Xitoylik olimlar inson ko‘zining imkoniyatlarini kengaytiruvchi yangi infraqizil kontakt linzalarni yaratishdi. “Cell” jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, bu linzalar qorong‘uda ham ko‘rish imkonini beradi.
Ilmiy guruh nanozarrachalarni kontakt linzalar bilan birlashtirib, ilgari ko‘rinmas bo‘lgan infraqizil nurlarni ko‘zga ko‘rinadigan yorug‘likka aylantirishga erishdi. Bu texnologiya yordamida inson 800–1600 nanometr oralig‘idagi nurlarni seza oladi.
Tajriba dastlab sichqonlar ustida o‘tkazilgan: ular retinaga nanozarrachalar yuborilgandan keyin qorong‘uda ham harakatlana olgan. Keyinchalik linzalar inson ko‘zi uchun moslashtirilgan. Sinovlarda ishtirok etganlar yopiq ko‘z bilan ham qorong‘uda yorug‘lik signallarini taniy olgan.
Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu linzalar qutqaruv xizmati, harbiy amaliyotlar yoki tungi nazorat sohalarida katta foyda keltirishi mumkin. Ular tashqi quvvat manbaiga ehtiyoj sezmaydi va oddiy kontakt linza kabi taqiladi.
Biroq tadqiqot hali boshlang‘ich bosqichda. Linzalar ba’zi hollarda tasvirni xiralashtirishi yoki zaif nur manbalarida samarasiz ishlashi mumkin. Shu bois olimlar texnologiyani yanada takomillashtirish ustida ish olib borishmoqda.
Mutaxassislar bu kashfiyot inson ko‘rish qobiliyatida yangi davr boshlanishini, yaqin kelajakda “tungi ko‘rish linzalari” hayotimizda oddiy voqelikka aylanishini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!