date
views 2 415

Qonuniy vaqt

Qonuniy vaqt
Sifat baribir sifat! Inson har bir narsaning yaxshisi, a’losi, sifatlisiga intiladi. Kiyim-bosh, yemoq-ichmoq, uy-joy, er-xotin, bola-chaqa, ta’lim-tarbiya, kasb-kor, ish-joy, oshna-og‘ayni, qarindosh-urug‘ — hayoti bekamu ko‘st bo‘lishini istamagan bormi o‘zi? Yo‘q, albatta! Baxtli umr kechirish har kimning orzusidir.

Biroq besh barmoq barobar bo‘lmaganidek, odamlarning iqtidoriyu imkoni turlicha. Shuning uchun ham har kim o‘ziga xos va o‘zicha bir barmoq. Barmoqlar birlashsa, nima bo‘ladi? Musht bo‘ladi! El-yurt birlashsa-chi? Millat!

2016 yili kuzida boshlangan sifat jihatidan yangi bosqichimizning barcha yo‘nalishi, har bir pallasini el qatori biz ham baholi qudrat sinchiklab kuzatib, o‘rganib, o‘zimizcha xulosalar qilib kelmoqdamiz. Hayotimiz shunchalar tez o‘zgarmoqdaki, ba’zan yuz berayotgan yangiliklarni aqlan hazm qilishga ulgurmaydi kishi. Ayniqsa, oxirgi ikki oy voqealarini...

Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar
Prezidentimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi majlisidagi chiqishlarida, parlament va mahalliy Kengashlarga o‘tkazilgan saylovlar, O‘zbekistonimiz uchun katta siyosiy imtihon bo‘lgani, xalqimiz bu sinovdan yorug‘ yuz bilan o‘tganiga bejiz urg‘u bermadilar. Negaki, bu galgi saylovlarni o‘zimizda ham, tashqarida ham barcha kutdi: kimlardir, nima bo‘lar ekan, deb, kimlardir, uch yilda nima o‘zgardi, deb. Bosh­qacha bo‘lishi mumkin ham emasdi.

Umumerkinlik muhiti, demokratik islohotlar, chinakam bozor iqtisodiyotiga o‘tishga rosmana bel bog‘langani, eng muhimi, ongli ravishda odamlarni ongli qilish davlat ­siyosatiga aylangan sharoitda o‘ta tez kechgan uch yillik qisqa muddat natijasi hammaning diqqat markazida turishi tabiiy edi. Shu ma’noda, yangi saylovlar bundan atigi to‘rt yil burun biron kim xayoliga ham keltirmagan, kutmagan tarz, ko‘lam va shiddatda boshlangan tarixiy o‘zgarishlar jamiyatimiz ­dunyoqarashi va fe’l-atvoriga nechog‘liq ta’sir ko‘rsatganini imtihon qiluvchi o‘ziga xos qil ko‘prik bo‘lishi boshdanoq ayon edi.

To‘g‘ri, butun yurt, uning har bir parchasini o‘z domiga ­tortgan, millionlab kishilar qatnashgan ulkan siyosiy jarayonning bekamu ko‘st o‘tmasligi turgan gap. Mazkur nuqsonlar so‘nggi yuz yil ichida shakllanib, ildiz otgan “saylovchilik madaniyati”ning ­sarqitlaridir, desak, adolatdan bo‘ladi. Muhimi, ular yashirilmadi, xaspo‘shlanmadi, jamoatchilik tanqidiga uchradi, davlat tomonidan qonuniy choralari ko‘rildi. Tushungan va xolislar uchun bu ham aslida bizning yutug‘imizdir. Zero, shu tariqa biz o‘z xatolarimizni tan olish va ularni yo‘qotishga qodirligimizni bildik, ko‘rsatdik.

Eng asosiy marramiz esa, milliy yetakchimizning ushbu haqqoniy xulosalarida o‘z ifodasini topdi ­desak, ko‘pchilik qo‘shiladi: “Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida respublikamizda demokratik islohotlarni yuqori bosqichga olib chiqish uchun zarur bo‘lgan yangi ­siyosiy muhit vujudga ­keldi”.

