date
views 4 621

Qur’onni ruschaga o‘girgan olima: “Islom haqida uydirmalar ko‘p”

Qur’onni ruschaga o‘girgan olima: “Islom haqida uydirmalar ko‘p”
“Bir nafar bo‘lsa-da, begunoh odamni o‘ldirgan kishi hech qachon jannatning isini tuymaydi”, “Allohing tomonidan yaratilgan qalbni o‘ldirma” deyiladi muqaddas Qur’onda. Terroristik aktni sodir etgan kimsa o‘sha zahoti musulmonlikdan ham mosuvo bo‘ladi. U – jinoyatchi!” deb hisoblaydi Qur’on ma’nolarining rus tiliga tarjimoni, 2010 yildan e’tiboran “Konfessiyalararo kelishuv va barqarorlik” xalqaro fondining prezidenti Valeriya POROXOVA.

– Nima uchun butun dunyodagi terrorchilar islomni niqob qilishadi. Axir “islom terrorizmi” degan tushuncha osmondan tushmagan-ku?!
– Dunyo dinlarining barchasi ularni e’lon qilganlar nomi bilan atalgan: buddaviylik, zardushtiylik, iudaviylik, xristianlik. O‘z nomidayoq aniq va mukammal ma’noni mujassam etgan yagona din, bu – ISLOMdir. Va bu so‘z – tinchlik, xotirjamlik, xavfsizlik ma’nolarini anglatadi. “Islom terrorizmi” iborasini xohlagan xorijiy tilga, jumladan, rus tiliga tarjima qilsak, “tinchlikparvar terrorizm” yoxud “xavfsiz terrorizm” degan filologik jihatdan axmoqona, borib turgan mazmunsiz bir narsaga ega bo‘lamiz. Bu esa mazkur iborani har qadamda qo‘llayotgan kishilarning hayron qolarli darajada savodsizligi va omiligidan yaqqol dalolat beradi.

– Lekin Siz, harqalay, Qur’onda “jihod” – “dinsizlar bilan muqaddas urush” degan tushunchalar ham borligini inkor qilmasangiz kerak?/b]
– Aksariyat islom faylasuflarida chinakam “jihod” – insonning o‘z nafsini o‘ldirishi, unga qarshi urushi sifatida talqin etiladi. Shu nuqtai nazardan asl jihod – o‘z nafsidan g‘olib kelish, ruhoniy komillikka yetishish yo‘lidir.
Jihod tushunchasini o‘zgacha talqin etish – uni insonning ruhiy chiniqish omilidan dinsizlarga, shu jumladan, o‘zlarining qarashlariga qo‘shilmaydigan musulmonlarga qarshi qurolli kurash omiliga aylantirish –itoatsizlik, isyon, fitna sifatida islom dinida qat’iy qoralanadi. Qur’onda “Fitna qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” deyilgan bo‘lsa-da, boyagi “jihodchi”lar uning qonuniyligini da’vo qilishadi.

[b]– “Ularni qayerda topsangiz, o‘ldiringiz va sizlarni chiqargan joydan ularni chiqaringiz”. Bu gaplar Qur’on oyatlarida bor-ku.

– Mazkur suraning oldingi oyatlari, bilsangiz, bunday yangraydi: “Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo‘lida jang qilingiz, (lekin) haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi”. Keyin Siz keltirgan oyat. Uning davomi esa quyidagicha: “Fitna qotillikdan ham ashaddiyroqdir. Ular (birinchi bo‘lib) boshlamaguncha, Masjidul Haramda ular bilan urushmangiz. Agar urushni (Masjidul Haramda) boshlasalar, u holda ularni o‘ldiringiz! Kofirlarning jazosi shundaydir”. Keyingi oyatlarda esa mana bunday davom etiladi: “Agar (shirk va tajovuzkorlikdan) qaytsalar, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmdildir”, “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi. Bas, kim shayton (yoxud butlar)ni inkor etib, Allohga imon keltirsa, demak, u mustahkam halqani ushlabdi. Alloh eshituvchi va biluvchidir”.

