23:43 / 16.07.2018
3 961

Eski odatlardan voz kechish vaqti kelmadimi?

Eski odatlardan voz kechish vaqti kelmadimi?
Hammasini tushunaman – «majburlash yaxshi emas», «har kim o‘z ustidan ishlashi kerak», «natijaga nasihat va targ‘ibot ila erishish kerak» – bular hammasi to‘g‘ri gaplar. O‘zim shu yondoshuvning targ‘ibotchisiman.

Ammo har bir voqelik o‘zining million tafsilotiga ega bo‘lib, har bir holat alohida yondoshuvga, yuzaki emas, balki xos (nidividual) munosabatga muhtojdir.

Misol uchun

Yosh bolani tarbiya qilish jarayonida biz unga nafaqat pand-nasihat qilamiz, balki ba’zida uni ayrim narsalarga majburlaymiz. Nega? Chunki vaziyat shuni taqozo qilib qoladi – ba’zi yaxshi narsalarga bolada ko‘nikma hosil bo‘lishi va aksincha ba’zi yomon narsalarga bolada ko‘nikma hosil bo‘lib qolmasligi uchun biz uni ayrim holatlarda majburlashga... majbur bo‘lamiz. Bu – masalaga voqelikdan kelib chiqib, ayricha, xos yondoshuvga misol.

«Ha u yosh bolada! – deysiz. U albatta nima qilayotganini tushunmaydi, to‘g‘rilab turishga muhtoj». To‘g‘ri, yosh bola haqida so‘z ketganda uning oq-qorani tanimasligi, ongi shakllanmagani o‘z-o‘zidan tushuniladi.Ammo bu yoshi ulg‘ayganlarning hammasi ham qilayotgan ishini bilib qiladi, deganimi?

Tan olaylik, hayotimizga yaxshilab qaraydigan bo‘lsak, unday emas – kap-katta odamlar ba’zida qilayotgan ishlarini umuman bilmay qilishadi. Ammo bu hali hammasi emas – ba’zida «kap-katta» xalqning aksari qilayotgan ishini umuman bilmay qilayotganining guvohi bo‘lamiz.

Prezidentning to‘y-hashamlar haqida qalbdan chiqarib aytgan gaplari boshini quyi solib, nima qilayotganini bilmay, topganini to‘yga sochishni o‘ziga farzu vojib qilib olgan xalqning ongiga jo‘natilgan muhim bir ma’naviy maktub (messej) bo‘ldi. To‘y qilib, keyin bir necha yil nonni suvga botirib yeb, bolalarini kamqonlikka uchratishni o‘ziga «buyuk sharaf» hisoblaydigan, shundaqa jihatlari ila yosh boladan farqi qolmagan xalq ongi uchun bu so‘zlar muhim tuzatuvchi omil bo‘lib yangradi, voqelikka ko‘zni ochib qarashiga undadi.

O‘zbekiston faqat Toshkent shahridan iborat emas. Viloyatlardagi hayot esa bir qancha jihatlari ila poytaxt hayotidan ba’zan o‘ta hayratlanarli darajada farqlanadi. Buni faqat o‘sha – chekka viloyatda tug‘ilib-o‘sib, o‘sha muhitning «hidini» tuyib katta bo‘lganlar biladi.

Aholimizning asosiy qismi yashaydigan cheka tumanlarda hayot ritmi va mundarijasi tamomila o‘zgacha ko‘rinishga ega – odamlarning o‘y-fikrini tor doiradagi istaklar – stimullar boshqaradi. Har bir ongli kishilar jamoasiga xos bo‘lishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ongning o‘rnini ongsiz ravishda sodir etiladigan, hech bir mantiqqa yoxud ma’naviy nizomga suyanmaydigan, mudom o‘zgarishlarga (transformatsiyaga) uchrab turadigan, «odatlar» deb atalmishishlar egallab olgan. U odatlar qay darajada aqlga sig‘adi – ahamiyatsiz. Bajarish «vojib».

Tutqunlik. Buning boshqa nomi yo‘q

Ongsiz ravishda sodir etiladigan ishlarning barisi – tutqunlik. Zero bunda kishi nima qilayotganinibilmay harakat qiladi. Ishlari o‘ziga, zurriyodiga zarar bo‘layotganini anglamaydi. Foyda-zararni o‘lchaydigan tarozisi buziladi. Birov «bu senga, bolalaringa zarar-ku!» – desa ham, shisha ko‘zlarini bir nuqtaga qo‘yolmay «nima qilay, odamlar gapirishadi-da!» – deb turaveradi. Uning holatini giyohvand moddaga tobe bo‘lgan odamning holatiga qiyoslasa bo‘ladi, shunday emasmi? Zero ikki holatning ham asosi bir – tutqunlik – irodadan ayrilish, foydagamas, zararga yurish.

