08:30 / 28.02.2018
4 693

O‘zbek jamiyatidagi muammolarga kim aybdor?

O‘zbek jamiyatidagi muammolarga kim aybdor?
(Qodiriydan ilhomlanib)

Sekulyarning nazdida ekstremistlar aybdor.

Ateistning nazdida dinchilar aybdor.

Musulmonlarning nazdida kofirlar aybdor.

Neokommunistlarning nazdida Amerika va Yevropa aybdor.

Yarim asrdan ko‘p yashaganlarning nazdida “mustaqillik davrida boy berilgan avlod” aybdor.

Yoshlarning nazdida “davlat tizimida saqlanib qolgan yovuz imperiya sarqitlari” aybdor.

Panturkist-milliyotchilarning nazdida Rossiya, Xitoy va arman mafiyasi aybdor.

Liberallarning nazdida “toqatsiz qadimchi-dinchi toifa” aybdor.

Bo‘tqa dini vakillarining nazdida tashqaridagi barcha musulmonlar va kofirlar aybdor.

Milliy istiqlol g‘oyasi bilan sug‘orilganlarning nazdida “chetdagi yovuz va qora kuchlar” aybdor.

Rasmiy axborot agentliklarining nazdida VVS va Ozodlik aybdor.

Konservatorlarning nazdida liberallar aybdor.

Ultrakonservatorlarning nazdida gey-fohishalar aybdor.

Isyonkorlarning nazdida loqayd va betaraf olomon aybdor.

Maddohlarning nazdida “odobsiz” isyonkorlar aybdor.

Ahyon-ahyonda internetga kiradiganlarning nazdida “kechayu kunduz internetda g‘iybatlashib o‘tiradigan bekorxo‘jalar” aybdor.

Tunu kun internetda o‘tiradiganlarning nazdida “erkin axborot manbaidan chetda qolayotgan” g‘ofillar aybdor.

“Hoji aka”larning nazdida “kalta-kulta kiyinib fitnaga sabab bo‘layotgan” yosh-yosh qizlar aybdor.

Kam ta’minlangan qatlamning nazdida patrul melisa va prezidentning atrofida amaldorlar aybdor.

Puli va lavozimi bor qatlamning nazdida “o‘z haq-huquqini bilmaydigan lyumpen xalq aybdor”.

Tadbirkorlarning nazdida soliqchi va moliyachilar aybdor.

Konformistlarning nazdida davlat va prezidentni tanqid qilayotganlar aybdor.

Grinkardda yutolmaganlarning nazdida Qo‘shma Shtatlar aybdor.

Grinkardda yutib uchib ketayotganlarning nazdida aeroportning sertashvish xodimlari aybdor. Ammo ularni ayblash kerak emas. Shundog‘am tashvishi ko‘p. Hamma ketsa, chiroqni kim o‘chirib qo‘yadi ulardan boshqa?
Shukurjon Islomov

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbek jamiyatidagi muammolarga kim aybdor?