Negaki, dunyoning qaysi bir chekkasida, tarixning qaysi bir davrida bo‘lmasin, iqtisodiy imkonlar, iste’dodlar to‘lib-toshib yotmasin, jamiyatda ularni yuzaga chiqaruvchi tengsiz kuch-qudrat — tegishli siyosiy muhit yo‘q ekan, biron millat va davlat yuzaga chiqmagani va chiqolmasligini o‘tmish va zamona tasdiqlab qo‘ygan haqiqatdir. Isbot qidirib, uzoqqa borib nima qilamiz: bugungi siyosiy muhitning shakllanish, toblanish yo‘li 2016 yil 19 oktabrda milliy yetakchimiz tomonidan jamiyatga taqdim etilgan “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga ­xizmat qiladigan vaqt keldi” ­siyosiy chaqirig‘idan boshlanganini kim ham inkor qila oladi!

Millatimiz bunday vaqt kelishini uzoq, asrlar ichra kutdi. Ming yillar davomida avloddan-avlodga o‘tib borgan bir xil dunyoqarash va turmush tarzida yashab keldik: “qora”, omi, uzluksiz ongsiz tutib turilgan xalq hukmdorlar, amaldorlar... timsolidagi davlatga xizmat qilib keldi. Oqibati fojiali bo‘ldi: deyarli yuz o‘ttiz yillik qaramlik to‘riga tushdik va endi birovlarga xizmat qila boshladik. “Qoramiz” ham, “oq suyaklarimiz” ham begonalarga birdek qul bo‘ldik. Qashshog‘imiz ham, boyimiz ham bor-budimizdan ayrildik. Keyin ham ko‘zimiz ochilmadi...

Ilg‘orlarga havas bilan qaradik, ularning yutuqlarini qaytarishga otlandik. Biroq bir haqiqatni tushunib yetmadik: o‘shalardagidek marralarga erishmoq uchun ular rioya etgan qonun-qoidalar bizning ham dunyoqarash va turmush tarzimizga aylanmog‘i kerak. Aytishga oson ushbu gapni amalda samarali qo‘llash, O‘zbekiston sharoitidagi qalovini topish eng og‘ir yumush sanalganini ham ta’kidlash lozim. Shu ma’noda, odamlar davlat idoralariga emas, davlat idoralari odamlarga xizmat qilishidek siyosiy g‘oya va uning kundalik hayotdagi tashkiliy, huquqiy tatbig‘i necha asrlardan buyon muzlab yotgan milliy dunyoqarash va turmush tarzimiz qorlarini yondirib yuboroldi, ­desak, to‘g‘risini aytgan bo‘lamiz.

Demak, vakillik idoralariga bo‘lib o‘tgan saylovlar deyarli uch yarim yil burun ko‘p ming yillik tarixiy taraqqiyotimizda ochilgan yangi bosqich yo‘lining to‘g‘ri ekanligini isbotlab berdi. Isbotlaganda ham, tuman, shahar, viloyat, mamlakat miqyosida, butun yurt va jahon ko‘z o‘ngida kechgan ochiq va keskin kurashlar jarayonida isbotlab berdi.

Shu bilan birga, shaxsan biz uchun eng ulug‘ isbot-marra mana bunisidir: omi xalqning tizgini qo‘yib yuborilsa, ko‘zi ochilsa, tortishuvlarga izn berilsa, xalq ikkiga, to‘rtga, o‘n to‘rtga, to‘qson ikkiga bo‘linib ketishiga oid azaliy “bashoratlar” puch ekani amalda ayonlashdi-qo‘ydi.

To‘g‘ri, siyosiy bellashuvlar chog‘ida quyushqondan chiqish holatlari bo‘ldi. Nega ham bo‘lmasin? Bu borada bizda necha-necha avloddan o‘tib kelayotgan biron tajriba, ko‘nikma, madaniyat bo‘lmasa, qanday qilib barchasi risoladagidek o‘tishi mumkin edi. Tabiiyki, bundan ortiq bo‘lmaydi. Tariximizda birinchi marta ekanligidan kelib chiqilsa, kutilganidan, shaxsan biz xavotirlanganidan ko‘ra ancha yuqori sifat darajasida o‘tdi, desak, oshirib yubormagan bo‘lamiz.

Demokratiya qonunlariga xos ravishda saylovda kimdir yutdi, kimdir ­yutqazdi. Umummillat ko‘zi bilan qa­rasak, hammamiz yutdik, kelajagimiz yutdi: nihoyat, xalq irodasini hokimiyat o‘zagida shakllantirish borasida siyosiy qarashlar va harakatlar ma­daniyatining tamal toshini qo‘yoldik.

