09:53 / 29.10.2018
6 912

"Turon24" surishtiruvi: Oqqo‘rg‘onda nima bo‘lgan edi?

"Turon24" surishtiruvi: Oqqo‘rg‘onda nima bo‘lgan edi?
Ijtimoiy tarmoqlarda ust-boshini yechmasdan ariqqa tushib, tizza bo‘yi suvda turgan olti erkakning surati keng tarqaldi. Hatto Mehnat vazirligi ushbu fotosurat olingan joy va bunga sabab bo‘lgan vaziyatni aniqlashga yordam beradigan har qanday axborotni taqdim etishni so‘rab jamoatchilikka iltimos bilan chiqdi. Keyinchalik voqea 25 oktyabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida ro‘y bergani, suratdagi olti kishi bug‘doy vaqtida sug‘orilmagani uchun bir guruh mansabdorlar ko‘z o‘ngida jazolangani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekistonliklar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan voqea bo‘yicha "Turon24" surishtiruv o‘tkazdi.

Voqea qayerda bo‘lgan?

Ayrim saytlar xabar tarqatganidek, voqea “Ozod” MFYda bo‘lmagan. Oqqo‘rg‘onda bunday mahallaning o‘zi yo‘q.

“Ozod” eski nom bo‘lib, ilgari bu yerda shu nomdagi jamoa xo‘jaligi bo‘lgan. Bu joy ayni paytda “Tolovul” mahalla fuqarolar yig‘ini deb ataladi.

Suratdagilar kim edi?

Ijtimoiy tarmoqlarni “portlatgan” suratdagilarning kimligi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Surishtiruvlarimizdan ma’lum bo‘lishicha, suratda Oqqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Murodov, tuman suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Sharof Ahmedov, “Tolovul” mahalla fuqarolar yig‘iri raisi Zokir Isabekov, “Mavlonboy ota” fermer xo‘jaligi rahbari Abror Mavlonov, “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ulom Husanov aks etgan.

Xo‘sh, ular nima uchun suvga tushib olishgan?

Oqqo‘rg‘on tumani hokimi Farhod Omonov "Turon24"ga voqea haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

"O‘sha kuni, eshitishimcha, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha muovinim g‘alla ekiladigan joyga borib, suv boshidagi kamchiliklarni ko‘rgan. U yerda paxta masalasi umuman bo‘lmagan. Ikki fermerni chaqirtirib, g‘alla ekilganiga 15 kun bo‘lgani holda nega u haligacha sug‘orilmaganining sababini so‘rashgan. “Mana, suv bo‘la turib nima uchun sug‘ormading?” degan savolga javob bo‘lmagandan keyin muovinim o‘zi suvga tushib ketgan. Suvga tushgandan keyin haligilarga: “Mana, suv bor-ku, nima uchun qo‘ymayapsan?” degan va “Tush buyoqqa!” deb ularniyam suvga tushirgan. Endi ularni kim rasmga olganini men bilmayman, qishloq xo‘jaligi bo‘limining rahbari biladi, suv xo‘jaligi bo‘limining rahbari biladi".

Bug‘doylar suv yo‘qligi uchun sug‘orilmaganmi?

Oqqo‘rg‘on tumani nainki Toshkent viloyati, balki O‘zbekiston bo‘yicha eng sersuv hududlardan hisoblanadi. “Tuyabo‘g‘iz” suv ombori (xalq orasidagi nomi “Toshkent dengizi”) va Margunenkov (xalq orasidagi nomi “Qonariq”) kanalidan suv ichadi. Tumanda 25 ming 880 gektar ekin maydoni bor. Ayni paytda 351 ta fermer xo‘jaligi, 2 mingdan ortiq tomorqa yer egalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xullas, suv yo‘li sal o‘rganilsa, Oqqo‘rg‘onda suv muammosi yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. U holda 15 kun avval ekilgan bug‘doy nima uchun sug‘orilmagan? 25 oktyabr kuni yuqoridagi oltovlon nima uchun tizzasigacha muzday suvga tushib turgan?

Oqqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Murodovning aytishicha, mutaxassislar bilan g‘alla maydonidagi holatlarni o‘rganib yurishganda “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, ya’ni bug‘doy sifatsiz ekilgani, keyin esa sug‘orilmagani aniqlanadi.

