date
views 3 931

Markaziy Osiyocha inqiroz: Xitoy va Rossiya, neft va geosiyosat

Markaziy Osiyocha inqiroz: Xitoy va Rossiya, neft va geosiyosat
Foto: Google Images
Markaziy Osiyo mamlakatlarining qisqa mustaqillik tarixida allaqachon bir qator inqirozlar kuzatildi: 1997—1998 yillardagi inqiroz, 2007—2008 yillardagi dunyo inqirozi, deb yozadi CAA Network.org nashri. Bu inqirozlar qatoriga, shuningdek, 2014 yilda rus rublining tushib ketishi ortidan Markaziy Osiyo davlatlarining valyutalari qiymatining pasayishini ham kiritsa bo‘ladi. Bugungi inqiroz qatoriga Xitoy va Rossiya geosiyosati ta’siri ostida qolayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining neft sohasini ham misol qilish mumkin.

Voqelar rivoji
9 mart kuni dunyo neft bozorida neft narxi 30 foizga arzonladi — Brent neft savdo markasi 50 AQSH dollaridan 32,6 AQSH dollarigacha pastladi. Arzonlashuv Rossiyaning OPЕK tashkiloti, xususan, Saudiya Arabistoni bilan olib borgan muzokarlarida neft narxini kamaytirmaslik borasidagi kelishuvlari natijasiz tugagani bilan izohlanishi mumkin.

Shu orada Rossiyaning geosiyosiy maqsadlari ham ko‘zga tashlanib qoldi. Rossiya so‘nggi paytlarda neft narxining o‘ynab turishidan yaxshi saboq olgan ko‘rinadi, ichki immunitetni qanday saqlash borasida yaxshigina himoyaga ega bo‘lib olganini ham ko‘rdik. Endi Rossiya neftning saqlanib qolayogan past narxlari sharoitida yana 6—10 yil omon qolishga erishishi mumkin. Bu esa neft zaxiralari va import mahsulotlarining o‘rnini bosuvchi xom ashyoning yaratilgani bilan bevosita bog‘liq.

Rossiyaning demarshi bo‘lmagan holatda ham Osiyo iqtisodiyotining giganti bo‘lgan Xitoydagi neftga bo‘lgan talab va taklif, shuningdek, yuk eltish va yuklarning harakatlanishiga bo‘lgan bosim neft narxining qulashiga ta’sir etishi mumkin edi. Ammo o‘zini birdan neftga qaram emasdek tutayotgan Rossiyaning strategiyasi Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham qiyin ahvolda qoldirmoqda. Markaziy Osiyo bunday siyosiy o‘yinga tayyormi, masala mana shu yerda. Rossiyaning o‘zi-chi?

Rus hukumati neft narxi qulashini kutilgan jarayon edi deb baholayotgan bo‘lsa-da, bu bo‘rttirishlardan holi emas. 2020 yil 1 mart holatiga ko‘ra, Rossiya Farovonlik fondi likvidlik mablag‘lari mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 9,2 foizini tashkil qilmoqda va Rossiya Moliya vazirligi ko‘rsatilgan mablag‘lar neft narxining past narxlari davrida yana 6—10 yil mobaynida daromadlarni saqlab qolish imkoniga ega ekani haqida ma’lumot bermoqda.

Ammo bunday holat kelajakda Rossiyadagi xizmat ko‘rsatish sohasiga, qurilish, transport va kichik biznesga katta zarba berishi mumkin. Import mahsulotlarining qimmatlashuvi esa aholi xarid quvvatiga katta ta’sir qiladi. Neft asosiy iqtisodiy ko‘rsatkich bo‘lgan har qanday mamlakatda past narxlarning saqlanib qolishi domino effektini hosil qiladi va aholining turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Kreml qanchalik ijobiy natijalarga umid qilmasin, fakt faktligicha qolaveradi.

Koronavirusning keng miyosda tarqalishi ishchi kuchi mobilizatsiyasiga ham ta’sir qilgan holda Rossiyaning mintaqaviylashuviga sabab bo‘ladi. Mintaqaviylashuvga yuz tutgan Rossiya uchun sobiq sovet respublikalaridagi zaxiralar asosiy o‘ringa chiqadi. Albatta, bu mamlakatlarning Kreml erishgan yutuqlarga yetishiga hali erta.

Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotda o‘zlarini globalistlar, ko‘p qutbli iqtisodiyot tarafdori sifatida ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, bu ular uchun hozircha biror-bir naf olib kelmadi. Misol uchun, oxirgi paytda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z mamlakatlarini turizm mamlakatlari sifatida namoyon qilmoqda va ma’lum ma’noda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z maqsadlariga erishdi ham.

