Peugeot Buyuk Britaniyada narxlarni 10 ming funtgacha arzonlashtirdi

Fransiyaning Peugeot brendi Buyuk Britaniya bozoridagi barcha modellar qatori uchun narxlarni sezilarli darajada pasaytirdi. Kompaniya oʻz avtomobillarini kengroq mijozlar qatlami uchun ochiqroq qilish maqsadida narxlarni 10 000 funt sterlinggacha arzonlashtirganini eʻlon qildi. Ushbu oʻzgarishlar benzinli, gibrid va toʻliq elektr quvvati bilan harakatlanuvchi modellarga taalluqlidir. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Eng katta chegirma Peugeot e-3008 elektr krossoverida kuzatildi. 73 kW/soat akkumulyator va 207 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan ushbu modelning narxi 46 060 funtdan 36 995 funtga tushirildi. Shuningdek, narxning 37 000 funtdan pastga tushishi avtomobilga qoʻshimcha 1500 funtlik davlat grantini olish imkonini beradi, natijada umumiy chegirma 23 foizni tashkil etadi.
Kattaroq hajmdagi yetti oʻrinli Peugeot e-5008 modeli ham 8000 funtga arzonlashib, endilikda 40 595 funt sterlingdan sotilmoqda. Narxlarning pasayishi koʻplab modellarni yillik transport soligʻi (VED) boʻyicha imtiyozli toifaga oʻtkazdi, bu esa egalariga olti yil davomida yana 2200 funt tejash imkonini beradi.
Bundan tashqari, Peugeot 208, 2008, 3008 va 5008 modellarining gibrid versiyalari 2000 dan 3500 funtgacha arzonlashdi. Elektrli Peugeot e-208 va Peugeot e-2008 xetchbek hamda krossoverlari uchun esa mos ravishda 5000 va 6000 funtgacha chegirmalar taqdim etilmoqda.
Peugeot kompaniyasining boshqaruvchi direktori Nicola Dobsonning taʻkidlashicha, ushbu strategik qadam brendning bozordagi mavqeini mustahkamlaydi. Uning soʻzlariga koʻra, narxlarning tushirilishi ham jismoniy shaxslar, ham korporativ mijozlar uchun zamonaviy dizayn va innovatsion texnologiyalarga ega avtomobillarni yanada hamyonbop qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!