Yaqinda viloyatlarimizning birida joylashgan kichkina shaharchadagi har jihatdan faol, jinoyatlarsiz, oilaviy ajralishlarsiz hayotga intilayotgan faol bir mahallada yoshgina kelinchakning erini jahllantirgan, “Bu ayol bilan endi yashamayman” degan qarorga keltirgan qilmishi tahlil qilindi. Bu voqeada juda ko‘p er-xotinlar o‘ylab ko‘rsa bo‘ladigan nuqtalar bo‘lgani uchun o‘quvchilar hukmiga havola qilishni lozim topdik.
Yigitning hikoyasi
Men ota-onamning tanlovi bilan qo‘shni qishloqdan ular yaxshi taniydigan bir oila qiziga uylandim. O‘sha paytda qizlarga ko‘proq ko‘z bilan baho beradigan davrim ekan: qaddi-basti ham, rangi ro‘yi ham kelishgangina, yoqimtoy bo‘lgani uchun ota-onamga: “Bo‘ladi!” deb yubordim.
Onamning: “Maktabda “a’lo”ga o‘qigan ekan. Bir yil o‘qishga harakat ham qilib ko‘ribdi. Lekin ozgina bali yetmay kira olmabdi. Otasi “Bir yilgina harakatingga ruxsat beraman. Agar eplay olmasang, uzatib yuboraman”, degan ekan. Esli-hushli qizga o‘xshaydi, o‘qiyman, degan qiz yomon bo‘lmaydi. Ota-onasi yaxshi odamlar”, – degan gaplari qarorimni mustahkamladi.
To‘y o‘tgach, kitob o‘qish xotinimning jonu tani ekanini bildim. Buning ustiga, nimalardir yozar ekan…
Biz dehqonchilik qilamiz. Texnika, sug‘orish, hisobchilik – hammasi gardanimda, katta ro‘zg‘ormiz. Dastlabki yili Gulasalning bo‘yida bo‘lmadi. “O‘qishga ruxsat bering, yana bir harakat qilib ko‘ray”, deb rosa yalindi. “Oilali ayolga o‘qishni kim qo‘yibdi? Buning ustiga, dalani eplay olmaganingga onamning o‘zi chiqib yuribdi. Uyalmaysanmi, qozon-tovoqni eplayapsan, lekin kelin uyda qolib, qaynana dalaga ketsa, hamma gapiradi-ku?” – dedim.
Shu-shu dalaga chiqib ketdi. ko‘pincha yig‘lasa kerak, ko‘zlari qizarib kelardi. “O‘rganib ketadi, bir kuni osmondan tushadi”, dedim. Haqiqatdan ham homilador bo‘lgach, qizaloq dunyoga kelgach, dalaning ishini bo‘yniga olgandek bo‘ldi. O‘zi tuzuk-quruq gaplashmas ham edik, men ishdan charchab kelaman, Gulasalga ham oson emas. Shunday kunlarning birida xotinimning “Telegram”da telefon orqali kim bilandir yozishayotganini payqab qoldim. Gulasal vaqt topdi, deguncha telefonga yopishardi. Bir kun telefonini qo‘lidan tortib olib tekshirdim. U bir yigit bilan she’r yozishib yurgan ekan. Rosti, o‘zi ahamiyat berishga arzimaydigan narsa: birorta shubhali, hamiyatga tegadigan gap yo‘q. Suhavasibatdoshi ayol kishi bo‘lsa, “Shu bilan ko‘nglini xushlasa, xushlasin”, deb ketaverar edim. Lekin u erkak kishi-ku… Oxiri bir kun ko‘ngli buzilsa-chi?
Negadir xotinimga qaragim kelmay qoldi. Yuz-ko‘zlarida o‘sha erkakning izi bordek. Yaxshisi, ajrashaman. Qizimga yordam berib turaman. Ehtimol, bu qarorim Gulasalning o‘zi uchun ham yaxshidir…
Gulasalning hikoyasi
Yetti-sakkiz yoshlarimdan she’r, kichik hikoyachalar yozaman. Yozganlarim bir paytlar gazetalarda ham chop etilgan.
Xato eng avvalo o‘zimdan o‘tdi. Men otamning oyog‘iga o‘zimni tashlab, yalinib-yolvorib bo‘lsa-da, turmushga chiqishga rozi bo‘lmasligim kerak edi. Takror-takror topshirib bo‘lsa-da, institutga kirishim kerak edi. Ammo otam bilan tortishib o‘tirmadim, keksaygan odamlarning rozi-rizoligini olay, dedim.
Erim Ibrohim aka yomon odam emas, mehnatkash, “uyim-joyim” deydiganlardan. Ehtimol, mendan boshqa odam bo‘lsa, yaxshi er-xotin bo‘lib yashab ketishardi. Lekin menga qiziq hayot ularga qiziq emas, u kishi uchun qiziq hayot menga tushunarsiz. Men qattiq non bilan suv ichsam ham, bulbulning qanotidek bo‘lsa-da, bir kitobcha chiqarishni, yozganlarimni hech bo‘lmasa, katta bo‘lganida bolalarim o‘qishini orzu qilaman. Erimga bu haqda so‘z ochsam: “Necha so‘m sarflab chiqarasan? Qancha foyda ko‘rasan?” – deb so‘radi. O‘sha kuni xunob bo‘lib yig‘ladim.
She’rlarimni internetga qo‘yardim, ozmi-ko‘pmi, muxlislarim bor edi. Shoabbos aka (erimning g‘azabiga sabab bo‘lgan yigit) she’rni teran tushunadi. Maslahatini ayamaydi, kitob chiqarishimga ham yordam bermoqchi. Axir o‘zim sevgan mavzuda erim bilan gaplasha olmasam, bir kuni ezilib sil bo‘laman-ku?.. Shu ozgina ko‘ngil halovatiga yetganim uchun darrov men gunohkor bo‘lib qoldimmi? Darrov “suyuq oyoq” degan tavqi la’natga sazovor bo‘ldimmi? Shu insofdanmi?..
Hikoyalardan so‘ng
Har ikkisini ham oqlamayman
Ayol kishi turmushga chiqqach, faqat o‘zining emas, eri, farzandlari, ya’ni oilasining ham sha’nini o‘ylashi kerak. Gulasalni oqlamayman. Lekin Ibrohimjonning qarori ham to‘g‘ri emas. Bu muammoni ajrashish bilan hal qilib bo‘lmaydi. Chunki u xotinini shu voqea tufayli tashlab ketsa, “Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur?”ga o‘xshagan gaplar ko‘payib ketadi. O‘rtada o‘sib kelayotgan qiz bor. Unga “Onasi falon ekan” degan tavqi la’nat meros bo‘lib qolmasligiga kim kafolat beradi?
Oilali odamlar bitta qadam qo‘yishdan avval ikki, uch marta o‘ylashlari kerak. Nazarimda, Ibrohimjon mard bo‘lib o‘zini qo‘lga olishi, xotinining ko‘ngliga yo‘l topishi kerak.
Mavluda QOSIMOVA, mahalla faoli.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...