10:30 / 14.02.2019
7 073

Farg‘onada o‘g‘il Damas, ota pora bilan qo‘lga tushdi

Farg‘onada o‘g‘il Damas, ota pora bilan qo‘lga tushdi
Avtomobil transporti agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi inspektori M. Akbarov Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Bog‘dod tumani bo‘limiga ariza bilan murojaat qildi. Bu haqda «Xalq so‘zi» xabar berdi.

Unda ta’kidlanishicha, 2018 yilning 19 oktyabrida o‘zi faoliyat yuritayotgan boshqarma hamda Buvayda tumani IIB YHXG xodimlari hamkorligida qo‘shma reyd o‘tkazilgan. Yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanayotgan haydovchilarni aniqlash maqsadida o‘tkazilgan mazkur tadbir davomida buvaydalik S. T. o‘ziga tegishli bo‘lgan Damas avtomashinasida amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda aholiga transport xizmati ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘lgan va unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilib, avtomashina jarima maydonchasiga olib kirilgan.

Voqeaning qizig‘i ertasi kuni sodir bo‘ladi. Yo‘lovchi tashish qoidasini buzgan haydovchining dadasi U. Q. M. Akbarovga telefon qilib, o‘g‘lining ishida «yordam» qilsa, 500 ming so‘m miqdorida «choychaqa» berishini aytadi. Agentlik xodimi bu taklifni rad etgach, U. Q. boshqa vajlarni keltira boshlaydi. Go‘yoki jarima maydonchasidagi avtomashinani zudlik bilan sotishi kerak bo‘lib qolgan, shuning uchun Damas maydonchadan olib chiqilishi kerak. Fuqaro telefondagi suhbati davomida M. Akbarovning «hojatbarorligi»ni 100 AQSh dollariga baholaydi.

U. Q. deyarli har kuni telefon qilib, avtomashinani jarima maydonchasidan olib chiqishda yordam berishini so‘rab, M. Akbarovni holi-joniga qo‘ymaydi va agentlik xodimi bu haqda departamentning Bog‘dod tumani bo‘limiga murojaat qiladi.

26 oktyabr kuni U. Q. Bog‘dod shaharchasiga kelib, agentlik xodimi bilan xoli joyda uchrashadi va yuqoridagi «xizmat» uchun M. Akbarovga 100 AQSh dollari miqdorida pora berayotgan vaziyatda qo‘lga olinadi.

Joriy yilning 16 yanvar sanasida jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘dod tumani sudi binosida Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan U. Q.ni ayblash haqidagi jinoyat ishi ko‘rib chiqildi va uning jinoiy qilmishi dastlabki tergov organi tomonidan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, deb topildi.

Sud sudlanuvchiga nisbatan eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida jarima jazosini tayinladi. Shuningdek, M. Akbarovga pora tariqasida taklif qilingan 100 AQSh dollari davlat daromadiga o‘tkazildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada o‘g‘il Damas, ota pora bilan qo‘lga tushdi