RB Leypsig safidagi «Messi» kutilgan natijani koʻrsata olmayapti

Oʻtgan yozda RB Leipzig koʻplab grand klublar bilan raqobatda gʻolib chiqib, Andrija Maksimovic transferini hal qilgan edi. Biroq, katta umidlar bogʻlangan yosh iqtidor Germaniya klubida hali oʻz oʻrnini topa olgani yoʻq. Borussiya Dortmund, Pari Sen-Jermen, Liverpul va Chelsi kabi jamoalar uni oʻz safiga qoʻshib olishni istagan bir paytda, Leypsig 14 million yevro evaziga bu poygada gʻolib chiqqan edi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Maksimovic oʻzining professional faoliyatini Srvena Zvezda jamoasida boshlab, birinchi mavsumidayoq 45 oʻyinda 20 ta golda (10 gol va 10 assist) ishtirok etib, barchaning eʼtiborini tortgan edi. Ayniqsa, Chempionlar ligasi doirasidagi oʻyinlari uning salohiyatini koʻrsatib berdi. U 17 yoshu 188 kunligida ushbu turnirning dastlabki beshta oʻyinida asosiy tarkibda maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylandi va Vensan Kompani tomonidan 20 yil davomida saqlab kelingan rekordin yangiladi.
Uning maydondagi harakatlari, driblingi va pas berish mahorati tufayli unga «Messi» laqabi berilgan. Qizigʻi shundaki, bu laqab unga oʻyin uslubi uchun emas, balki bolaligida soch turmagi Lionel Messi kabi boʻlgani uchun opasi tomonidan qoʻyilgan edi. Ammo Bundesligadagi debyut mavsumi kutilganidek kechmadi.
Mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida olgan son jarohati uning rejalarini buzib yubordi. Murabbiy Ole Werner uni sogʻlom deb eʼlon qilgan boʻlsa-da, Maksimovicga berilgan imkoniyatlar cheklanganligicha qolmoqda. U qishki tanaffusga qadar Bundesligada bor-yoʻgʻi beshta oʻyinda zaxiradan maydonga tushdi, xolos. Germaniya kubogida ham uning ishtiroki bir necha daqiqalar bilan cheklanib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!