nafar militsiya xodimi tayoq o‘ynatib turardi.
Ular uy egasiga ko‘zlari tushishi bilan unga tashlanib polga yuztuban yotqizishdi va qo‘llarini kishanlashdi. So‘ngra vannaxonaga chopishdi…
ESLATMA:
Nahs baribir teshib chiqadi deyishadi-ku! Xudo qo‘shmachining jazosini berdi. Ilgari ham qo‘shmachiligi tufayli bir necha ogohlantirishlardan kerakli xulosa chiqarib olmagan Rinad aka sud hukmi bilan ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)