09:28 / 31.08.2018
4 724

“Bunyodkor” stadioni: bir tomonlama oʻyin

​"Бунёдкор" стадиони: бир томонлама ўйин
Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioni (yaqinda “Milliy” nomini olgan) nafaqat poytaxtda yashovchilar, balki butun Oʻzbekiston aholisining gʻurur bilan tilga oladigan goʻshasi hisoblanadi. Ushbu meʼmoriy obidada futbol oʻyinlari va turli mashgʻulotlar oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, u nafaqat davlatimiz aholisini, balki xorijiy mehmonlarning ham eʼtiborini oʻziga tortadi. Shu tufayli, shu kunlarda Internet tarmogʻida ushbu sport majmuasi qarzlar tufayli suv va elektr taʼminotidan uzilgani va futbol bilan shugʻullanadigan bolalar ovqat tayyorlash uchun oʻtin yoqayotganlari haqida tarqagan maqolalar, rosti, taajjubga solgandi.

Eslatib oʻtamiz, “Bunyodkor” stadionining ochilishi oʻzbek sporti va butun mamlakatimiz uchun unutilmas voqeaga aylangan edi.

Stadionga tashrif buyurib uni koʻzdan kechirgan UYEFA sobiq rahbari Mishel Platini, FIFAning oʻsha davrdagi rahbari Yozef Blatter unga yuqori baho berib, bu kabi inshootlar dunyoda juda kam ekanligini taʼkidlashgan.

Koʻpchilikda “Bunyodkor”ning kelajagi porloq ekani va unda muammolalar boʻlishi mumkin emasligi borasida shubha boʻlmagan. Ayniqsa, uning egasi davlatimizning ilgʻor futbol klublaridan “Bunyodkor” boʻlsa va u sport majmuasida muntazam ravishda oʻyinlar oʻtkazib tursa.

Biroq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi “Futbolni yanada rivojlantirishi boʻyicha choralar toʻgʻrisidagi” qaroriga muvofiq, “Bunyodkor” stadioni Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi tasarrufiga oʻtkazilgan edi. Avvalida, hech narsa boʻlmaganday tuyulgan edi. Xoʻp, taʼsischi oʻzgardi, xoʻp, futbol klubi qoshida stadiondan foydalanish direksiyasi bor edi, endilikda u Futbol federatsiyasi yurisdiksiyasiga oʻtdi.

“Bunyodkor” stadioni direktor oʻrinbosari Viktor Sumbayevning jurnalistlarga bergan intervyusida aytishicha, “Hozirda stadionni moliyalashtirish amalga oshirilmayapti.” Va uning fikricha, bunda aybdor... Oʻzbekneftgaz AJ. Chunki “ushbu vazifani bajarish davlatimiz rahbari va Vazirlar mahkamasi qarorlari bilan aynan Oʻzbekneftgazga yuklatilgan” ekan.

Janob Sumbayevning shikoyatiga koʻra, futbol oʻyinlarini oʻtkazish uchun deyarli mablagʻ yoʻq, chunki 35 ming tomoshabinga moʻljallangan stadionga bor-yoʻgʻi 3-5 ming futbol ishqibozlari kelar ekan. Odamlarni jalb qilish uchun esa qolgan chiptalarni bepul tarqatishga toʻgʻri kelayotgan ekan.

Umuman olganda, stadion direksiyasining daʼvo va shikoyatlar roʻyxati juda uzun.

Biz erinmay hisob-kitob qilishga qaror qildik. Agarda, chiptalar eng past narxda, aytaylik, 5 ming soʻmga sotilgan boʻlganida, bir oʻyin uchun sotilgan chiptalardan 15 milliondan 25 million soʻmgacha foyda qilish mumkin edi.

Oʻzbekneftgaz AJ maʼlumotiga koʻra, “Bunyodkor” stadioni direksiyasiga moliyaviy koʻmak maqsadida shu yilning yanvar oyidan iyul oyiga qadar kompaniya 4,5 milliard soʻm ajratgan, avgust oyida esa – 746,4 million soʻm va shunda homiylik mablagʻi jami 5,3 milliard soʻmni tashkil qilgan.

Ushbu homiylik mablagʻlari majmuaning umumiy holatini saqlash, ishchilar oylik maoshini toʻlash, sport tadbirlarini tegishli darajada oʻtkazish hamda kommunal xizmati xarajatlarini qoplash uchun moʻljallangan edi.

Koʻrib turibmizki, Oʻzbekneftgaz AJ tomonidan ajratilgan mablagʻ ancha katta. Stadioning daromadi esa kanday? Taʼkidlash joiz, raqamlar juda kulgili.

2016 yilda stadion daromadi 1,9 milliard soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, 2017 yilda ushbu koʻrsatkich 1,3 milliard soʻmgacha tushib ketgan, 2018 yilnig birinchi yarmida esa – stadion 200 millionga yaqin foyda koʻrgan xolos.

