
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida infuzion dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatdagi yetakchi korxonalardan biri sanalgan, qiymati 30 million dollarlik River Med Pharm korxonasi faoliyati bilan tanishdi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning taxminan 20 foizi shu yerda tayyorlanmoqda.

Mazkur korxonada bemor hayoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan infuzion eritmalar mutlaq steril sharoitda, yuqori aniqlik va xalqaro standartlarga to‘liq mos holda ishlab chiqariladi. Korxona yiliga 70 turdagi, umumiy 114 million dona dori vositalarini ishlab chiqarmoqda, ularning 20 foizi eksport qilinayotgani korxonaning xalqaro raqobatbardoshligini ko‘rsatadi.

Noyabr oyida loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengaytirildi. Endi korxona yiliga 30 million dona infuzion eritmalar, 70 million donadan ortiq quruq antibiotiklar va qariyb 20 million dona ko‘z-burun tomchilari ishlab chiqaradi.

Davlat rahbariga korxonaning kelgusi rejalari — mahsulot turlarini 200 xilga yetkazish, shisha va plastik idishlardagi inyeksiya uchun eritmalar, shuningdek, yangi turdagi tabletka va kapsulalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ish o‘rinlari sonini mingtaga yetkazish rejasi haqida ham ma’lumot berildi.

Prezident Mirziyoyev shu yerda viloyat faollari va nuroniylar bilan muloqot qilib, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, yoshlar tarbiyasi va hudud kelajagiga oid muhim masalalar yuzasidan fikr almashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.