– Radikal qarash egalari bo‘lmish islomchilar Siz bilan kelishmasliklari aniq…
– Vahhobiylarni nazarda tutyapsizmi? XVIII asrda yashagan Muhammad Abdul Vahhobning vazifasi o‘z hududi, milliy mentaliteti hamda o‘z davri bilan qat’iy chegaralangan edi: o‘sha hudud arablari qur’oniy islomdan uzoqlashib, turli adashish va aynishlarga berilib ketishgandi. Vahhob ularni to‘g‘ri yo‘lga solish, Xudoga qaytarish da’vosi bilan chiqqan.

Maqsad, garchi ezgu bo‘lsa-da, biroq uni amalga oshirish strategiyasi shafqatsiz va qonli tus oldi. Shu tufayli ham o‘z davridayoq bu harakat keskin qoralangan. Bugun bu o‘lik va xavfli doktrinani faqat madaniy-ma’rifiy, iqtisodiy darajasi juda past mamlakatlardagina “muvaffaqiyatli” qo‘llash mumkin. O‘sha o‘lkalarda go‘yo dinsizlarga qarshi kurashyapmiz, deb o‘ylansa-da, aslida insonlar hayot farovonligidagi keskin farqlarga qarshi jang bormoqda. Shunga ko‘ra, dinni shafqatsiz siyosatdan ajrata bilish talab etiladi.

– “Allohning kelinchaklari” degan shahidchi ayollar qayerdan paydo bo‘lishyapti? Ularni, harqalay, chillaki ruhoniy yetakchilari “oq fotiha” berib, o‘lim sari yo‘llashayotgani aniq.
– “Jannatdagi qizlar” to‘g‘risida ko‘p gapiruvchi “shayx” va “mulla”lar, aslida, musulmon qavmidan bo‘lmay, ular chinakam islom qadriyatlarini targ‘ib etishdan manfaatdor emaslar. Payg‘ambar Muhammad alayhissalomning Islomda zo‘ravonlikka (terrorga), o‘z joniga qasd qilishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi o‘lmas o‘gitlari esa ko‘plab hadislardan o‘rin olgan. O‘sha hadisi shariflarning birida, jumladan, shunday deyiladi: “O‘z joniga qasd qilgan kishi olov bilan jazolanadi va bu olov ichida mangu qoladi”.

– Islomda ayollar huquqqa ega emas, degan qarash mavjud. Ayol to‘rtinchi xotin bo‘lishi ham, agar ajrashishni xohlasa, hech narsasiz qolishi ham mumkin. Hatto masjidlarda ham erkaklar bilan bir safda tura olmaydilar…
– Bu qarash – borib turgan omilik, g‘irt jaholatdan tug‘ilgan daqqilik – stereotipdir. Holbuki, ayollar hech qayerda islomdagichalik huquq va imkoniyatlarga ega emas. Agar ayol boshdan-oyoq qora libosga o‘ralib olgan bo‘lsa, bilingki, bu rangning “Qur’on”ga zarracha ham aloqasi yo‘q. Yaratgan aytadi: “Biz sizga foydalanishingiz uchun turli xil ranglarni muhayyo qildik”. Va ayollar “zeb-ziynatlar taqib, eng chiroyli liboslarda” erlariga ko‘rinishga buyurilgan…

Darvoqe, bugungi arablar ko‘proq Qur’onning to‘rtinchi surasidagi quyidagi oyati karimaga amal qilishmoqda: “…Bordiyu (ular o‘rtasida) odil bo‘la olmaslikdan qo‘rqsangiz, bir ayolga (uylaning)…” Bu yerda gap ko‘proq mulkiy tenglik, adolat xususida bormoqda. Binobarin, ko‘pxotinlilik faqat favqulodda holatlardagina amal qiladi. Deylik, xotin bepusht bo‘lsa yoxud eri bilan ruhiy yoki jinsiy nomuvofiqliklar vujudga kelgan taqdirda. Ana shu holatlarda er birinchi ayoli bilan oilaviy hayotni davom ettirgan holda ikkinchi bor uylanishi mumkin. Biroq Sharq mamlakatlarida bunday nikohlar salmog‘i nihoyatda kam. Suriya, Livan, Iordaniya, Iroq singari ayollar erkin mamlakatlarda esa, ayrim istisnolarni aytmasa agar, ko‘pxotinlilik deyarli yo‘q.

