
Bizga ma’lumki, yirik korrupsiyalar aholining ko‘plab qatlamlari, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, faollar, ommaviy axborot vositalarining e’tiborini jalb etadi hamda yirik miqdordagi korrupsiyalarga qarshi kurashga qaratilgan chora-tadbirlar ham yanada kuchaytiriladi. Xuddi shu jarayonda yirik korrupsiyadan farq qilgan holda har kuni sodir etiladigan hamda kichik miqdorni tashkil etadigan «mayda» korrupsiya tushunchasi shakllanadi.
«Mayda» korrupsiya, asosan, shifoxonalar, ta’lim muassasalari, soliq idoralari va huquqni muhafaza qiluvchi organlarda sodir etilib, yuridik va jismoniy shaxslarga qonunda belgilangan talablarni chetlab o‘tishga yordam beradi. Asta-sekin ushbu korrupsiya turi yuqori darajadagi keng miqyosli korrupsiyaning yanada xavfli shakllariga aylanib boradi. Korrupsiyaning ushbu turi mamlakatda korrupsiya barcha darajalari mavjudligidan dalolat beradi. «Mayda» korrupsiya qayerda tugashi va yirik korrupsiya nimadan boshlanishi chegarasi o‘rtasida aniq to‘xtamlar mavjud emas.
Yirik korrupsiyaga qaratilgan e’tibor «mayda» korrupsiyalarga qarshi kurashni bir muncha pasaytirishi mumkin. Mazkur holat esa bizni «mayda» korrupsiyalar ta’sirini to‘g‘ri baholashga undaydi.
Kichik korrupsiyalarning ta’sirini to‘g‘ri baholashimiz uchun uning xususiyatlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq:
Birinchidan, «mayda» korrupsiya kam miqdorni tashkil etsada, ko‘plab kishilar hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Tasavvur qilib ko‘radigan bo‘lsak, bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatganlik uchun adolatli narxdan ko‘proq bo‘lgan pul talab qilishning o‘zi muammo hisoblanadi. Sababi bu turdagi korrupsiya natijasida kishilarni birinchi tibbiy yordamga murojaat qilishi keyinga qolishi, kasalliklarni keyingi bosqichga o‘tib ketishi yoki bo‘lmasa shifokor va bemor o‘rtasida ishonchli munosabatni yo‘qolishiga, ya’ni bemorlarda sog‘liqni saqlash xodimlarining kasallarni da’volash emas, balki pul ishlashdan iborat mazmunidagi qarashlarning shakllanishiga olib keladi.
Ta’lim tizimidagi mazkur turdagi korrupsiyalar natijasida jamiyat ma’lumotli, o‘qimishli fuqarolaridan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchidan, «mayda» korrupsiyalar odatda regressiv ko‘rinishga ega bo‘lib, kam daromadli oilalarning resurslarini o‘zlashtirish orqali iqtisodiy tengsizlikni kuchaytiradi. Sababi «mayda» korrupsiyalar uchun belgilangan stavkalar kam ta’minlangan oilalar uchun ko‘p miqdorni tashkil etishi ehtimoli yuqori. Ushbu noqonuniy “soliq” kam ta’minlangan oilalarga zarur tibbiy hamda ta’lim xizmatlaridan foydanishlarini muayyan darajada cheklaydi.
Uchinchidan, «mayda» korrupsiya – bu fuqarolarning bevosita kundalik hayotlarida duch keladigan korrupsiya turi bo‘lib, asosan davlat xizmatchilari tomonidan sodir etiladi hamda fuqarolarning davlat muassasalariga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi.
To‘rtinchidan, «mayda» korrupsiyalar keng tarqalishi yirik korrupsiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Ya’ni korrupsiya muayyan tarmoqda uyushtirilib, unda pora olgan va uning bir qismini yuqori turuvchi amaldorga beruvchi mansabdor shaxslar zanjiri yuzaga keladi.
Shu o‘rinda «mayda» korrupsiyalarga qarshi qaratilgan qonunchilik mazmunini tahlil qilish maqsadga muvofiq.
Qonunchiligimizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodekslariga muvofiq quyidagilar ma’muriy huquqbuzarlik va jinoyat sifatida tavsiflangan:
- Pora olish (JK 210-moddasi);
- Pora berish (JK 211-moddasi);
- Pora olish-berishda vositachilik qilish (JK 212-moddasi);
- Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish (MJtK 1931-moddasi va JK 213-moddasi);
- Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi (MJtK 1932-moddasi va JK 214-moddasi);
- Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish (MJtK 611-moddasi va JK 19210-moddasi);
- Tijoratda pora evaziga og‘dirib olish (JK 1929-moddasi).
