06:00 / 03.06.2019
3 845

Qur’on o‘qigan banda...

Qur’on o‘qigan banda...
Qur’on o‘qigan banda vaqtini boy bermaydi,
Har soat daqiqasin yaxshilikka bog‘laydi.
Qur’on o‘qigan banda hech qo‘pollik qilmaydi,
Jami yomon fe’lini halimlikka bog‘laydi.

Qur’on o‘qigan banda haqiqatni anglaydi,
Yurgan yomon yo‘llarin hidoyatga bog‘laydi.
Qur’on o‘qigan o‘g‘il ota-onasin siylaydi,
Ta’zim ila doimo xizmatiga bel bog‘laydi.

Onam - jannatim deydi, otam - davlatim deydi,
Injiqlansa gar ular, mehr bilan siylaydi.
Qur’on o‘qigan ona farzandlarin o‘ylaydi,
Go‘zal tarbiya bilan nur-Islomga yo‘llaydi.

Qur’on o‘qigan ota duo qilib to‘ymaydi,
Hidoyat so‘rab Haqdan, qo‘li sira tolmaydi.
Qur’on o‘qigan erlar nomusini o‘ylaydi,
Ayollarin haqqini burchim, deya qo‘llaydi.

Qur’on o‘qigan ayol oilasin o‘ylaydi,
Yaxshi - yomon kunlarin sabr bilan bog‘laydi.
Qur’on o‘qigan erlar kasbu korin poklaydi,
Rizqini halolligin ibodatga yo‘llaydi.

Qur’on o‘qigan ayol torlikda "dod" demaydi,
Rizqini Allohdan deb, shukurga bel bog‘laydi.
Qur’on o‘qigan ayol kenglikda xovliqmaydi,
Sarmoya sarflashda isrofga yo‘l qo‘ymaydi.

Qur’on o‘qigan kelin baxtini ko‘p o‘ylaydi,
Kelin bo‘lgan uyini o‘z uyim, deb o‘ylaydi.
Qur’on o‘qigan kelin qaysarlik hech qilmaydi,
Chaqimchilab hammani dushman qilib qo‘ymaydi.

Qur’on o‘qigan qaynona yoshligini o‘ylaydi,
Nasihatni Qur’onu, hadis bilan qo‘llaydi.
Qur’on o‘qigan ona qizim omonat, deydi,
Omonat egasini vafo bilan siylaydi.

Qur’on o‘qigan olim ilmin riyo qilmaydi,
Bid’atu xurofotga halqini yo‘llamaydi.
Qur’on o‘qigan olim hidoyatdan toymaydi,
Namozda qoim turib, halqin duo aylaydi.

Qur’on o‘qigan qo‘shni murosani o‘ylaydi,
Janjal qilib har ishda g‘iybat qilib yurmaydi.
Qur’on o‘qigan quda ta’magirlik qilmaydi,
Qudachilik ishlarin Islom bilan bog‘laydi.

Qur’on o‘qigan shogird ustozini siylaydi,
Robbiga duo qilib mag‘firatin so‘raydi.
Qur’on o‘qigan banda jigarlarin o‘ylaydi,
Aloqani Allohning arqoniga bog‘laydi.

Qur’on o‘qigan banda qabrni ko‘p o‘ylaydi,
Har amalin zo‘r qilib, qabrini ziynatlaydi.
Qur’on o‘qigan banda Qiyomatni o‘ylaydi,
Guvoh bo‘lur Qur’on deb, amalga bel bog‘laydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qur’on o‘qigan banda...