17:08 / 11.06.2018
4 818

O‘zimizdan, qadriyatimizdan uyalmaylik

O‘zimizdan, qadriyatimizdan uyalmaylik
Yozaymi, yozmaymi? Rosa o‘yladim va yozishga qaror qildim.
Kecha Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchixonasining konsuli Shomaxamed iftorlikka taklif qildi. Bordim. Asosan elchixona xodimlaridan iborat mehmonlar ekan.
Uyi shinam. Yevropacha. Divan, stol-stul.
Ammo mening e’tiborimni tortgani — dasturxon yerga solingan edi.
Hozir nima oson — Yevropacha stolni bir zumda o‘zbekcha xontaxtaga aylantirish oson. Ammo turkman birodorlarimiz, yana yevropacha tahsil olgan va yevropacha tarbiya ko‘rgan diplomat, yana o‘zga bir yurtda, xontaxta ham qilmay, o‘zlarining milliy ananalariga sodiq qolgan holda dasturxon yasashibdi. Havas qildim.
Biz-chi? Xontaxta atrofida emas,balki stol-stulga o‘tirishni madaniyat deb bilamiz.
Yevropacha kiyinishni taraqqiyot deb bilamiz.
Yoki milliy qadriyatlarimizdan uyala boshladikmi?

Hammamiz zamonaviy yapon va koreys filmlarini sevib tomosha qilamiz. Agar e’tibor berib qaraydigan bo‘lsak taraqqiyotga erishgan yapon va koreys amaldorlari uyda yoki restoranlarga borganlarida albatta milliy urf odatlariga ko‘ra yerda o‘tirib ovqatlanishadi. Nahotki, ulardan ibrat olishning iloji yo‘q. Aytishlaricha, yerda o‘tirib ovqatlanish sog‘liqqa koni foyda ekan. Ota-bobolarmiz bir narsani bilishganki, yerda o‘tirib ovqatlanishgan. Yoki kinolardagi hind millionerining ovqatni qo‘lda yeyishini hammamiz ko‘rganmiz va havas qilganmiz. Ammo o‘zimizga kelganda nima uchundir sharqqa emas g‘arbga intila boshlaymiz.
Bir narsadan qo‘rqayapman — g‘arbga taqlid bizning madaniyatimizni g‘arib qilib qo‘ymasmikan?

Tarixchi sifatida xalqimiz tarixni ozmi ko‘pmi o‘rganishga harakat qilganman. Shunda bir narsaning guvohi bo‘lganman. Biz bosqinchi deb ataydigan o‘sha greklar ham, o‘sha arablar ham, o‘sha mo‘g‘ullar ham bizning madaniyatimizga singib ketgan ekan. Bu ham bo‘lsa ota-bobolarimiz o‘zgalarning qadriyatlarini tan olmaganidan dalolat emasmi? Endi nima uchun g‘arbning g‘arib madaniyatiga sig‘inishimiz kerak.

O‘zingizga savol bering-chi — milliy shoh taomimiz palovni kim qo‘lda yeydi? Sanoqli odamlar. Palovni qo‘lda yeyishning sog‘liqqa foydasi bor. Ammo biz unutdik. Restoranlarda oshni qo‘lda yeyishdan uyalsak, loaqal choyxonada qo‘lda yeylik.
Hatto norin ham vilkada yeyilayotganiga nima deysiz?!. Rosti o‘zim ham norinni qo‘lda yeyishga qo‘lida vilka ushlab turgan atrofdagilardan iymana boshladim. Qoloq deb o‘ylamasliklari uchun men ham qo‘limga vilka olayapman. Uyda ham shu ahvol — yaqindan boshlab bizning uyga ham g‘arb madaniyati kirib kelgan.

Yaqinda internetda Tojikistonning tog‘li qishloqlarida odamlarning uylari home stay ga aylantirililayotgani haqida yozildi. Bu kabi uylarda istiqomat qilmoqchi bo‘lgan xorijiy sayyohlar bir kecha kunduz uchun $10-20 to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Home stay – bu bitta uyda mehmonlarning mezbonlar bilan birga yashashi demakdir. Mezbonlar bir o‘zi, yoki oilasi bilan birga bo‘lishi mumkin, ammo ularni boshqa mamlakatlardan kelgan mehmonlar bilan birga bo‘lishga intilishi, yangi fikr, mehmondo‘stlik birlashtiradi. Qoidaga ko‘ra home stay mezbonlari mehmonlarni mahalliy oshxona taomlari, sut mahsulotlari va o‘zlari tayyorlagan pishiriqlar bilan siylashadi. Yuqoridagi suratda xorijliklar 10-20 dolar to‘lab, yerda o‘tirib ovqatlanishmoqda.Qarang naqadar go‘zal. Mana shuni o‘zimizda ham joriy qilishimiz, xorijliklarga o‘zbek milliy qadriyatlarni ko‘rsatishimiz kerak. Koreya, Yaponiyaga borib kelganlar yurtdoshlarimiz ular bemalol yerda o‘tirib, qo‘lda ovqat yeyishlarni aytishadi. Xorijliklar ham O‘zbekistonga kelib, o‘zbekona ovqat yeb, yurtlariga borganlaridan keyin faxrlanib aytib yurishlari kerak. Mana shu odatimizni targ‘ib qilishimiz kerak.

Men es-es bilaman — yoshligimizda mehmon kelsa, u dasturxonga o‘tirishi bilan va taom yeb bo‘lganidan keyin qo‘liga suv quyilardi. Yelkamizga tashlab olgan sochiqni hamon eslayman.Mana shu odat yo‘qolib ketdi. To‘g‘ri, mehmonning o‘zi uyga kirishdan avval qo‘l yuvib kirar, balki.

To‘n kiyilmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Faqat motamlardagina kiyilmoqda.To‘n va do‘ppi motam libosiga aylanib qolgan ekan — nima uchun to‘ylarda qudalarga to‘n kiydirilayotganiga hanuzgacha tushunmayman.To‘g‘ri so‘nggi yillardan boshlab qudaga kastyum-shim, palto va kurtka kiydirilmoqda. Nahotki ming yillardan beri qadriyatimiz bo‘lib kelayotgan to‘n endilikda tarix qa’riga uloqtirilsa?!
Televideniyeda, radioda, gazetalarda, saytlarda yigit-qizlarimiz yirtiq-yamoq libos kiyayotgani tanqid qilinmoqda. Kiyinish madaniyatini ota-onalarning o‘zi boshlamas ekan, farzandlarini bu yo‘ldan qaytarishlari qiyin kechadi.

To‘ylarda osh berish odati hozircha unutilgani yo‘q. Qudaga kastyum-shim, palto va kurtka kiydirilayotgan ekan, ertaga g‘arblashayotgan (g‘ariblashayotgan) odamlarimiz osh berishdan ham uyalib, bistrogen, bifshteks, gamburger, xot-dog bera boshlasa-ya, degan qo‘ruv paydo bo‘lmoqda.
Tarbiyani o‘zimizdan boshlaylik, oshni qo‘lda yeylik. Atrofimizdagilardan uyalmaylik. O‘zimizdan, qilig‘imizdan uyalaylik. Yapon, koreys, hindlardan o‘rnak olaylik.

Sharofiddin To‘laganov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zimizdan, qadriyatimizdan uyalmaylik