Oʻzbekneftgaz AJ Prezidentning mart oyidagi qaroriga muvofiq “Bunyodkor” stadionini qoʻllab-quvvatlash maqsadida xarajatlarning bir qismi kompaniya zimmasiga yuklatilganini tasdiqladi. Shuni ham inobatga olish kerakki, xarajatlarning hammasini emas, balki bir qismini. Hujjatda aniq bir mablagʻ miqdori belgilanmagan.

Haqiqatdan ham, hujjat matni diqqat bilan oʻrganilsa, stadionni moliyalashtirish manbalari orasida birgina Oʻzbekneftgaz AJ koʻrsatilmagan. Roʻyxatda sport majmuasi direksiyasi va “boshqalar manbalar” bor. Agar, shu yilning oʻzida Oʻzbekneftgaz 5 milliarddan ortiq mablagʻ ajratgan boʻlsa, “Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi MCHJ tomonidan ajratilgan mablagʻ miqdori qancha? “Boshqa manbalar”dan esa qancha moliyaviy yordam kelib tushgan? Ushbu savollarga javoblar qoniqarli boʻlishi gumon.

Bir narsaga qoʻshilmaslikning iloji yoʻq, bizning mahalliy neft va gaz kompaniyasi boshqa masalalar bilan shugʻullanishi kerak, xususan, yer osti boyliklarini qazib olishi, ularning qidiruvi bilan shugʻullanishi, ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan aholini taʼminlashi, hamda yirik investitsion loyihalarni moliyalashtirish. Va, ehtimol, hamma korxonlar kabi, kompaniya ham pullari va xarajatlarini diqqat bilan hisoblashga majbur. Bu bozor iqtisodiyoti demakdir.

Biroq, stadion direksiyasining bu boradagi fikri ayro koʻrinadi. Ular oʻylashicha, majmua sarf-xarajatlarini boshqa birov koʻtarishi zarur, ularning vazifasi esa – tashqaridan kelib tushgan mablagʻlarni sarflash. Buning turgan bitgani boqimandachilik! Bir tomonlama oʻyinning oʻzi! Ayni nomli futbol klubi tomoniga aytilgan tanbeh, sport majmuasining hozirgi egalariga ham qaratilgani aniq.

“Kim aybdor?” degan savoldan “Nima qilish zarur?” degan savolga oʻtilsa yaxshiroq boʻladi. Va bunda xorij tajribasi diqqatga sazovor.

Stadion oʻz xarajatlarini qoplashi uchun uning doimiy ravishda tomoshabinlar bilan toʻldirish koʻrsatkichi kamida 70-80% ni tashkil qilishi zarur. Sobiq Sovet ittifoqi xududida bunga faqat Doneskdagi “Donbass Arena” stadioni erishgan. Rossiyada bu koʻrsatkich oʻrtacha 20% atrofida. Oʻzbekistonda esa bundanda past. Unday boʻlsa, sport maydonlari “qimmatbaho oʻyinchoqqa” aylanib qolishi mumkinmi?

Unda masalaga boshqacha yondashuv zarur: tomoshabinlarni qanday yoʻl bilan jalb qilish mumkin? Ingliz prmeyer-ligasini oladigan boʻlsak, undagi barcha klublar va ularga qarashli stadionlar egalariga faqat daromad olib keladi. Ular bunga qanday erishadi?

Ular ishonadilarki, keng auditoriyaga moʻljallangan stadionlar nafaqat xarajatlarni qoplashga, balki katta daromad olib kelishga qodir. Masalan, ular tomoshabinlarni IT xizmatlari doirasini kengaytirish bilan jalb qiladilar. Hozirda tashrif buyuruvchilar uchun turli mobil ilovalar faol ravishda rivojlantirilmoqda: stadion xaritasi, statistika, bir vaqtda oʻtkazilayotgan oʻyinlarning matni va videouzatuvi.

Stadionning boshqa tadbirlarni oʻtkazish imkoni borli uning jozibadorligini yanada oshiradi. Stadion maydoni boshqa sport tadbirlari (yengil atletika, kurash, yakka kurash va boshqalar) yoki madaniy-hordik dasturlari (konsertlar, shoular) ni oʻtkazish uchun tezkor oʻzgartirish imkoniga ega boʻlishi kerakligini inobatga olish zarur. Bu holatda, barcha jihatlarni hisobga olish kerak: tomoshabinlar oʻrindiqlari va stadion maydonini qayta jihozlash, teleuzatuvni tashkil etish va xavfsizlikni taʼminlash.