2018 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar miqdori 88 foizga oshdi. Bu 2017 yilga solishtirganda salmoqli raqamdir. Shu maqsadda O‘zbekiston hukumati 2021—2025 yillarda sayyohlik sanoatining ichki yalpi mahsulotdagi ulushini 5 foizga oshirmoqchi. Ammo koronavirus xavfi ortidan O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari ayrim mamlakatlardan kelayotgan sayyohlar uchun viza cheklovini joriy etganini e’lon qildi.

Eng murakkab vaziyat Turkmanistonda yuzaga keladi, desa ham bo‘ladi. Turkmaniston tabiiy gaz zaxirasiga boy davlat sifatida o‘z gazini asosan Xitoyga sotadi. Ammo Xitoy hukumati so‘nggi paytlarda Turkmanistondan ikki orada gaz oldi-sotdisi borasida shartnoma imzolagan bo‘lsa-da, kamaytirishga urinmoqda. Bunday vaziyatda fors-major holatdagi tartib amal qilishini kutish mumkin. Turkmanistonda allaqachon import mahsulotlari narxining o‘sishi kuzatilmoqda va bu xalqaro valyutaning yetishmasligi bilan izohlanmoqda. Uglevodorodlarga bo‘lgan talabning keskin tushib ketishi Turkmaniston iqtisodiyotida qanday iz qoldiradi, tasavvur qilish ham qiyin.

Qozog‘iston ham Rossiya singari to‘plangan zaxirasiga qaramay qiyin vaziyatda qolmoqda. O‘tgan yilda Qozog‘iston prezidenti aholining kam ta’minlangan qatlami uchun prezidentlik saylovidan norozi bo‘lgan taraflar tazyiqi ostida aholining turmush darajasini yaxshilash uchun milliy zaxiradan mablag‘lar ajratishga majbur bo‘ldi.

Agarda Qozog‘iston davlat budjeti daromadlari 20 foizga qisqaradigan bo‘lsa, u holda rasmiy Nur-Sulton milliy fondidan 10 milliard dollar mablag‘ olishga majbur bo‘lib qoladi. Bu esa elboshi 2030 yilga borib va’da qilgan aholi turmush farovonligini ko‘tarish strategiyasini xavf ostida qoldiradi.

Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy iqtisodiy sherigi bo‘lib qolayotgan paytda, Kreml ham Xitoyni bu mintaqa bozoridan siqib chiqarilishidan manfaatdor. Xitoydagi koronavirus pandemiyasi tarqalishi ortidan Rossiya o‘z maqsadlariga erishishga ham ulgurmoqda. Markaziy Osiyoning ikki mamlakati — Tojikiston va O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy hamkorligiga qo‘shilish arafasida.

Tojikiston 5 yildan beri o‘zini mazkur tashkilot a’zosi sifatida ko‘rishni xohlab kelayotgan bo‘lsa, rasmiy Toshkent kuzatuvchi maqomida mazkur tashkilotga kirishni ma’qulladi. Bu variant esa eski tartibdagidek ish olib boradi, ya’ni rus kompaniyalari Markaziy Osiyodan xom ashyo bazasi sifatida foydalanadi, ammo mintaqaning sanoatlashishi, rus sarmoyasining oqimidan darak bo‘lmaydi. Mintaqada proteksionist iqtisodiy siyosat yana faollashadi. Ammo bunday siyosat bugunda barcha mamlakatlar iqtisodiyotida trendga aylanib ulgurmoqda.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ham Rossiya talablarining o‘rnini bosa olmagani uchun ham Xitoy iqtisodiyotining zaiflashuvi Rossiya uchun og‘riqli masala. So‘nggi paytlarda ulkan Yevrosiyo bir-biri bilan shunday jipslashdiki, ularni ayirish mushkul masala bo‘lib qoldi.

Shunday bo‘lsada, Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida bugun yana yangi sinov ko‘ndalang. Hukumatlar inqirozga qarshi yangi dasturlarni ishlab chiqishi, neft narxi, rubl qulagan bir vaziyatda iqtisodiyotga rag‘bat beradigan yangi iqtisodiy siyosatni sinovdan o‘tkazishi, o‘z valyutalari va dollar mutanosibligining oldini olishga urg‘u berishi kerak.

Bu inqiroz Markaziy Osiyoda ayrim narsalarni o‘zgartirib yuborishi shubhasiz. Shuning uchun ham Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro bamaslahat o‘z iqtisodiyotini diversifikatsiyalashga urinishi ijobiy holat bo‘ladi. Afsuski, mintaqa mamlakatlari asosiy masala qolib, o‘z iqtisodiy salohiyatini turizm, tashqi savdo va transport infratuzilmasini rivojlantirishga urg‘u bermoqda. Oldingi inqirozlardan saboq olgan holda, Rossiyadan farqli ravishda, ichki iste’molchilarga diqqat qaratish Markaziy Osiyo mamlakatlari islohotchilari e’tiboridan chetda qolmoqda.

Jahongir Ergashev tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Markaziy Osiyocha inqiroz: Xitoy va Rossiya, neft va geosiyosat