“Sababini so‘raganimizda ariqda suv yo‘q degan gapni qilishdi. Shunda jahl ustida ariqqa tushgandim, qolganlar ham ergashib tushdi”, – deydi u.

Oqqo‘rg‘on tumani hokimi Farhod Omonov yuqorida voqeani biroz boshqacharoq tasvirlagandi. Uning aytishicha, Sherzod Murodov jahl ustida avval o‘zi tushgan, so‘ngra boshqalarni ham suvga tushishga majburlagan. Bu xatti-harakati uchun prokuratura tomonidan eng kam ish haqining besh barobari miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Murodov vakolatini suiiste’mol qilib odamlarni suvga tushishga majburlagani uchun emas, balki boshqa sababga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortilganini aytib o‘tdi:

"Fermer xo‘jaligining olib borayotgan ishini vaqtida va yetarli darajada nazorat qilmaganimiz uchun, belgilangan muddatda agrotexnik tadbirlarni bajarmaganimiz, vaqtida sug‘orishni tashkil qilmaganimiz uchun mana shunaqa ma’muriy jazo berildi. Mendan tashqari tuman qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi bo‘limlarining boshliqlari ham ma’muriy javobgarlikka tortildi".

Aslida nima bo‘lgandi?

Ayrim ommaviy axborot vositalarida qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda qo‘lma-qo‘l bo‘layotgan suratda aks etgan olti kishini bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev ariqda oqayotgan sovuq suv ichida yarim soat turishga majburlagan.

"Turon24" muxbiri suratdagilardan biri – “Tolovul” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zokir Isabekov bilan uchrashib, aslida nima bo‘lganini bilishga qiziqdi.

"O‘sha kuni Zoyir Toirovich(bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev nazarda tutilmoqda – "Turon24")ning guruhi tekshiruvga keldi. G‘alla bo‘yicha ko‘rdi. Bo‘ldi!", – deydi mahalla raisi.

Zokir Isabekov nima uchun yoki kimning buyrug‘iga ko‘ra suvga tushgani, suratga kim olganini aytishni istamadi.

Oqqo‘rg‘on tumani hokimiga ko‘ra bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev o‘sha kuni suratga olingan joyda bo‘lmagan.

“O‘sha kishi Zoir Toirovichni ko‘rganim yo‘q. U inson bizning hududga – Toshkent viloyatiga mas’ul. Oqqo‘rg‘ongayam, Bo‘kagayam, boshqa tumanlargayam. O‘zlarining ishi bilan kelib-ketib yuribdi. O‘zlarining ko‘rsatmasini berib-ketib yuribdi. Aynan o‘sha kuni u qayerda bo‘lganini men bilmayman”.

Fermerlar qayerda?

Suratdagi ikki fermerdan biri – G‘ulom Husanov. U rahbarlik qilayotgan “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligining 77,8 gektar yeri bor. Shundan 48,4 gektariga paxta, qolganiga g‘alla ekkan.

Fermerlarning ikkinchisi – Rahmon Mavlonov. U “Mavlonboy ota” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qiladi. Xo‘jalik ixtiyorida 121,9 gektar yer mavjud. Shundan 68,7 gektariga paxta ekilgan, 39,2 gektariga g‘alla ekilishi rejalashtirilmoqda.

"Turon24" muxbiri har qancha urinmasin, 25 oktyabrdagi voqeaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lgan fermerlar bilan bog‘lana olmadi. Ularni topish va gaplashish yo‘lidagi barcha urinishlar zoye ketdi.

Ularni yaqindan tanigan, biroq ismi sir qolishini xohlagan manbaga ko‘ra fermerlardan biri voqea tafsilotlari ommaga oshkor bo‘lgach Toshkentga ketib qolgan. Ikkinchisi ham hech kim bilan gaplashishni istamayapti. Hokimlik mutasaddilari ham "Turon24"ga fermerlar telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berishmayotganini ma’lum qilishdi.

Bundan tashqari, voqeaga bevosita aloqador Oqqo‘rg‘on tumani suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Tohir Mirzakarimov hamda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Sharof Ahmedovlarni ham topib bo‘lmadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Turon24" surishtiruvi: Oqqo‘rg‘onda nima bo‘lgan edi?