Ular orasida pora olish jinoyati mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilganligi yoki pora mansabdor shaxslarga berilganligi fakti huquqbuzarlikning jinoyat sifatida tavsiflanishi uchun asos hisoblanadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1931 va 1932- moddalarida nazarda tutilgan pora olish va berishdan iborat bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklarning sub’ekti esa davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisidir.
Mazkur moddalarda nazarda tutilgan harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin takror sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 213 va 214-moddalarida belgilangan jinoiy javobgarlik kelib chiqadi. Boshqacha qilib aytganda, pora olish va berishdan iborat ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etgan shaxslar ikki toifaga ajratilgan:
1. Jinoyat sub’ekti - davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsi;
Ma’lumot o‘rnida: Mansabdor shaxs - doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo‘yicha tayinlanadigan yoki saylanadigan, hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoxud davlat organlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, mulk shaklidan qat’i nazar, korxonalarda, muassasalarda, tashkilotlarda tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini amalga oshiradigan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxs, xuddi shuningdek xalqaro tashkilotda yoxud chet davlatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, ma’muriy yoki sud organida mazkur vazifalarni amalga oshiruvchi shaxs.
2. Ma’muriy huquqbuzarlik sub’ekti - davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisi.
Ma’lumot o‘rnida: Davlat ishtirokidagi tashkilot deganda, ustav fondida davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat tashkiloti, to‘liq yoki qisman davlat organi yoki davlat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan yoki ta’sis etilgan notijorat tashkiloti tushuniladi. Davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisi deganda mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lmagan shaxs tushuniladi.
Ko‘rib turganimizdek, davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining mansabdor shaxslarining pora olishi yoki ularga pora berish jinoyat qonunchiligi bilan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Agar huquqbuzarlik davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchilari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, huquqbuzarlik sodir etgan shaxs ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Yuqorida “kichik” korrupsiyalar asosan davlat organlarining xizmatchilari tomonidan sodir etilishi ko‘rsatib o‘tilgan edi. Bundan kelib chiqadiki, davlat organining xizmatchilari tomonidan qancha miqdorda pora olinishi yoki ularga miqdoridan qat’iy nazar pora berilishi ularning davlat organida, davlat ishtirokidagi tashkilotda yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organida mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshirishi, mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lmagan shaxs ekanligi inobatga olinib, ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: davlat organida, davlat ishtirokidagi tashkilotda yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organida mansabdor shaxslar ko‘proqmi yoki xizmatchilar? Yoki bo‘lmasa, huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin takror sodir etilganda, jinoiy javobgarlikning belgilanishi mazkur huquqbuzarlikning sodir etilishiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? Xuddi shuningdek, mansabdor shaxs yoki xizmatchining talab qilishi mumkin bo‘lgan pul miqdori o‘rtasida aniq chegarani belgilay olamizmi?
Ma’lumot o‘rnida: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan ko‘rilgan ishlar statistikasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2016 yilda ushbu Kodeks 1931-moddasi bo‘yicha 13 ta ish (30 nafar shaxslarga nisbatan), 1932-moddasi bo‘yicha 89 ta ish (112 nafar shaxsga nisbatan) ko‘rilgan. 2017 yilda esa 1931-modda bo‘yicha 19 ta ish (19 nafar shaxslarga nisbatan), 1932-modda bo‘yicha 28 ta ish (37 nafar shaxsga nisbatan) ko‘rilgan.2018 yilda 1931-moddasi bo‘yicha 33 nafar shaxslarga nisbatan 31 ta ish ko‘rilgan, 1932-moddasi bo‘yicha 78 nafar shaxsga nisbatan 73 ta ish ko‘rilgan.
Mazkur ma’lumotlar ushbu turdagi ma’muriy huquqbuzarliklarning sodir etilishi ko‘payib borganligini ko‘rsatmoqda. Biroq bu statistika ko‘rsatkichlari bundan ko‘proq miqdorlarni ham tashkil etishi mumkinligini ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Ya’ni bu turdagi huquqbuzarliklar ba’zi hollarda Jinoyat kodeksida belgilangan pora olish-berishda vositachilik qilish (212-modda) yoki firibgarlik (168-modda) jinoyatlari tarkibini berib, mazkur moddalar bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.
Xorijiy davlatlar qonunchiligiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, pora olish va berish, unda vositachilik qilish kabi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik faqatgina jinoyat qonunchiligi bilan tartibga solinganligini ko‘rish mumkin.
Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Litva, Belorussiya, Qozog‘iston va Ukraina kabi davlatlar ma’muriy qonunchiligiga nazar tashlasak, ushbu davlatlarning Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodekslarida pora bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar ko‘zda tutilmagan. Mazkur davlatlarda bu turdagi huquqbuzarliklar jinoyat qonunchiligi bilan tartibga solingan.
