Portugaliya futbolida yangi voqea keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Joze Mourinioning «Benfika» bosh murabbiyi etib tayinlanishi uning sobiq jamoasi «Port-u» muxlislari orasida qattiq norozilik uyg‘otdi.
Ma’lumki, Joze Mourinio murabbiylik faoliyatining ilk va eng yorqin bosqichlaridan biri aynan «Port-u» bilan bog‘liq. U 2004-yilda jamoani Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibligiga olib chiqqan va Portugaliya futboli tarixida o‘chmas iz qoldirgandi. Shu bois, ko‘plab ishqibozlar uni klub ramziy shaxsiyati sifatida qabul qilishgan.
Biroq ayni paytdagi voqealar muxlislarning taassurotlarini butunlay o‘zgartirdi. «Riu Av»ga qarshi kechgan bahs paytida «Port-u» ishqibozlari Mourinioga qarshi haqoratli qo‘shiqlar kuylab, o‘z g‘azabini oshkor qildi. Ularning nazaricha, klub tarixi va nomini katta bosqichga olib chiqqan murabbiyning asosiy raqibga o‘tishi — beqiyos xiyonatdir.
Ammo buning salbiy oqibatlari tez orada o‘zini ko‘rsatdi. Portugaliya futbol federatsiyasi «Port-u» klubiga ishqibozlarning tartibsizligi uchun rasman 3190 yevro jarima soldi.
Eslatib o‘tish joiz, Joze Mourinio yaqinda «Benfika» bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Unga qadar esa Portugaliya mutaxassisi Turkiyada «Fenerbaxche» jamoasini boshqargan, ammo ayni paytda u yerdagi lavozimidan ketgandi.
Shubhasiz, Mourinioning «Benfika»dagi faoliyati Portugaliya futbolida yana ko‘plab qiziqarli voqealar va mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin. «Port-u» ishqibozlari esa bu qarorni hech qachon kechirmasligini allaqachon namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!