Zararli odatlar bilan o‘z-o‘zini kishanlab qo‘ygan xalqning holatini giyohvand moddaga tutqun bo‘lgan odam holatiga qiyoslagan bo‘lsak, endi bu holatdan chiqib ketish uchun ikki holatda ham bemorga yordam zarur ekanligini tan olmog‘imiz zarur. Har ikki holatda ham irodani egasiga qaytarish yo‘lida ba’zi majburlov choralarisiz ish bitmaydi.

Tez fursatda rivojlanishga yuz tutgan mamlakatlarning tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, har birida boshlang‘ich bosqichda omma ongida oddiy – mantiq taqozo etuvchi qoidalarini qaror toptirish yo‘lida bir qarashda haddan tashqari keskin choralar ko‘rilgan. Axlatni ko‘chaga tashlagani uchun falon ming dollar shtraf, avtobusga biletsiz o‘tirgani uchun falon jazo – bular jamiyat o‘z-o‘zini isloh qilish yo‘lida, tartibsizlik odati o‘rniga tartibni qaror toptirish yo‘lida ko‘rilgan choralar. Buning bergan samarasini bilamiz – tartib-intizom, saranjomlik, tozalik.

«Perezagruzka»

Stol kompyuterimiz yoki telefonimiz «injiqlik» qilib qoldi. Uni bir «perezagruzka» qilib yubordik. Yig‘ilib qolgan operativ (jarayoniy) xatoliklardan tuzalib olgan moslamamiz binoyidek ishlab ketdi. Nega? Chunki u o‘ziga kelib oldi-da!

Insoniyat tarixiga yoxud tabiatga nazar tashlaydigan bo‘lsak ham shunday «perezagruzka»ningmisoliga duch kelamiz. Kishilik jamiyati bilan yuz beradigan har bir buyuk o‘zgarish yoki tabiatdagi almashinishning avvalida albatta bir «perezagruzka»– tanazzuldan so‘ng bir seskanish va keyin yangilanish sodir bo‘ladi. Buni hatto «o‘zgarish qonuniyati» deb atasak ham bo‘ladi.

Demak jamiyatda haqiqiy yangilanish sodir bo‘lishi uchun uning asoslari bir bor silkinishi va shu asnoda jamiyatga zulukday yopishib olgan illatlar, zararli ko‘nikmalar o‘z yopishib olgan o‘rnidan siljishi, ko‘chishi lozim. Insoniyatning oldi bo‘lgan xalq uni tutqun qilib, quyi o‘ringa – achinarli ahvolga solib qo‘ygan omillar – mantiqsiz odatlarining yuziga bir bortikka qaramog‘i va hushiga kelmog‘i zarur.

Kutilgan "messej"


Avval ta’kidlaganimizdek, yurtboshisini ma’naviy otasi deb biladigan aksar xalqimiz Prezident Shavkat Mirziyovning to‘ylar haqida achinish ila aytgan so‘zlaridan ma’lum darajada ta’sirlandi, «Xudoga shukr-e, to‘ylarimiz tartibga olinar ekan!» – degan so‘zlar ko‘plarning diliga va tiliga keldi. Bunday so‘zlar oddiy xalq og‘ir kishan bo‘lib bo‘yniga osilib olgan odatlardan charchaganidan hamda bu kishanlardan qutulish uchun kimdandir yordam kutib yashaganidan darak berib turibdi. Bu psixologiya fanida ma’lum bo‘lgan holat bo‘lib, bunda kishi yoki jamiyat xato doiradan o‘z kuchi bilan chiqib ketolmaydi va atrofdan yordam kutadi. Ammo atrofdan yodam olib bo‘lsada fosid doiradan chiqib ketgandan keyin ulkan ishlarga qodir bo‘ladi.

Ziyolilarning o‘rni

Har bir ma’no-mantiqqa doir ishda ziyoliylarning o‘rni beqiyosdir. Achchiq haqiqatlarni ta’sirli, tushunarli, shu bilan birga odob bilan, hech kimni xafa qilmasdan ommaga yetkazishni ziyoliylar qilmasa, kim qiladi? Zarar miqyosi osmoncha bo‘lib turgan odatlarimizning mudhish mohiyatini ochib beruvchi badiiy asarlar, badiiy va hujjatli filmlarni ziyolilar yaratmasa, kim yaratadi? Ma’muriy cheklovlar bilan birga, balki ularning muvaffaqiyatini ta’minlovchi, ma’naviy «mahsulotni» ziyolilar bermasa, kim beradi?

So‘z yakunida shuni aytish zarurki – masala jiddiy, unga yengil qarab bo‘lmaydi. Topganini sovurishni hayotining shaksiz jihatiga aylantirib xalq aslo rivojlanmaydi. Uni bu jihatidan joyi kelsa majburlab bo‘lsa-da qutqazish lozimdir. Prezidentning xalqqa jo‘natgan ma’naviy «messeji», kelgusi avlodlar haqqi-hurmati, bekorga ketmasin.
Muhammad Shakur

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Eski odatlardan voz kechish vaqti kelmadimi?