date

Xitoyda dunyodagi ilk «homilador robot» namoyish etildi

Xitoyda dunyodagi ilk «homilador robot» namoyish etildi

Xitoyning Kaiwa Technology kompaniyasi o‘n oy davomida homilani ko‘tarib yurishi va chaqaloq tug‘ilishiga mo‘ljallangan dunyodagi birinchi odamsimon robot prototipini jamoatchilikka taqdim etdi. Bu haqda Interesting Engineering nashri ma’lumot berdi.

Loyihaning asosini amniotik suyuqlik bilan to‘ldirilgan sun’iy bachadon moduli tashkil etadi. Mazkur innovativ tizimda embrion rivojlanishi va tabiiy homiladorlik jarayoniga taqlid qilinishi ko‘zda tutilgan. Shu orqali maxsus shlang yordamida ozuqa moddalari robotga uzatiladi va homila o‘sishi ta’minlanadi.

Kompaniya asoschisi va bosh direktori doktor Chjan ta’kidlashicha, qurilma hayvonlarda sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Unga ko‘ra, bu robot 2026 yilda bozorda taqriban 100 ming yuan (taxminan 14 ming dollar) narxda sotuvga chiqishi kutilmoqda. Yangi texnologiya farzand ko‘rishni istagan, ammo tabiiy homiladorlikdan voz kechishga majbur bo‘layotgan yoshlar, farzand ko‘rish imkoniyatidan mahrum oilalar va hatto yolg‘iz shaxslar uchun mo‘ljallangan.

Mazkur yangilik Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. «Dunyodagi birinchi homilador robot» so‘rovi Weibo qidiruv tizimida yetakchi o‘ringa chiqdi. Fikrlar esa ikkiga bo‘lindi: tanqidchilar buni «shafqatsiz», «axloqiy me’yorlarga zid» deb baholasa, tarafdorlar texnologiyani ayollarni homiladorlikning og‘ir jismoniy qiyinchiliklaridan asraydigan zamonaviy yo‘l sifatida qabul qilmoqda.

Shuni inobatga olish kerakki, 2020 yilga kelib Xitoyda bepushtlik darajasi 18 foizga yetgan, shuningdek, mamlakatda surrogat onalik qonuniy jihatdan taqiqlangan. Shu bois, bunday texnologiyaga talab juda yuqori bo‘lishi kutilmoqda, deb yozadi Interesting Engineering. Tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi robot orqali farzand ko‘rish orzusini ro‘yobga chiqara olishidan umidvorligini bildirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Kaiwa Technologyning bu prototipi nafaqat texnologik yangilik sifatida, balki oila qurish va avlod davomiyligi haqidagi tasavvurlarga ham katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Xitoyda dunyodagi ilk «homilador robot» namoyish etildi