13:02 / 03.02.2018
4 464

Qora kursi vasvasasi...

Qora kursi vasvasasi...
Uning deyarli har kuni shunday boshlanadi. Tunda yaxshi uxlamaganidan tongda ko‘zlari qizarib uyg‘onadi. Avvallari ertalabki badantarbiya qilish uchun maydon bo‘ylab yugurar, mashq qilar, so‘ngra biroz ochiq havoda aylanardi. Endi esa mashq qilishga vaqt yo‘q. Yuz-qo‘lini nari-beri yuvib, choyini apil-tapil ichib, mashinasiga o‘tiradi-da, ishxonaga shoshiladi. Hatto egnidagi kiyimlarini ham xotinining hayhaylashi sabab almashtiradi. Uni hadeb ishga tortadigan, es-hushini egallab olgan nimadir bor edi. U faqat ishxonaga yetib kelganida qaddini rostlab, mashinaga o‘rnashadi.

Nazoratchilar darvozani ochishga chog‘langanida ularga yovqarash qilib qo‘yadi. U bunday qarashini o‘zicha burgut qarash deb baholaydi. Mashinadan tushadi-da, qo‘llarini ikki yonga biroz yozib, katta-katta qadamlar bilan zinalar bo‘ylab ko‘tariladi. Duch kelganlarga boshini xiyol engashtirib salomlashgandek bo‘ladi-da, uchinchi qavatga chiqadi. U eshik oldida to‘xtaydi. Eshikka qoqilgan bir bo‘lak taxtachada uning ism-sharifi yozilgan. Bu ism yonidagi «direktor» so‘zini har kuni bir necha bor o‘qib, qanotini keng yozib, ko‘nglida faxr va iftixor hissini tuyadi.

To‘rdagi qop-qora stulga nazar tashlab, bir entikadi. Xonaning darpardalari deyarli ochilmaydi. Burchaklariga hasharotchalar no‘xatdek oppoq inchalar yasab, bir-birining uyiga tinmay mehmon bo‘lishadi. Suvarak va qora chigirtkalar do‘st-inoq bo‘lib, bir-biriga yo‘l berishib, xonaning to‘rt burchida aylanishadi. So‘ngra shkaf, stol va qaysidir stul tagidan panoh topishadi. Xonadan qandaydir nam havo anqiydi. Ammo u shu xonaga kirsagina chuqur nafas olib, xuddi musaffo tog‘ havosini simirayotgandek bo‘ladi. Ayniqsa, qop-qora, joyida aylanib harakatlanadigan bu stul uning uchun Amir Olimxon taxtidan ham buyukroq. Undan boshqa bu xonaga kotiba qadam ranjida qiladi.

Sababi, qandaydir qog‘ozlarga imzo chektirish, kelgan xatlarni topshirish, ularga javob yozish, bo‘lim mudirlarini chaqirish yoki xodimlarga majlis uyushtirish uning zimmasida. Yig‘ilish faqat majlislar zalida bo‘lib o‘tardi. Hatto o‘rinbosar bilan ham biror bir masalada kengashmoqchi bo‘lsa, majlislar zaliga chaqirtirardi. U o‘rinbosarining bu xonaga kirishini istamaydi. Ish bilan kirgan o‘rinbosari shu qop-qora kursiga lo‘q etib qarayotgandek bo‘ladi. Shunda direktor o‘rnidan sakrab turadi va o‘rinbosarini yelkasidan tutib, zalga yetaklaydi. Shu lahza xona eshigiga qulf solinadi. Kechgacha bu eshik ochilmaydi. Ish vaqti tugab, binoni xodimlar tark etganida, u xonasiga tashrif buyuradi. Har doimgidek shu qop-qora kursiga o‘rnashadi.

So‘nggi paytlar bu stulga ozor berib qo‘yayotgandek unga ko‘p o‘tirmayapti. Yonidagi boshqa stulga o‘rnashib oladi-da, qop-qora stul bilan uzoq suhbatlashadi. «Haqiqatan ham, sen juda chiroylisan, seni ko‘rgim kelaveradi, sen tomon yo‘nalsam, yuragim o‘z-o‘zidan orziqib ketaveradi. Seni qanchalik yaxshi ko‘rishimni bilsang edi», deya o‘rnidan turib, charm tortilgan kresloga bir necha bor lablarini bosadi. Odatdagidek, vaqt allamahal bo‘lganida uning telefoni jiringlaydi.

— Haliyam ishxonadamisiz, dadasi yo kelyapsizmi? — xotinining chiyildoq ovozi jaranglaydi.

— Ha, ha, boryapman. Yo‘ldaman, — deya xonani tark etishga taraddudlanadi u.

— Indamasam, o‘sha ishxonangizda yotib qolasiz, a, dadasi? Sizda ham ro‘zg‘or, bola-chaqa bor. Sizga nimadir bo‘lyapti. Do‘xtirga borishingiz kerak. Hamma narsamiz yetarli bo‘lsa, farzandlarimiz o‘z yo‘lini topgan. Birgina kenjamiz bo‘lsa, uni uylashga yiqqanimiz bor-ku, — deya ayoli kuyunib so‘zlaydi.

Uning deyarli har kuni shunday yakun topadi.

