
2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini yaratish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.
Unda korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday xizmatlarni raqamlashtirish, ularni “yagona darcha” tamoyili asosida berish va davlat xizmatlari markazlariga o‘tkazish nazarda tutildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi Farmoni bilan Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilib, bu fuqarolarning davlat organlari bilan o‘zaro aloqasining yangi bosqichini boshlab berdi. Uning muhim vazifalaridan biri byurokratiyaga barham berish, korrupsiya holatlari yuzaga kelishining oldini olish, davlat xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirishdan iborat etib belgilandi.
Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘yicha jami davlat xizmatlari markazlari soni 201 tani tashkil qilib, respublikamizning har bir tumanida faoliyat yuritmoqda. Ular orqali 120 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda va ularing soni tobora oshib bormoqda. Joriy yilning oxiriga qadar Markazlar orqali 160 dan ortiq shaffof, qulay va tezkor davlat xizmatlarini ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash lozimki, shu qisqa davr mobaynida yaratilgan mazkur tizim xalqimizga tezkor va sifatli xizmatlar ko‘rsatadigan ishonchli “ko‘prikka” aylandi. Eng asosiysi, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida ularning shaffofligi ta’minlandi, foydalanish sifati va imkoniyati tubdan yaxshilandi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Markazlar orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga 2017 yilda 120 mingga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, xizmat turlari ortganligi hisobiga, joriy yilning 10 oyi davomida ushbu ko‘rsatkich qariyb 9 mlndan oshib ketdi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini aholi va tadbirkorlik sub’ektlari ehtiyojlarini to‘liq qanoatlantirish va sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari tajribasi asosida davlat xizmatlarini tashkil etishda tashrif buyuruvchilar navbatini boshqarish, xodimlar faoliyatini baholab borish hamda xizmat ko‘rsatish samarasini avtomatik tarzda tahlil qilib boruvchi “aqlli” tizim joriy etildi. Shuningdek, Buyuk Britaniyaning “Kompanis xaus” kompaniyasi ilg‘or tajribasiga asoslangan holda, bizda ham tadbirkorlarga bo‘lajak biznes hamkoriga oid, masalan, ro‘yxatdan o‘tgan vaqti, ustav jamg‘armasi miqdori, muassislari haqidagi ma’lumotlarni onlayn rejimda olish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilarning navbatini tartibga solish va ularga xizmat ko‘rsatishni baholab borish maqsadida, Shvetsiyaning “QMATIC” kompaniyasidan olingan elektron navbat hamda baholash tizimlari o‘rnatildi.
Yana bir misol, yaqinda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan vakolatli idoralar bilan birgalikda ko‘chmas mulk ob’ektlarini Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektiga nisbatan qaysi vakolatli organ tomonidan, qanday asoslarga ko‘ra ta’qiq yoki xatlov qo‘yilganligini aniqlash imkoniyati yaratildi.
Shu kunga qadar, jismoniy va yuridik shaxslar bu jarayonda turli idora va tashkilotlarga birma-bir yozma ariza bilan murojaat qilishlariga majbur bo‘lishardi. Sabab shuki, amaldagi qonunchilikka muvofiq ta’qiq yoki xatlovning mavjudligi ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad qilish uchun asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, xozirgi kunda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan ham davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kengroq joriy etishga qaratilgan tahlil-tadqiqot ishlari amalga oshirildi.
Tahlil-tadqiqot jarayonida 50 ta davlat xizmatlari turlari va ularni tartibga soluvchi 34 ta normativ-huquqiy hujjatlar tahlil qilinib, shundan 27 ta normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda 7 ta normativ-huquqiy hujjat bo‘yicha o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida tegishli qonun hujjati loyihalari tayyorlandi.
Mamlakatimizda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini izchillik bilan takomillashtirilishi va modernizatsiya qilinishi, aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirish imkonini beradi. Mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarga yo‘l qo‘ymasdan, jismoniy va yuridik shaxslarga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilishi, markazlar tomonidan davlat xizmatlari servisining yuqori sifati, tezkorligi, shaffofligi, qulayligi va foydalanish imkoniyatining ta’minlab berilishi korrupsiya va byurokratiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
bo‘lim boshlig‘i
S.Avezov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
bo‘lim boshlig‘i
S.Avezov
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar