18:35 / 28.12.2019
2 630

Elchi: Turk tadbirkorlari bilan muzokara o‘tkazadigan tadbirkorlarimiz yo‘q

Elchi: Turk tadbirkorlari bilan muzokara o‘tkazadigan tadbirkorlarimiz yo‘q
Nima uchun turk tadbirkorlari bilan o‘zbek tadbirkorlari emas, hukumat vakillari uchrashmoqda, buning sababi nimada? O‘zbekistonda o‘ta boy odam bo‘lmaydi. O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A’zamxo‘jayevga ko‘ra, mamlakatda o‘tgan davr mobaynida boy bo‘lishga chegara qo‘yilmaganida, bugungi kunda turk tadbirkorlari qarshisida o‘zbek tadbirkorlari muzokara olib borgan bo‘lar edi.

O‘zbekistonga Turkiya investitsiyasini jalb etish qanday amalga oshirilmoqda? O‘zbek-turk munosabatlari qanday rivojlanmoqda? Anqaradagi xorijiy diplomatik korpus vakillari O‘zbekistonning qaysi faoliyatiga qiziqish bildirmoqda? Elchi A’zamxo‘jayevning ideali kim?

O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi, sobiq deputat Alisher A’zamxo‘jayev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida shu va boshqa mavzular yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

- Alisher aka, keling uzoq yo‘lni yaqin qilaylik. O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining hozirgi ahvoli va kelajagini nimalarda ko‘ryapsiz?
«Elchilik haqida gapirdingiz, shuning uchun, suhbatimiz boshida elchi kim, degan savolga qisqacha izoh bersam. Sobiq Ittifoq davrida “kim diplomat bo‘la oladi, degan savolga o‘qish, tinglash va yozishni bilgan, ya’ni o‘qigan va eshitgan narsasini Vataniga yoza bilgan inson diplomat bo‘lishi mumkin, degan tushuncha bo‘lar edi.

Zamonaviy O‘zbekistonni oladigan bo‘lsak, diplomatiya faoliyatida islohotlarni boshlagan kishi prezident Mirziyoyev bo‘lib, diplomatlar tushunchasini 180 darajaga o‘zgartirib yubordi. U kishi men bilan suhbatda “siyosiy diplomatiya emas, iqtisodiy diplomatiya kerak, Turkiyadan investitsiya va sayyohlarni jalb qilish kerak”ligini uqdirdi».

Alisher A’zamxo‘jayevning bildirishicha, u 2 yil mobaynida Turkiyaning 81ta viloyatidan 32tasiga borgan va O‘zbekistondagi investitsion muhit va turistik salohiyati, ayniqsa ziyorat turizmiga doir taqdimotini o‘tkazgan.

«Bilasizmi, hozir bizning usulni qo‘shni mamlakatlar elchixonalari ham oldi. Oldimga kelib, “mamlakatimiz rahbarlari O‘zbekistonda yangicha usulda ish boshlanyapti, deyishdi. Nima ish qilyapsizlar”, deb so‘rashgach, biz tushuntirib berdik. Ularga prezident videoselektor majlisi orqali elchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishini aytib bersak, elchilar tushunishmayapti».

A’zamxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, u Ukrainada elchi bo‘lgan vaqtida diplomatik korpus vakillari bilan tanish bo‘lgan, biroq Turkiyada ko‘proq hududlarga chiqayotgani bois, Anqaradagi xorijiy davlatlar dipkorpuslari bilan unchalik ham tanish emas, ammo o‘tgan davr mobaynida 5 mingga yaqin turk tadbirkori bilan suhbatlashgan. Ularni O‘zbekistonda biznes yuritishda qiynayotgan masalalar, duch kelayotgan muammolari yuzasidan to‘liq tasavvurga ega. Jumladan, turkiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonga borganida tadbirkorlar yoki biror konsalting firmasi bilan emas, mahalliy hokimiyat vakillari, rahbarlari bilan uchrashishga majbur bo‘lishmoqda.

«Biz, - deydi A’zamxo‘jayev, - o‘tgan chorak asrlik davr mobaynida mulkdorga, tadbirkorga shubha bilan qaramaganimizda, boy bo‘lishga chegara qo‘ymaganimizda, bugungi kunda turk tadbirkori qarshisida mahalliy hokimiyat vakillari emas, aksincha o‘zbek tadbirkori turgan bo‘lar edi.

Bilasizmi, 1990 yillar boshida Toshkent shahri tumanlaridagi hokimlardan biri Singapurga delegatsiya tarkibida borib keldi. Qaytganidan so‘ng, ko‘rishdik. U Singapurda tadbirkorlardan biri bilan suhbatlashgani, u mahalliy hokimini tanimasligi, soliqlarni to‘lab qo‘ygan ekan, hokimni tanishi shart ham emasligini qayg‘urib so‘zlab berdi. Men unga «bu eng ideal jamiyat namunasi-ku, biz shuning uchun kurashmoqdamiz axir», degan edim».

Intervyuning to‘liq versiyasini quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Elchi: Turk tadbirkorlari bilan muzokara o‘tkazadigan tadbirkorlarimiz yo‘q