Bir tun telefon qattiq jiringladi. Ayoli go‘shakni ko‘tarib, biroz gaplashdi-da, erini chaqirdi. Uyqusi bo‘linganidan norozi holatda eriga go‘shakni berib, xomush tortib, o‘rniga cho‘zildi. Telefonda korxona qorovulining ovozi yangradi.

— Kozim Kozimovich, binoga o‘t ketdi. To‘g‘rirog‘i, sizning xonangiz yonmoqda.

— Qanaqasiga?! — uning ovozi titradi. — Axir u xona yopiq edi! Qanday o‘t ketadi?! Hech narsa tokka ulanmagan bo‘lsa!

— Bilmadim. Eshikni buzib, ichkariga kirsak, qop-qora kursi ustida ko‘p hasharotlar g‘uj-g‘uj bo‘lib yonmoqda. Tilla qo‘ng‘izlar, yana allambalo qurt-qumursqalar. Yonuvchan hasharot bo‘lsa kerak, deya taxmin qilyapmiz.

— O‘chiringlar! Kursini saqlab qolinglar!

Shu lahza bu so‘zlar boshqa odam tilidan havoda aks sado berardi. U chap ko‘ksini changallagancha yerga «gurs» etib yiqildi. Ko‘z o‘ngida lovullab yonayotgan qop-qora charm tortilgan kursi gavdalandi.

Ko‘p o‘tmay uning ruhimi, o‘zimi, ishxonada paydo bo‘ldi. Uchib uchinchi qavatga ko‘tarildi. Xona eshigi bor bo‘yicha ochilgan. Xizmatchilar o‘rtadagi bir uyum kulga tikilib turishardi. Direktorning kelganini ko‘rgan xodimlar unga yo‘l berishdi. Hamma jim, birgina kotiba bidirlardi. Chunki u rahbariga erkin gapira olardi-da.

— Shu desangiz, Kozim Kozimovich, shunaqa alomat yong‘in bo‘ldiki, asti qo‘yaverasiz. Tavba, xonada shuncha jihoz bo‘la turib, aynan mana shu kursi yonadimi, hayronmiz, yog‘langan bo‘lsa kerak, Kozim Kozimovich.

Direktor o‘rtaga o‘tib, bir uyum kulni kaftiga olib, yuziga bosib shunaqangi ho‘ngrab yig‘ladiki, bundan o‘rinbosar, bo‘lim mudirlari va xizmatchilar hayratdan dong qotishdi.

— Dadasi, dadasi, meni qo‘rqityapsiz, — deya uni uyg‘otdi xotini. — Sizga nima bo‘ldi? «Seni o‘ldirishdi, sening o‘rningda men yonib kulga aylansam bo‘lmasmidi?» deya qattiq yig‘ladingiz. Shu bugunoq dami o‘tkir domla olib kelib, sizni o‘qitaman. Bunga ortiq chidash qiyin.

O‘sha kuni bir yil davomida ro‘y bermagan holat yuz berdi. U birinchi marta ishga bir soat kechikib bordi. Hafsalasiz xonasiga ko‘tarilar ekan, eshik yonida qirg‘iy burun, burgut ko‘z bir yigit qo‘lida papka ko‘targan holatda qarshi oldi.

— Assalomu alaykum, Kozim Kozimovich. Naq bir soatdan buyon sizni kutib o‘tiribman. Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? Kotiba direktor bo‘lganingizdan buyon birinchi marta kech qolayotganingizni bir necha bor ta’kidladi.

— Ha, biroz tobim qochdi, — deya javobni qisqa qildi u.

Yigit iltifotsiz xonaga kirib, qo‘lidagilarni stol ustiga qo‘ya turib, izoh bergandek bo‘ldi. Ishga kirish uchun hujjatlar. Keyin kattaroq kompaniya nomini tilga olib, u yerda ishlaganini beparvo gapirdi.

Direktor qop-qora kursiga o‘ng‘aysiz o‘rnasharkan, kechagi tush ta’sirimi, stul bir uyum kulga aylanayotgandek bo‘ldi. Keyin yomon xayollarni quvish uchun chuqur nafas oldi. «Xayriyat, stulda hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi», deya hujjatlarni ko‘zdan kechirarkan, butun tanasini hasharotlar o‘rab olib, harakatlanayotgandek tuyuldi. U o‘rnidan sakrab turdi-da, mehmonning ro‘parasidagi stulga joylashdi. Mehmon xonaga qanday iltifotsiz kirgan bo‘lsa, shunday bemalol xonani aylanib yurardi.

— Kozim Kozimovich, hozir yoz bo‘lsa, darpardani ko‘tarib, derazalarni ochish kerak. Xonaga toza havo kirsin.

U ruxsatsiz derazalarni ochdi. Farroshni chaqirib, xonani obdan shamollatish kerakligini aytarkan, «Darvoqe, Kozim Kozimovich, bugun ikkalamiz biroz ishlaymiz. Menda yangi loyihalar bor, birgalashib ko‘rib chiqamiz», deya qo‘shib qo‘ydi. Uning hayotida o‘sha kun o‘zgarish bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay xotini «Yaxshi domla topib, sizni o‘qitmasak bo‘lmaydi», degan gapni aytmay qo‘ydi.
Samiya AQIYeVA

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qora kursi vasvasasi...