O‘zbekistonda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Nazorat inspektsiyasi Xitoyda ishlab chiqarilgan uchta mahsulotning importiga taqiq qo‘yilganini xabar qildi. Bu qaror mamlakatdagi iste’molchilarning xavfsizligini ta’minlash va sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish maqsadida qabul qilindi.
Toshkent shahridagi O‘rikzor bozori’da sotilayotgan, Xitoyda ishlab chiqarilgan Mozere brendi ostidagi soch quritish moslamasi (fen)ga nisbatan nazorat xaridi o‘tkazildi. Laboratoriya tekshiruvlari natijasida, ushbu fening belgilangan standart talablariga mos kelmasligi aniqlandi. Mahsulotning salbiy oqibatlari quyidagilar:
-
Tok qarshilig‘ini oshirish;
-
Tok o‘tkazgichdan oqim o‘tganida sezilarli darajada qizib ketish;
-
Izolyatsiyaning haddan tashqari qizib ketishi;
-
Yonish va yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin;
-
Uskunaning xizmat muddati qisqarishi.
Shuningdek, Marg‘ilon shahridagi bozorda sotilayotgan, Xitoyda ishlab chiqarilgan FABOLAI brendi ostidagi 800 ml hajmdagi “Gel dlya dushi” mahsuloti ham laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilgan. Mahsulotdan olingan namunalar standart talablariga mos kelmasligi aniqlandi. Salbiy oqibatlari quyidagilar:
-
Terining qichishi, qizarishi yoki allergik reaksiyalar;
-
Teri to‘qimalarining yallig‘lanishi;
-
Nafas yo‘llariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi;
-
Terining tabiiy muvozanatini buzishi, bu esa bakterial yoki zamburug‘li kasalliklarga olib kelishi mumkin.
Navoiyning Story savdo do‘konida sotilayotgan, Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan “Soldering Iron” va “Epica Star” rusumli elektr lehimli dazmollar ham nazoratdan o‘tkazilgan. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, mahsulot standart talabiga mos emasligi ishlatilishi jarayonida iste’molchilarning hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutaxassislari iste’molchilarga bunday mahsulotlarni sotib olayotganda ularning sertifikatlari va xavfsizlik belgilari haqida e’tibor qaratishni, shuningdek, sifati shubhali asbob-uskunalardan foydalanmaslikni tavsiya etmoqdalar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!