Xususan, Germaniya Jinoyat kodeksi 351-bo‘limida pora olganlik uchun javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, mansabdor shaxsning o‘zi yoki uchinchi shaxs manfaatini ko‘zlab o‘z xizmat burchini va o‘ziga yuklatilgan maxsus vazifalarni bajarishi uchun biror narsa talab qilishi, qabul qilishi 3 yildan oshmagan muddatga qamoq jazosiga yoki jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur moddaning 2-qismiga muvofiq, sud’ya yoki hakamning o‘zi yoki uchinchi shaxs manfaatini ko‘zlab kelajakda sud hujjatining ijro etilishi faktini orqaga qaytarish bilan bog‘liq harakatlarni bajarishi uchun biror narsa talab qilishi, qabul qilishi va urinishi 5 yildan oshmagan muddatga qamoq jazosiga yoki jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi.
Agar huquqbuzar imtiyozlarni talab qilmagan yoki qabul qilmagan bo‘lsa yoxud vakolatli davlat organi o‘z vakolatlari doirasida unga imtiyozlarni qabul qilishga va bu haqda zudlik bilan hisobot taqdim etishiga ruxsat bergan hollarda yuqorida ko‘rsatigan bandlar bo‘yicha javobgarlikka tortilmaydi. Keyingi moddalarda xizmat vazifasini buzgan holda pora olganlik (332-bo‘lim), pora berganlik (333-bo‘lim), xizmat vazifasini buzganligi uchun pora berish (334-bo‘lim), tijoratda pora olish va berish (299-bo‘lim) uchun javobgarlik belgilab quyilgan.
Germaniya Jinoyat kodeksi 351-moddasida “mansabdor shaxs” deb belgilab quyilishi asosida ushbu Kodeksning 11-moddasida ular toifasiga davlat xizmatchilari kiritilishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Xuddi shu tarzda Ozarbayjon Jinoyat kodeksi 311-moddasida pora olganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi belgilanib, “mansabdor shaxslar” atamasi davlat va mahalliy tashkilotlarning rahbarlari va xodimlariga nisbatan qo‘llanishini ham nazarda tutgan.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, aksariyat xorijiy davlatlarning jinoiy qonunchiligida davlat xizmatchilari bilan bog‘liq jinoyatlar “Davlat xizmati to‘g‘risida” gi qonuni bilan bog‘liq ravishda talqin etilgan. Ya’ni, Jinoyat kodeksi normalari davlat xizmatchilarining toifalarini belgilashni “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunga havola qilgan.
Jumladan, Litva Jinoyat kodeksi 368-moddasida ko‘zda tutilgan pora olish jinoyati sub’ekti “Davlat xizmati to‘g‘risida” gi qonunning
6-moddasida nazarda tutilgan davlat xizmatchilari toifalari bo‘lishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Ko‘rinib turibdiki, qonunchiligimizda davlat xizmatchilari maqomini belgilovchi qonun hujjatining mavjud emasligi boshqa qonunchilik sohalariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib, bo‘shliqlar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Xulosa o‘rnida...
«Mayda» korrupsiya yirik korrupsiya kabi dolzarb masala sifatida qaralmasada, bu oddiy aholinining kundalik hayotiga va umuman, jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning natijasida kishilar farovonligiga zarar yetkaziladi, tengsizlik kuchayadi, davlat institutlari faoliyati sustlashadi va korrupsiyaning boshqa shakllarini oziqlantirishga ko‘maklashadi.
Mayda korrupsiya holatlariga qarshi kurashish maqsadida, quyidagilar taklif qilinadi:
1. Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdan pora olish va berishdan iborat bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklarni chiqarib tashlash hamda bu turdagi huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik belgilash lozim.
2. Jinoyat kodeksinin 210 va 211-moddalarida nazarda tutilgan pora olish va berish jinoyatlari dispozitsiyasiga “davlat xizmatchilari” tushunchasi kiritilishi bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, ya’ni pora olish va berishning ijtimoiy xavfliligi, berilgan yoki olingan mukofotning (pulning) miqdori yoki bo‘lmasa yetkazilgan zararga qarab muqobil jazo choralarini belgilash maqsadga muvofiq.
3. Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilganda qo‘llaniladigan jinoiy jazoning bir turi sifatida majburiy jamoat ishlari belgilanishi lozim. Ushbu jazo turi jinoyatchilarni tarbiyalashga, ma’suliyatini oshirishga qaratilganligi sababli korrupsiya jinoyatlari sanksiyalarida nazarda tutilishi o‘rinlidir.
4. Davlat xizmati tizimining qurilishi va ishlash tamoyillari, davlat xizmati kadrlar tarkibini shakllantirish, davlat xizmatiga kirish, uni o‘tash va to‘xtatishga qo‘yilgan asosiy talablar, davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilishni nazarda tutuvchi davlat xizmati to‘g‘risida qonun qabul qilish lozim.
Adiba Safarova
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar