date

Ho‘kizni Gentra'ga joylagan o‘g‘ri yo‘lda ushlandi

Ichki ishlar xodimi tunda Lacetti mashinasi salonidagi buqani tekshirmoqda.

Buxoro viloyatida qoramol o‘g‘irligiga urinayotgan shaxs ichki ishlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Holat tungi profilaktik tadbirlar davomida fosh etilgani ma’lum qilinmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 20 may kuni tungi soat 01:30 atrofida Buxoro—Qiziltepa yo‘lida harakatlanib kelayotgan qora rangli Gentra avtomashinasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida shubha uyg‘otgan. Profilaktika inspektorlari transport vositasini to‘xtatmoqchi bo‘lgan, ammo haydovchi qonuniy talabga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.

Ko‘rilgan tezkor choralar orqali avtomashina to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Gentra'ning orqa o‘rindiqlari olib tashlangan bo‘lib, salonda yirik shoxli qoramol tashilayotgani aniqlangan.

Surishtiruv jarayonida qoramol Buxoro tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan biri hududidan yashirincha olib chiqib ketilayotgani ma’lum bo‘lgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘g‘irlanmoqchi bo‘lgan ho‘kizning qiymati taxminan 10 million so‘mni tashkil etadi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida yashovchi shaxs bo‘lib, u muqaddam ham o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining o‘g‘irlik bilan bog‘liq moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Ho‘kizni Gentra'ga joylagan o‘g‘ri yo‘lda ushlandi