Kecha Akfa universiteti ochilishi haqidagi xabar tarqalishi bilan ijtimoiy tarmoqlar hazil-huzullarga, kinoya-kesatiqli postlarga to‘lib ketdi. Qaysi sahifa, qaysi kanalga kirmang, albatta Akfa kompaniyasi yoki Jahongir Ortiqxo‘jayev ustidan kulishyapti. Men, to‘g‘risi, odamlarimizni tushunmayman. Ular nima xohlashadi o‘zi? Fikrlar xilma-xilligi yaxshi, albatta. Lekin tanganing ikki tomoniga ham nazar solib ko‘rish kerak.
Endi savol: Akfa universiteti ochilsa, nima bo‘pti? Men ham ko‘pchilik qatori monopoliya, o‘zbekcha aytganda yakkahokimlikning har qanday turiga qarshiman. Ammo kezi kelganda xalqqa manfaat keltiradigan loyihalar uchun ana shu “yakkahokim” deb iddao qilinadigan odamlarning xizmatidan foydalanishga to‘g‘ri kelsa, bunda hech qanday g‘ayriinsoniylikni ko‘rmayapman. Chunki ko‘pchilikning manfaati kamchilikning foydasidan ustun turadi.
Men urg‘uni “Akfa” kompaniyasi egalarining boshqa faoliyatlariga emas, aynan universitet masalasiga qaratmoqchiman. Hech kimimizga sir emaski, har qanday davlatda ham qudratli shirkatlar, boy-badavlat korporatsiyalar iloji boricha jamiyatning har bir qatlamiga kirib borishga urinadi. O‘z biznesini hayotning har bir jabhasida ko‘rishni istaydi. Kimdir xalq uchun kuyganidan, kimdir sof foyda ilinjida. Masalan, Janubiy Koreyaning “Samsung” kompaniyasini olaylik. Uyingizdagi changyutgichdan tortib, qo‘l telefoningizgacha “Samsung” degan yozuvga ko‘zingiz tushadi. Xabaringiz bordir-yo‘qdir, bu kompaniya hatto o‘z avtomobillarini ham ishlab chiqaradi va Janubiy Koreya mashina bozorida o‘zining salmoqli o‘rniga ega. Bunday misollarni esa ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, O‘zbekistonda ham bunday hodisaning yuz berishi tabiiy. Ayniqsa, Akfa kompaniyasining ta’lim sohasiga ham sarmoya kiritishga qaror qilgani - bu quvonarli holat. Sababini mendan yaxshi bilasiz, mavjud oliy ta’lim muassasalari xalqning ehtiyojini qondirish uchun kifoya qilmayapti. Yosh avlodning saflari kengayib borgani sari, ular o‘rtasida raqobat kuchayib, universitetlar yetishmasligidan qanchadan-qancha abituriyentlar har yili ko‘z yosh to‘kadi. Davlat esa majburlikdan chet eldan keladigan har qanday taklifni ko‘rib chiqyapti. Maqsad bitta - xususiy universitetlar sonini ko‘paytirish va o‘z navbatida jamiyatning oliy ta’lim uchun ehtiyojini imkon qadar qondirib, turli ijtimoiy muammolarning oldini olish.
Aynan shuning uchun ham yurtimizda yana bir oliy ta’lim muassasasining ochilishi, u qaysi kompaniyaga tegishli bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘ta ham quvonchli xabar. O‘zbekistonga yangidan-yangi xususiy universitetlar suv va havodek zarur bo‘lib turgan bir paytda odamlarning tinmay qilayotgan kinoya-kesatiqlari esa, oddiyroq qilib aytganda, insofdan emas.
Javohir IZZATULLOH
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Kalyari” Shomurodov bo‘yicha bir qarorga keldi
Toshkent markazidagi ko‘chalardan birida asfalt o‘pirilib tushdi
Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi "U-18 Osiyo-Okeaniya chempionati" g‘olibi bo‘ldi
Toshkentda pullarni ko‘paytirib berishini aytib, fuqaroni chuv tushirgan treyder ushlandi
Abduqodir Husanov Osiyo Kubogi finalida O‘zbekiston termasiga yordam bera olmaydi
Suvning fanga noma’lum bo‘lgan yangi xususiyati topildi
2024 yilga subsidiya miqdori belgilandi
May oyida kutilayotgan ob-havo ma’lumoti taqdim etildi