date

Xizmat xonasida narkolaboratoriya ochgan profilaktika inspektori fosh etildi

Xizmat xonasida narkolaboratoriya ochgan profilaktika inspektori fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi yo‘naltirilgan tezkor tadbir Toshkent shahrida o‘tkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oldindan kuzatuvga olingan Toshkent shahar Olmazor tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorining xizmat xonasi tekshirildi. Tekshiruv jarayonida u yerda haqiqiy narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlandi.

Tezkor chora natijasida o‘rami bilan jami 10 kilogramm 500 gramm “Alfa-PVP” va 4 gramm “Spays” turidagi sintetik moddalar, shuningdek, ularni tayyorlash uchun mo‘ljallangan 588 gramm suyuqlik, asbob-uskunalar hamda elektron tarozi aniqlanib, dalil sifatida olindi.

Bundan tashqari, profilaktika inspektorining Toshkent viloyatidagi doimiy yashash manzili ham ko‘zdan kechirildi. Uning hovlisida yerga ko‘milgan holda 430 gramm atrofidagi “Alfa-PVP” moddasi topildi.

Tergov materiallariga ko‘ra, ichki ishlar xodimi “Telegram” messenjeri orqali faoliyat yurituvchi noqonuniy narkokanal bilan bog‘langan. U chet eldan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan sintetik moddalarni qabul qilib, yashirin laboratoriya sharoitida tayyorlagan va tarqatish bilan shug‘ullangan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi hamda 25,273-moddasi 5-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, DXXning Toshkent viloyati boshqarmasi Angren shahar ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan yana bir operatsiyada ham giyohvand moddalar tarqatuvchilari faoliyatiga chek qo‘yildi.

Angren shahrida istiqomat qiluvchi 25 yoshli shaxs o‘zining jinoyiy sherigidan 971 gramm “Katinon” sintetik narkotigini qabul qilib olgan paytda qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, u ilgari ham giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan bo‘lib, moddani “zakladka” usulida tarqatish orqali daromad olishni rejalashtirgan.

Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tafsilotlarga ko‘ra, gumondorlar 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, ichki ishlar tizimidagi bunday holatlar faqat shaxsiy javobgarlik emas, balki umumiy tizimdagi intizomni kuchaytirish zarurligini ham ko‘rsatadi. Bu holat davlat idoralaridagi nazorat va sinov jarayonlarini yanada qat’iylashtirishni talab qiladi.

Bunday misollar, shubhasiz, giyohvandlikka qarshi kurashning faqat aholiga emas, balki tizimning o‘zidan boshlanishi kerakligini yaqqol namoyon etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xizmat xonasida narkolaboratoriya ochgan profilaktika inspektori fosh etildi