Baraka ilmu ma’rifatda
Milliy yetakchimizning 2016 yil 30 dekabrda, ya’ni Prezidentlik lavozimiga rasman kirishganidan ikki hafta o‘tar-o‘tmas, ilm-fan ahli bilan uchrashuvida chuqur ma’no bor edi. ­Odatda, bunday kunlarda kattayu kichik, barchaning xayoli bir narsa — Yangi yil bayrami bilan band, eski yilni ­kuzatish, yangisini kutib olish taraddudida bo‘ladi. Kimligidan qat’i nazar, har kim kelgusi yil yaxshi kelishini chin yurakdan istaydi, umid qiladi.

Bu singari istak va umidlar har qanday zamon, har bir yurtda bo‘lgan, bo‘ladi. Hamma gap ularning ro‘yobga chiqishi uchun ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy shart-sha­roit yaratishning oqilona va unumli yo‘lini topa olish va qo‘llay bilishdadir.

Ochiqchasiga tan olamiz: mazkur tadbirni telekanal orqali kuzatganda, u haqidagi yozma axborotni o‘qib-o‘rganganda, ­Prezidentimizning muddaolarini anglab yetgandik. U ham bo‘lsa, bundan buyongi hayot va rivojimiz negizida ilm-fan turadi. Biroq g‘ir etib o‘tib ketgan va uxlab tushimizga ham kirmagan ayrim keskin o‘zgarish va yangiliklarga boy uch yil, so‘z ketayotgan uchrashuv o‘shanda biz o‘ylagandagidan ham ko‘lamliroq mazmun-mohiyatni ko‘zlagan ekan: odamlarni ongli ravishda ongsiz qilish davrimiz tugab, buyog‘iga odamlarni ­ongli ravishda ongli qilish uchun kurash boshlangan ekan! Bu kurash, jangdagi qurol esa ilm-fan, ma’rifatdir!

O‘zbek millati va davlatchiligi tarixini maxsus va baholi qudrat o‘rganib kelayotgan, so‘nggi deyarli chorak asr davlat boshqaruvi tizimida ishlab, shu tariqa qadim-qadimdan bosib keli­nayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy yo‘limiz bilan bog‘liq qonuniyatlarni bir butunlikda o‘rganish, anglash, xulosalash imkoniga ega inson sifatida aytar so‘zimiz: shonli va murakkab o‘tmishimizda erishilgan barcha yutuqlar, yo‘qotishlarimiz ilmu ma’rifat omili bilan bog‘liqdir. O‘zbek millati va davlatining kuchi ham, kuchsizligi ham xuddi shu omilga bog‘langandir. O‘zbekning tirikligi ilmu ma’rifatdadir! Boshqalarni bizga zor qilgan, o‘zimizni o‘zimizga xor qilgan ham xuddi shu omilga munosabatimizdandir. Yo u yoqlik, yo bu yoqlik.

Biz shunday millatmiz! O‘zgacha bo‘lolmaymiz. Bizning bichimimiz shunday. Peshonamizga shunday yozilgan. Bir so‘z bilan aytganda, ilmu ma’rifat qonimizda bor.

Raqamli iqtisodiyotning asoschisi aslida o‘zimiz bo‘lganmiz, desak, ­mubolag‘a bo‘lmaydi. Ulug‘ ajdodimiz Muhammad ­Xorazmiy bundan 1200 yil burun 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 sonlaridan iborat zamonaviy o‘nli sanoq tizimini yaratish orqali raqamli iqtisodiyotning o‘ziga xos tamal toshini qo‘yib bergandi, deb baralla jar solishdan tortinmasligimiz kerak. Masalan, ­yurtdoshimizning kashfiyotiga qadar ­yigirma sakkiz soni rim raqamlarida XXVIII shaklida yozilgan bo‘lsa, endi uni ikkitagina belgi bilan ifodalash imkoni tug‘ilgan: 28. Bugun oddiygina tuyuladigan mazkur tengsiz kashfiyotning o‘n ikki asr burungi voqelik manzarasida tasavvur qilib ko‘raylik.

