14:55 / 13.02.2018
3 860

O‘zbekistonda turizm metrodan boshlanmaydi yoxud maydalashayotgan jurnalistlarga ochiq xat

O‘zbekistonda turizm metrodan boshlanmaydi yoxud maydalashayotgan jurnalistlarga ochiq xat
Turizm – bu so‘nggi bir yil ichida eng ko‘p gapirilayotgan, O‘zbekistonni rivojlantirishning birlamchi samarali yo‘li sifatida belgilangan sohalardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev turizm mamlakat iqtisodiyoti uchun g‘oyat muhim soha ekanini takrorlar ekan, kun kelib paxta ekish va terish uchun sarflanadigan vaqt, ish kuchidan, mablag‘dan bemalol kechish mumkinligini urg‘ulagandi.

Bugungacha davlat rahbari tomonidan turizm, jumladan ichki turizm sohasini rivojlantirish, sayyohlik oqimini kengaytirish borasida bir qator farmon va qarorlarga imzo chekildi. Buning samarasi o‘laroq, sayyohlarga yetarli shart-sharoit yaratish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

O‘z-o‘zidan ma’lum, islohotlarni xalqqa yetkazishda OAVning o‘rni beqiyos. Turizm sohasi uchun OAV suv va havodek zarur. Gap faqat mahalliy sayyohlar haqida emas, xorijliklarning O‘zbekistonga kelishi ustida borarkan, sayyohlarga ko‘rsatiladigan hurmat, mulozamat, mehmondo‘stlikni, boringki, cheklovlarsiz harakatlar haqidagi yangiliklarni yetkazib berishda OAVga, jurnalistlarga katta yuk tushadi. Xo‘sh, biz bunga tayyormizmi?

Bu maqolani yozishdan avval uzoq o‘yladim, hamkasblarimizning jig‘iga tegishni, kimningdir dumini nogahon bosib qo‘yishni istamasdim-u biroq gapirmasam ham bo‘lmaydiganga o‘xshab tuyuldi.

Bu maqolaning yozilishiga Toshkentdagi nufuzli mehmonxonalardan birida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov bilan jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan “press-qahva” uslubidagi ochiq muloqot sabab bo‘ldi.

Bo‘yinbog‘siz muloqot nima? U jurnalistga, jurnalist unga nima beradi?
Bo‘yinbog‘siz muloqotda (tashkilotchilar tadbirning norasmiyligini ta’kidlash uchun shunday ishtiboh qo‘llashdi) Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan turizm sohasiga oid farmon va qaror muhokama qilinishi kerak edi. Ya’ni, asosiy e’tibor jurnalistlarning falon TV, radio, gazeta yoki internet-nashr orqali tezkor xabar tarqatishiga emas, ushbu farmon va qaror mazmun-mohiyatini avvalo o‘zi tushunib, so‘ng tahliliy maqolalar yozishiga, bu yo‘nalishdagi faoliyatini ma’lum bir tadbir bilan bog‘lamay, davomiy olib borishiga qaratilgandi.

O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas. Doimgidek hamkasblarimizning 90 foizi tinglovchi, yana 5 foizi savol berib, javob oluvchilik roliga kirishib ketdi.

To‘rt soat davom etgan yig‘ilishning yarmi Aziz Abduhakimov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va “Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini sharhlash bilan o‘tdi. To‘g‘ri, buyam kerak. Biroq professional, sohani yaxshi tushungan va kim bilan uchrashuvga kelayotganini anglagan OAV xodimlari uchun sharh unchalik qiziq emasdi. Har holda menga shunday tuyuldi.

Islohotlardan xabardormisiz, hamkasb?!
Jurnalist – davlat va jamiyatni bog‘lab turuvchi katta ko‘prik. Demakki, u faqat tadbirlarning yorituvchisi, axborot yetkazuvchi bo‘lib qolmay, jamoatchilik fikrini umumlashtirib, yangi g‘oya berishi, odamlarning munosabatini o‘z fikr-mulohazalarida, qo‘yingki, maqola, lavhalarida aks ettirishi kerak. Afsuski, muammo ham shunda-da. Bugun jurnalistlarning ko‘plar xabarchiga aylanib qolgan. Keling, shu o‘rinda ayrim jurnalistlarimiz tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga nazar tashlaylik.

Birinchidan, o‘zi ishtirok etayotgan tadbir, unda qatnashayotgan rasmiylar haqida ma’lumotga ega bo‘lmaslik;

Ikkinchidan, sohani, unda olib borilayotgan islohotlarni, kechagi, bugungi va kelajakda xavf tug‘dirayotgan muammolarni tahlil qilmaslik;

Uchinchidan, jamoatchilik fikrini o‘rganmay, mas’ullarga uni xoh savol, xoh taklif ko‘rinishida yetkazmaslik;

To‘rtinchidan, islohotlarning odamlar hayotiga ta’siri, qonun va qonunosti hujjatlarining qanday ishlayotgani, biror qahramon misolida tashkilotlar faoliyatini baholamaslik;

Beshinchidan, mas’ullarga vakolatiga kirmaydigan ishlar yoki o‘z yo‘nalishiga doir bo‘lmagan savollar bilan murojaat qilish.

Yuqorida sanalganlarni kasb qoidasiga aylantirgan ayrim “jurnalist”larimizning fikrini siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlar davrida jiddiy qabul qilish, ular bilan fikrlashish, bahsga kirishish, tanqidini o‘rinli sanash mumkinmi? Bu savolga javob topishga qiynalishimiz, tabiiy.

Yana uchrashuvga qaytsak. Yig‘ilishda jurnalistlar Maqsad Jangirov, Elmira Tuxvatulina ajoyib takliflar va savollarni o‘rtaga tashladi.

Maqsad Jangirov bugun O‘zbekiston turizm salohiyatini ko‘tarish gidlarsiz bo‘lmasligiga alohida to‘xtalib, mazkur masaladagi muammolar qachon yechilishini so‘rab qo‘mita raisiga murojaat qildi. Ko‘pchilik jurnalistlarning xayoliga ham kelmagan ushbu masala sohada katta muammoga aylanib ulgurgan. Rais esa ham til, ham tarixni biladigan gidlar yo‘qligini aytdi, Jangirovning savoli keyingi soatlarda ham muhokama maydonining asosiy mavzusi bo‘lib qoldi.

O‘zbekistonda turizm metrodan boshlanadimi?
Yuqorida jurnalistlarning kimga qanday savol bilan murojaat qilayotganini fahmlamasligini qoralab o‘tgandim. Haqiqatan ham shunday. Yig‘ilishda jurnalistlardan biri ikki daqiqa avval gapirib o‘tilgan masala haqida qaytadan savol bersa, ikkinchisi “endi metroda ham suratga tushish mumkinmi”, deya murojaat qildi. Bu Aziz Abduhakimov tomonidan savolga berilgan javob 10-15 daqiqa o‘tar-o‘tmas internet saytlarida shov-shuvga aylandi. Qani aytingchi, shumi jurnalistika?

Ayrim hamkasblarimizga hayronsan, yurtning, xalqning kelgusi taqdirini shak-shubhasiz, o‘zgartirib yuborishga qodir islohotlar haqida gap ketayotgan bir paytda azbaroyi reyting yig‘ish dardida allaqanday mayda detallarni ommaviy axborot vositalarining kun mavzusiga aylantirish ustida “javlon” urayotganini professionallik deb bo‘ladimi?

Keyingi jurnalistning bildirgan taklifi undan ham o‘tib tushdi: restoranlarimizda ofitsiantlar “fleshmob”lar tayyorlab, o‘zbek maqom qo‘shiqlarini aytsin... Albatta, hammaning fikrini hurmat qilamiz, lekin masalaga ko‘zni kattaroq ochib qarash vaqti kelmadimikin?!