Gollandiyaning “Ayaks” klubi hammaga tanish. Ichki oʻyinlarni klub “Amsterdam Arena” stadionida (hozirda stadion “Yoxan Kroyf” nomini olgan) oʻtkazadi. Ushbu oʻta daromadli stadionning egasi Amsterdam munitsipalitetidir. “Ayaks” chilar esa stadionda oʻyin oʻtkazishlari uchun anchagina ijara haqi toʻlashadi.

1996 yilda 140 million yevroga qurilgan bu stadion ishga tushirilganidan olti yil ichida xarajatlarni qoplab boʻlgan. Bunga sabab, aʼlo darajada ishlab chiqilgan va hisob-kitob qilingan loyihadir. Stadiondan uncha uzoq boʻlmagan joyda, munitsipalitet tomonidan ajratilgan yer maydonida 14 zalga ega kinoteatr, konsert zali va koʻplab doʻkonlar (hozirda ular jami 350tani tashkil qiladi), bir nechta restoran, mehmonxonalar va transport tuguni qurilgan.

“Ayaks” oʻyinlari uchun sotiladigan chiptalardan tashqari, kam boʻlmagan daromadni oʻyinlar davomida sotiladigan abonement chiptalar va klubga taaluqli aksessuarlar, ichimliklar va yeguliklar olib keladi.

Daromadning koʻp qismini bu va biznes klass hududlardagi oʻrinlarga ajratilgan chiptalar olib keladi. 53 ming kishilik stadiondagi 5 ming oʻrin biznes xududga, yaʼni 10% va 600 oʻrin 60 ta vip xududlarda joylashgan. Bunday bir joyning bir mavsum qiymati 100 ming yevroga yaqin. Biznes hududiga abonement chiptasi 5 mingdan 6 ming yevrogacha baholanadi. Bunday xududlardagi oʻrinlarni sotish ikki barobar koʻproq daromad olib keladi, oddiy chiptalarni sotishdan yigʻilgan jami daromadni inobatga olganda ham.

Stadion hududida turli anjumanlar, simpoziumlar, koʻrgazmalar, avtosalonlar oʻtkaziladi. Shuningdek, stadionni boshqa bayramlar uchun ham ijaraga olish mumkin.

Stadionning mashhur boʻlib ketishiga u yerda oʻtkaziladigan konsert va shoular ham oʻz hissasini qoʻshgani aniq. Stadionda birinchi boʻlib dunyoga mashhur qoʻshiqchi Tina Tyorner konsert bergan. Ijrochining 1996 yil sentyabrda oʻtkazgan uchta konsertiga jami 150 mingga yaqin odam kelgan. “Amsterdam Arena”ning tuzilishi boshidanoq bu kabi tadbirlarni oʻtkazishga moʻljallangan: maydondagi maysa oʻram shaklida yigʻiladi - buning uchun 14 soat vaqt sarflanadi, va tomoshabinlar uchun qoʻshimcha maydon ochiladi - shunday qilib stadionda oʻtkaziladigan konsertlar mobaynida unga 68 ming kishi sigʻadi.

Shu kabi ommaviy tadbirlarni “Bunyodkor” stadionida ham oʻtkazish mumkinku? Shubhasiz, mahalliy va horij estrada yulduzlarining konsertlarida tomoshabinlar stadionni toʻldirar edilar va chiptalar narhi ham poytaxt teatr maydonlaridagiga nisbatan ancha karmonbop boʻlardi.

Stadion daromad keltirishi uchun boshqa koʻplab yoʻllar mavjud. Jumladan, majmuada ekskursiyalar oʻtkazish, ovqatlanish joylarini toʻgʻri tashkil qilish va boshqalar.

Agar biz milliy futbol jamoasiga rahbarlik qilishga horijdan murabbiy yollashni ep bilsak, unda “Bunyodkor” stadionini rivojlangan va daromadli joyga aylantirish uchun Toshkentga horijdan mutaxassislar va maslahatchilarni taklif qilishimiz mumkinku!

P.S. Ayrim Internet nashrlarning “Bunyodkor” sport majmuasi kommunal xizmatlardan qarzdorligi borligi tufayli suv va elektr taʼminotidan uzib qoʻyilganligi toʻgʻrisida tarqatgan shov-shuvli xabarlari aslida qalbaki. Bu holat koʻpchilik jurnalistlar tomonidan ham tasdiqlandi. Xunuk xabarlar tarqaganidan soʻng, ular stadionga tashrif buyurib, uning holati bilan yaqindan tanishdilar. Maʼlum boʻlishicha, elektr quvvati faqat bir marotaba kechasi oʻchib qolgan, suv esa doim oqib turgan va futbol maydonlaridagi maysalar doimiy ravishda sugʻorilib turgan. Va, albatta, yosh futbolchilar mashgʻulotlar davomida ovqat tayyorlash uchun oʻtin yoqishmagan...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Bunyodkor” stadioni: bir tomonlama oʻyin