
Londonda Yevropa tarixida yana bir muhim sahifa ochildi: Ikkinchi jahon urushi yakunlanganiga 80 yil to‘lgan bir paytda, Germaniya va Buyuk Britaniya o‘rtasida do‘stlik va ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risida strategik shartnoma imzolandi, deb xabar berdi reuters.com. Mazkur shartnomani Germaniya kansleri Fridrix Mers hamda Britaniya bosh vaziri Kir Starmer tantanali tarzda imzoladi.
Yangi strategik hamkorlik shartnomasi nafaqat mudofaa va xavfsizlik sohasini, balki tashqi siyosat, iqtisod va ichki sohalardagi aloqalarni yanada kuchaytirishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Kansler Mers ta’kidlaganidek, endi Berlin va London har jabhada yaqinroq hamkorlik qiladi. Muzokaralar natijasida ikki davlat terrorizmga qarshi kurash, migratsiya oqimlarini nazorat qilish, innovatsiya va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha umumiy rejalar tuzishga kelishib olgani ma’lum qilindi.
Ayni paytda, Germaniyaning Fransiya va Buyuk Britaniya bilan tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha E3 mexanizmi doirasidagi hamkorligi yanada mustahkamlanmoqda. Bu kelishuv ortidan Yevropa AQSHga qaram bo‘lib qolmasdan, o‘zining mustaqil tiyib turuvchi va mudofaa salohiyatini yaratishga jiddiy kirishganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, NATOning shimoliy va sharqiy qanotlarini kuchaytirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘riladi. Harbiy-sanoat sohasida qo‘shma loyihalar, xususan, 2000 kilometrgacha uchadigan zamonaviy raketalarni ishlab chiqish borasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar amalga oshiriladi. Ayni paytda, Yevropa geosiyosatidagi o‘zgarishlar yangi strategik alyanslar va kuch markazlarining shakllanishiga zamin yaratishi mumkin.
Tahlilchilar fikricha, Germaniya va Britaniya o‘rtasidagi ushbu strategik bitim Yevropa xavfsizligi, mudofaa qobiliyati va global muvozanatdagi rolini sezilarli darajada kuchaytirishga xizmat qiladi. Jamoatchilik va ekspertlar esa, Yevropa siyosiy xaritasida yangi davr boshlanayotganini qiziqish bilan kuzatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar