08:58 / 11.09.2018
3 855

Belarus kompaniyasi Toshkentda oʻtadigan koʻrgazmaga elektrobus olib keladi

Belarus kompaniyasi Toshkentda oʻtadigan koʻrgazmaga elektrobus olib keladi
Maʼlumki, yaqin kunlar ichida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Oʻzbekistonga kelishi kutilyapti. Mazkur tashrif oʻzaro hamkorlik istiqbollarini batafsil koʻrib chiqish, savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha keng amaliy imkoniyatlarni taqdim etishi bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Binobarin, 14-19 sentyabr kunlari Toshkentda Made in Belarus koʻrgazmasi oʻtkaziladi. Spot manbasida yozilishicha, unda Belarusning 150dan ortiq yetakchi korxonalari ishtirok etadi. Tadbir mashinasozlik, sanoat uskunalari, kimyo, qurilish, ilm-fan va texnologiyalar, yengil sanoat, oziq-ovqat, tibbiyot, taʼlim hamda turizm kabi yoʻnalishlarda qator ekspozitsiyalarni qamrab oladi.

Masalan, “Belkommunmash” kompaniyasi oʻzida trolleybus va avtobuslarga xos afzalliklarni uygʻunlashtirgan Ye433 Vitovt Max Electro elektrobus modelini namoyish etadi. Mazkur innovatsion transport vositasi shovqinsiz harakatlanadi, qoʻshimcha elektr quvvatisiz 15 km. masofani bosib oʻtadi, videokuzatuv, GPS-navigatsiya va iqlim nazorati tizimi bilan taʼminlangan.

Pavilonning tashqi maydoniga “Amkodor”, “MAZ”, “MTZ”, “Gomselmash”, “Bobruyskagromash”, V.I.Kozlov nomidagi Minsk elektrotexnika zavodi, “Blyuming” kabi yirik zavodlarda ishlab chiqarilgan 48 ta texnika vositasi qoʻyiladi. Ushbu texnikalar imkoniyatlarini yanada yorqin namoyish etish uchun oʻziga xos tryuklar hamda ekstremal haydash elementlarini oʻz ichiga olgan avto-shou ham tashkil etiladi.

Qolaversa, belorus ishbilarmonlari oʻzbekistonlik isteʼmolchilarni uy hamda ofislar uchun zamonaviy maishiy texnikalar bilan tanishtirishni maqsad qilgan. Xususan, “Atlant” korxonasi energiya tejamkor kir yuvish mashinalari va “aqlli” muzlatgichlarni, “Gorizont” zavodi esa 43 dyuymdan 45 dyuymgacha boʻlgan LCD-televizorlar va taʼlim hamda biznes sohalari uchun interaktiv sensorli tizimlarni taqdim etadi.

Belarusning Elektron hisoblash mashinalari ilmiy-tadqiqot instituti esa metropoliten uchun yoʻlovchilarni avtomatik tarzda oʻtkazuvchi turniketlarni koʻrsatadi. Mitti datchiklar, intellektual dvigatel va yorqin svetodiodli indikatsiya oʻrnatilgan mazkur model bir soatda 2500 kishini oʻtkazish imkoniyatiga ega.

Belarus davlat universiteti esa yirik shoxli chorva mollari, otlar va uy hayvonlarini davolash hamda profilaktika qilish uchun veterinariya biopreparatlarini namoyish etadi. Ushbu dori-darmonlar bir vaqtning oʻzida virusga qarshi hamda bakteriyalarga qarshi faollik koʻrsata oladi.

“Politexnik” ilmiy-texnologik parki esa kardiologiya, onkologiya va stomatologiya sohalari uchun ultratovushli texnologiyalar hamda tibbiyot uskunalarini taklif qiladi.

Koʻp funksiyali uchuvchisiz komplekslar ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan samolyot tipidagi uchish apparatlari namoyish etiladi. Uchuvchisiz uchish qurilmalari tunda va kunduzi masofadan turib hududlarni monitoring qilish, jinoyatchilik, brakonyerlikka qarshi kurashish, favqulodda vaziyatlarni aniqlash, davlat chegaralarini qoʻriqlash, neft va gaz quvurlari, ekin maydonlari holatini nazorat qilishda qoʻllaniladi.

“LVO” kompaniyasi esa moliya tashkilotlari uchun avtomatlashtirilgan va masofadan turib xizmat qilish tizimlarini taklif etadi. Jismoniy shaxslar arizalarini bank tarixi va kredit roʻyxati maʼlumotlari asosiga qurilgan kredit skoringi; raqamli kanallarda maʼlumot berish, kommunikatsiya va audit xizmatlarini oʻz ichiga olgan vip-banking virtual intellektual platformasi; murojaat boʻyicha elektron hujjatlarni qabul qilish, saqlash, qidirish va berishning avtomatlashtirilgan tizimi shular jumlasidandir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Belarus kompaniyasi Toshkentda oʻtadigan koʻrgazmaga elektrobus olib keladi