Sayyohga sharoit, tunashiga mehmonxona, ovqatlanishiga tuzuk-quruq restoran bo‘lmasa, ko‘cha-ko‘yda hojatxona topilmasa, metro restoran va otel o‘rniga o‘tadimi? Yoki ofitsiantlarimizni tuzukroq xizmat qilishga o‘rgata olmayapmizu endi ularni konservatoriyada ham o‘qitishimiz kerakmi? Qachongacha shu zaylda o‘ylaymiz?! Tasavvur qiling, yetarli sharoit bo‘lmasa qaysi sayyoh shundan shunga O‘zbekistonga kelib metroda rasmga tushib, ortiga qaytib ketadi. Yo bugungacha sayyohlar metromizda suratga tushib bo‘lmasligidan, ofitsiantlarimiz maqom aytishni bilmasligidan shikoyat qilganmidi? Hamkasblar, dunyoqarashimiz qachon kengayadi?!

O‘sha kuni qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov jurnalistning savolidan qochmadi, metroda ham suratga tushish mumkin, degan javob qaytardi. Garchi xavfsizlik masalalari nuqtai nazaridan bunga ruxsat berish uning vakolatiga kirmasa ham. Aslida jurnalist kimga nima savol berishni bilmagandan keyin boshqalarni ayblashga beting chidamaydi.

Shu o‘rinda masalaga sirtdan emas, balki ichkaridan nazar tashlasak. Bugun professional jurnalistika tobora yo‘qolib boryapti. Jurnalist masalaning asl mohiyati qolib, uning atrofidagi mayda narsalarga o‘ralashib yurgani ham sizu biz har kuni kuzatib, guvohi bo‘lib turgan haqiqat. Xo‘sh, tadbirga borishdan maqsad nima: mutasaddini savolga tutib, yechimini topmayotgan masalalarga e’tiborini qaratish, OAVning bu sohadagi pozitsiyasini ko‘rsatishmi yo uning og‘zidan chiqqanini bus-butunligicha qog‘ozga tushirishmi?

Ziyorat turizmi, madaniy turizm, tibbiyot turizmi... O‘zbekistonni yo‘qlab kelishga vajlar juda ko‘p, hatto, jurnalistlarning o‘zi borib ko‘rmagan joylar, eshitmagan sihatgohlari, Niagara sharsharasini ham ortda qoldiradigan tabiat go‘zalliklari jo bo‘lgan maskanlari bor O‘zbekistonning. Ammo biz bilganimiz Registon maydoni, Hazrati Imom majmuasi, Oqsaroy... Bo‘ldi! Na Nukusdagi Savitskiy muzeyini bilamiz va na Shayx Muxtor Valiy maqbarasini...

Bunda ayrim sabablar borki, jurnalistlarni ham ayblashga tiling bormaydi. Sayohatga chiqayotgan odamning qo‘lida yuk sumkasidan tashqari, cho‘ntagida puli ham bo‘lsinki, sazoyi bo‘lmasin. Gazetalarda 600 ming, boring ana 2 million oylik olayotgan jurnalist O‘zbekiston bo‘ylab oyiga bir marta sayohatga chiqsa ham bir o‘ziga kamida 400-500 ming so‘mning boshini yeb qaytadi. Shundan shunga viloyatga borgan jurnalist quruq qo‘l bilan qaytgisi kelmaydi, 5-6 diqqatga sazovor joyda bo‘lishi kerak, bir kecha qolib sayyohlarga yaratilgan sharoit bilan tanishi kerak. Bular tekinga bo‘larmidi...

Jurnalistning turizmni rivojlantirishdagi o‘rniga yuqorida bejiz to‘xtalganim yo‘q. OAV va turizm bir-biriga o‘ta yaqin sohalar. Jurnalistning esa sohani yaxshi tushunishi uchun ixtisoslashuvi ham katta ahamiyatga ega. Agar biz turizm sohasini rivojlantirishni istarkanmiz, Elmira Tuxvatulina singari sanoqli ixtisoslashgan jurnalistlar bilan kerakli natijaga erisha olmaymiz. Aksincha, sohani ipidan-ignasigacha biladigan, qaysi obidaning qaysi burchagida qanday tasvir borligini yoddan ayta oladigan jurnalist kadrlar kerak sohaga. Zarurat tug‘ilyaptimi, demak, ayni shu ixtisoslik bo‘yicha jurnalistlar tayyorlash uchun qayta tayyorlash markazlariga buyurtmalar berish, sohaga kamida 30 nafar ixtisoslashgan jurnalistlarni qamrab olish kerak.

Yana bir usul...
Shu kunlarda turizmni rivojlantirish borasida Turkiya O‘zbekistonga o‘rnak qilib ko‘rsatilmoqda. Turkiyalik mutaxassis Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga o‘rinbosar ham bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, Turkiyada o‘rnatilgan tartibga to‘xtalsak. O‘tgan yili 3 marta Turkiyaning Istanbul, Anqara, Shonli Urfa, G‘aziantep, Qahramonmarash, shaharlarida bo‘ldik. Har bir shaharning o‘ziga yarasha chiroyi bor. Har birida sayyohlarga nisbatan alohida iltifot, alohida hurmatni ko‘rdik. Istanbulga borganlar, xususan sayyohlik maqsadida borganlarning ko‘plari Sulton Ahmad masjidiga kirmay ketmaydi. Masjidning qarshisida Vizantiya imperiyasi tomonidan barpo etilgan, keyinroq Usmoniylar davrida bosib olingan obida bor. Vizantiya imperiyasi davridagi cherkov, Usmoniylar qo‘liga o‘tgach, masjid bo‘lgan ushbu bino hozir sayohatchilar eng ko‘p tashrif buyuradigan maqbaralardan biridir.

Ayasofya deb nom olgan mazkur obidaga kirish uchun navbatda turganlar juda ko‘p. Ziyorat bahosi Turkiya fuqarolari uchun 40 turk lirasi (10 dollar) chet elliklar uchun 80 turk lirasi (20 dollar). Biz bepul kirdik. Qanday qilib deysizmi? Jurnalist, OAV xodimi ekanimizni tasdiqlovchi “PRESS-CARD”imiz ish berdi. Mamlakatda tarixiy obidalar, muzeylar, ko‘plab diqqatga sazovor joylarga kirish, jurnalistlar va OAV xodimlari uchun bepul etib belgilangan. Xo‘sh, O‘zbekistondagi qaysi muzeyga va obidalarga jurnalistlar bepul kirishi mumkin? Umuman, biror obidadan reportaj tayyorlayman, degan jurnalistga sharoit yaratib beriladimi? Turkiya o‘rnatgan tizim hatto biz, o‘zbekistonlik jurnalistlar faoliyatida ham o‘zini oqladi. Bir necha maqbaralarda bepul ziyoratda bo‘lib, olam-olam taassurotlar bilan chiqdik. Maqolalarimizda esa bu haqda yozyapmiz, kimningdir Turkiyaga borish istagi tug‘ilishiga sababchi bo‘lyapmiz. Mana shuning o‘zi eng arzon va samarali reklama emasmi? Turkiyaning turizmni rivojlantirish, yanada tushunarli qilib aytganda, o‘zini piar qilishda tutgan samarali usuli bu. Qiziq, O‘zbekistonda qachon bu usul qo‘llanilarkin? Agar bunday imkoniyat nafaqat o‘zbekistonlik jurnalistlar, balki xorijiy OAV xodimlariga ham yaratib berilsa, yaqin o‘rtada xorijiy OAVda O‘zbekistondagi diqqatga sazovor joylar haqidagi maqola va lavhalar soni ortishi tayin.

Xulosa o‘rnida qo‘mita rahbariyatiga atalgan takliflarim ham bor: odatda reklamaning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi, “qora piar” ham – “piar”. Qo‘mita ham bugungi o‘zgarishlar, faoliyati doirasida ko‘proq hamkorlar orttirish davrida faqat o‘zi bilgan va sun’iy yo‘l bilan o‘quvchilari orttirilganlar bilan emas, kerak bo‘lsa, chekka-chekka hududlardagi OAV, jurnalistlar bilan muloqotni kengaytirsa, OAVning xalq orasida tutgan mavqeiga ijtimoiy tarmoqdagi o‘quvchilari soniga qarab baho bermasa, yaxshi bo‘lardi. Zotan, muhimi – “piar”, muhimi – siz haqingizda gapirishayotgani emasmi?!
Qamariddin Shayxov,
nashr rahbari, jurnalist

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda turizm metrodan boshlanmaydi yoxud maydalashayotgan jurnalistlarga ochiq xat