Zamonaviy o‘nli sanoq tizimining avval ilmiy, so‘ng boshqa faoliyat muomalalariga kirib borishi, umuman, kishilik sivilizatsiyasi, xususan, ilm-fan, ta’lim rivojiga qanchalar samarali ta’sir ko‘rsatgani va ko‘rsatayotganini, hisob-kitobni tezroq va unumliroq bajarishda kundalik turmush, ayniqsa, iqtisodiyotda cheksiz imkoniyat tug‘dirganini mutaxassislar juda yaxshi ­biladilar.

Raqamli texnologiyalarni murakkab algoritmlarsiz yaratib bo‘lmasligidan kelib chiqilsa, algoritm asoschisi ulug‘ o‘zbek olimi Muhammad Xorazmiyni ­eslashga to‘g‘ri keladi. Raqamli iqtisodiyot esa raqamli texnologiyalar negizida yaratiladi.

Tilga olingan tarixiy haqiqat o‘zbek ilmi tarixidagi “xamir uchidan bir patir”, xolos. Lekin ming afsuski, ular haqida biz o‘tmish maylida so‘zlay olamiz. Tan olaylik, temuriylardan ke­yingi besh yuz yildan ortiq kattagina muddatda davlatimizda ilm-fanga e’tibor avval susaydi, so‘ng butunlay yo‘qoldi. Bu boradagi natija ham yuqorida urg‘u berilgan masala — ijtimoiy-siyosiy qoloqlik oqibatidek fojiali bo‘ldi. Milliy yetakchimizning “Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi” hikmatli so‘zlarining mag‘zi ham shunda, deb bilamiz.

To‘g‘ri, hali oldimizda ko‘p qiyinchiliklar bor, yechilishi lozim jumboqlar yetarlidir. Prezidentimiz har bir chiqishlarida ushbu haqiqatga barchamizning ­diqqatimizni tortib kelmoqdalar va bunday yondashuvni oqilona, deb bilamiz. Falon yili, albatta, kommunizm bo‘ladi, qabilida odamlar qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib, millionlab kishilar, necha-necha avlodlar umrini umidvorlik xazoniga aylantirishlarni ham boshdan o‘tkazganmiz. Shu ma’noda, milliy yetakchimizning ­“Tariximizning yangi sahifasini ­yaratishga qodir ­xalqmiz. Bu yo‘lda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar bo‘lmasin, ­barchasini mardona yengib o‘tishga tayyormiz”dek ishonchga yo‘g‘rilgan da’vatini to‘la qo‘llaymiz. Ya’ni bir musht — millat bo‘lib o‘zimizga ishonishimiz lozim!

Ishonishimiz uchun esa barcha asoslar bor. O‘tgan o‘ta qisqa muddatda turmushimizning barcha yo‘nalishlarida erishgan tarixiy natijalarimiz buning yaqqol tasdig‘idir. Mazkur natijalarga esa, qo‘limizga o‘z milliy qurolimiz — ilm va bilimni qayta olganimiz or­qali erishdik: zamonaviy boshqaruv ilmi, iqtisodiyot ilmi. Zero, aynan ilm eng to‘g‘ri va oqilona yo‘lni ko‘r­satishga qodirdir. Demak, ilm bor yerda esa, albatta, baraka bo‘ladi.

Murojaatnomada “jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerakligi, bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topishimiz”ga urg‘u berilgani bejiz emas, albatta.

Savollarni esa, davlatimiz ­rahbarining o‘zi Abdulla Qodiriy ­nomidagi ijod maktabi va muzeyning ochilishi munosabati bilan uchrashuvda o‘rtaga tashlagan edilar: Jadidchi bobolarimiz yashagan zamondagi vaziyat bugungi zamonimizda bormi-yo‘qmi, ularga o‘xshab hamma narsadan voz kechib, millat va Vatan uchun kurashga tayyormizmi, nima sababdan biz shu kunlarga kelib qoldik, savoli barchani qiynashi kerak emasmi... ­Qodiriy qanday sharoitda yashab qahramonlik ko‘rsatgan edi-ku, biz qanday davrda yashab qahramonlik qilishimiz kerak...

