Samarqand viloyatida yana tabiatni avaylamaslik bilan bog‘liq noxush holat qayd etildi. Pastdarg‘om tumanida ikki fuqaro noqonuniy ravishda Zarafshon qirg‘ovullarini ovlagani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pastdarg‘om tumani “Turkman” mahallasida yashovchi fuqarolar S.T. va Z.N. Nurobod tumani “Yuksalish” mahallasi hududiga borib, qonun bilan himoya qilinadigan 7 ta yovvoyi Zarafshon qirg‘ovulini ovlagan.
Tekshiruv davomida ularning bu harakati faol muhofaza etiladigan turlarga nisbatan jinoyat deb topildi. Chunki Zarafshon qirg‘ovuli O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan, ya’ni u kamyob tur sifatida muhofaza qilinadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu turning soni so‘nggi yillarda biroz ko‘paygan bo‘lsa-da, uni himoya qilish choralari hali ham muhim ahamiyatga ega.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy ov natijasida hayvonot dunyosiga yetkazilgan iqtisodiy zarar 288 million 400 ming so‘mni tashkil etgan. Hozirda hodisa bo‘yicha to‘plangan materiallar Samarqand viloyat prokuraturasiga yuborilib, huquqiy baho berish va tegishli jazo choralarini ko‘rish ishlari boshlangan.
Ekologlar ta’kidlashicha, tabiatdagi har bir jonzotning ekotizimda o‘z o‘rni bor. Bir turning yo‘qolishi yoki soni kamayishi butun biologik muvozanatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababdan ham bunday huquqbuzarliklar nafaqat moliyaviy, balki ekologiyaviy talafot deb baholanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!