Yana bir qiziq faktni aytaman sizga. Arab oilasidagi ayol ishga kirsa, uning topgan puli oila budjetiga emas, faqat o‘z kissasiga tushadi. Ko‘rinadiki, musulmon ayoli nasroniy oila ayolidan ko‘ra ko‘proq huquqqa egadir…
Masjidlardagi alohida binolar masalasiga kelsak, buning izohi quyidagicha: namozni ado etayotgan ayolning ruku’ga engashgan yoxud sajdaga bosh qo‘ygan holatiga erkak kishining ko‘zi tushishi har ikki tomon uchun noqulaylik tug‘diradi. Eng muhim sababi shu – islomdagi uyat va andisha hissi. Darvoqe, aksariyat masjidlarning ayollarga ajratilgan binolari qalin gilamlar va ostidan istiladigan pollarga ega ekanini ham aytib qo‘yishim kerak.

– Biroq nega arab ayollari baribir hijobda yurishadi?
– Qur’onda ayollarga shunday buyuriladi: “Boshingizni va ko‘kragingizning o‘yiq joyini ro‘mol bilan berkiting”. Shuningdek, shaffofligi va tanani qisib turishi evaziga shahvat uyg‘otuvchi kiyimlardan barcha insonlar qaytariladi. U yog‘ini surishtirsangiz, Qur’on nozil bo‘lishidan ancha avval ham xristianlar doim boshini o‘rab yurishgan. Buning isbotini rus mumtoz rangtasvir asarlarida barcha nasroniy qizlarning boshi jag‘i aralash ro‘mol bilan tang‘ilgan holda tasvirlanganida ham ko‘ramiz.

– Sizning Qur’on o‘girmangiz “ma’nolar tarjimasi” deb atalgan. Bu ayrim tushunchalar talqinida turli nuqtai nazarlar uchrashi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak-da?
– Qur’on bugungi og‘zaki arab tilidan jiddiygina farq qiladigan mumtoz arab tilida nozil bo‘lgan. Bu esa so‘zlarning ma’nosini beixtiyor chalkashtirib yuborishga olib kelishi mumkin. Talqinchining ilmiy-ma’rifiy darajasi haqida esa gapirmasak ham bo‘ladi. Zero, bu Abadiy Kitobning tarjimoni o‘nlab fanlarning bilimdoni bo‘lmog‘i lozim. Balki shuning uchundir, eng mashhur olimlar ham o‘zining tarjimasi asliyatga mos ekanini da’vo qilishgan emas. Qur’onni ingliz tiliga o‘girgan mashhur tarjimon, arabshunos olim Marmadyuk Piktal ham o‘z variantini “deyarli mos” deya olgan, xolos. Bizning sharqshunosimiz Ignatiy Krachkovskiy esa o‘z tarjimasini Qur’on nomi bilan chop etilishiga mutlaqo qarshi bo‘lgan. Shuning uchun mening mehnatim ham “Ma’nolar tarjimasi” nomini oldi.

Yekaterina BICHKOVA suhbatlashdi.

Tarjimon: Rahmon QO‘CHQOR


Saytda chop etiladigan mualliflik maqolalarida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular Zamin.uz tahririyati nuqtai nazarini ifoda etmasligi mumkin.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qur’onni ruschaga o‘girgan olima: “Islom haqida uydirmalar ko‘p”