Ma’rifat nima? Ma’rifat bilish, ­anglash, tanish demakdir. Bundan chiqdi, agar millat zamonaviy bilimlarga ega bo‘lmasa, o‘zligini anglamasa, ulug‘larini tanimasa, oyog‘i ostida bitmas-tuganmas boyliklar yotsin, dalalarida “oq oltin” o‘ssin, qo‘lida yetmish ikki xil hunari bo‘lsin, befoyda ekan: u faqat qornini o‘ylab yashaydi, xolos. O‘zi uchun qilinishi lozim katta ishlarga qodir bo‘lmaydi, buyuk marralarni zabt etolmaydi. Aksincha, ma’rifat bor muhitda qadr-qimmat bo‘y cho‘zadi. O‘z qadr-qimmatini bilgan inson, jamiyat yaratuvchan bo‘ladi. Yaratuvchilik bor yerda esa, albatta, baraka bo‘ladi. Shu munosabat bilan, so‘nggi yillarda yuz ochgan ko‘pdan-ko‘p misollardan atigi bittasini keltirib o‘tamiz: Eski shaharda Abdulla ­Qodiriy nomidagi ijod maktabi, adib ­muzeyi va kutubxona qurilgani ushbu go‘shaga yana baraka kiritdi. ­Qodiriy — bu baraka!

Har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak
Tabiat va jamiyat qonunlari bir xil emas. Ammo har ikkoviga ham xos bir qonuniyat bor: har qanday tirik zot o‘zi uchun o‘zi kurashishi lozim. o‘irt o‘zbekcha aytganda, har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak.

To‘g‘ri, inson o‘zidagi ustunliklar — aql, his-tuyg‘ular sabab necha ming yillarki, ushbu qonuniyatni odamiylashtirishga intilib kelmoqda. Mazkur intilishlar o‘laroq tug‘ilgan tushuncha va hodisa barchamizga yaxshi ma’lum: ­adolat. Demokratiya, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati singarilar ham ­aslida shu omil tantanasi uchun izlanishlar, intilishlar mahsulidir. Biroq o‘zi uchun o‘zi kurashish qonuniyati yo‘qqa chiqmadi, chiqmaydi ham. Teskari holda, hayot mazmuni yo‘qoladi, tiriklik yo‘qoladi. Xo‘sh, unda gap nimada?

Tan olaylik, biz yaqin-yaqingacha O‘rta asrlar dunyoqarashi va turmush tarzida yashab, ishlab keldik. Buning xolis va noxolis sabablari bor, albatta. Biroq nima bo‘lganda ham, olam ahlining bir bo‘lagi allaqachon undan voz kechib, ijtimoiy-­siyosiy, iqtisodiy rivojlanishning eng yuqori sifat darajasi negizidagi dunyoqarash va turmush tarzini kundalik turmushning qonuniga aylantirib bo‘ldi. Ular bunga birdaniga emas, asrlar osha kechgan mashaqqatlar orqali erishganlari ham chin. Ammo bu biz uchun ham, hech deganda, o‘n yillar zarur degani emas.

O‘tgan uch yildan oshiqroq muddat millatimizning bu boradagi imkonlari yetarli va kuchli ekanini isbotlab qo‘ydi. So‘nggi saylovlar jarayoni esa mazkur xulosani tasdiqlovchi o‘ziga xos muhr bo‘ldi. Ular yana bir narsani, biz yuqorida urg‘u bergan qonuniyat abadiyligini isbotlab qo‘ydilar: har bir partiya, nomzod, saylovchi o‘zi uchun o‘zi kurashdi. Ushbu kurashlar butunlay yangi va o‘zgacha siyosiy muhitda o‘tgani barobarida, bundan buyongi ijtimoiy-­siyosiy, iqtisodiy turish-turmushimizga kishibilmas qattiq ta’sir ko‘rsatishi ko‘zda tutilsa, barchamiz shahdam qadam qo‘ygan o‘n yillik manzarasi ­oydinlashadi-qoladi.

Murojaatnomada islohotlar tashabbuskori jamiyatning o‘zi bo‘lishi lozimligiga bejiz urg‘u berilmaganiga qattiq ishonamiz. Demokratiya, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati, bozor iqtisodiyoti kabi omillardan muddao ham aslida shu: har bir inson uchun o‘zligini namoyon etishi, o‘zi uchun o‘zi kurashishi yo‘lida adolatli shart-­sharoit yaratib berish. Milliy yetakchimizning Oliy Majlis Senatining ­birinchi majlisidagi “Hammamiz o‘z aravamizni tortadigan qonuniy vaqt keldi” so‘zlarining hikmati ham shunda.

Azamat ZIYO,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi,
tarix fanlari doktori, professor.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qonuniy vaqt