16:10 / 17.04.2020
3 154

O‘zbekiston Quyonchilik xo‘jaliklari assotsiatsiyasi hozirgi pandemiya davrida aholiga qanday xizmat qilmoqda?

O‘zbekiston Quyonchilik xo‘jaliklari assotsiatsiyasi hozirgi pandemiya davrida aholiga qanday xizmat qilmoqda?
Bugungi sharoit shu yurt farzandi bo‘lgan har bir insonni yanada mas’uliyatli bo‘lishga undamoqda. Hech kimning jim qarab turishga haqqi yo‘q. Agar qo‘lidan kelsa, imkoniyati bo‘lsa, pandemiyaga qarshi kurashish uchun yordam bersa nur ustiga nur. Zero, bugun oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo miqyosida dolzarb vazifaga aylanmoqda.

E’tiborlisi shundaki, O‘zbekiston bu borada keng imkoniyatlarga ega. Yurtimiz zamini saxovatli. Xalqimiz tadbirkor va mehnatkash. Qolaversa, ushbu masala hukumatning, davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Joriy yilning 14 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham ushbu masalalar muhokama qilindi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘plab vazifalar, xususan, meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini 2 barobarga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Aytish joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini shu tarmoqqa ixtisoslashtirish bo‘yicha alohida qarorlar qabul qilingani, umuman, tarmoqda ilgari bo‘lmagan rag‘batlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, naslli mollar uchun 2 million so‘mgacha, naslli qo‘y va echkiga 400 ming so‘mdan subsidiya ajratish mexanizmi joriy etilgani fikrimiz tasdig‘idir.

Bundan tashqari, joylarda yirik zamonaviy chorva komplekslari ishga tushirilmoqda. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida tashkil etilayotgan Quyonchilik klasteri loyihasi ham aynan chorvachilik sohasida olib borilayotgan islohotlarga yorqin misol bo‘la oladi. Binobarin, ushbu loyiha natijasida viloyatda istiqomat qilayotgan 7500 kishi o‘z tomorqasida quyonchilik bilan shug‘ullanib, yiliga 20 million so‘mdan 25 million so‘mgacha sof daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Klaster doirasida aholiga quyon, uning yem-ozuqasi, kerakli anjomlar yetkazib berish hamda veterinariya xizmatlari ta’minotchi-integrator kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi. Yetilgan quyonlarni esa aholidan markazlashgan kushxonalar orqali qabul qilib olish mexanizmi ishlab chiqilgan. Bu bilan biz ekologik toza va parhezbop hisoblangan quyon go‘shtini aholiga sifatli qilib yetkazish beramiz. Shu bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham o‘z hissamizni qo‘shamiz.

Umuman olganda, assotsiatsiyamiz bu borada faol bo‘lishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarga binoan, aholi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan muhim choralar ko‘ryapti. Ya’ni endilikda Toshkent shahridagi bozorlar va do‘konlarda parhezbop va ekologik toza quyon go‘shtini imtiyozli narxlarda xarid qilish imkoniyatini yaratmoqda.

Shuningdek, assotsiatsiyamiz tomonidan quyon go‘shti kam ta’minlangan va moliyaviy ko‘makka muhtoj oilalarga bepul yetkazib berilyapti. Bu orqali xalqimizning boshiga kelgan bu sinovli musibatlarni birga sabr va matonat bilan yengib o‘tishga harakat qilyapmiz.

Yana bir yangilik: O‘zbekiston quyonchilik xo‘jaliklari assotsiatsiyasi xayriya aksiyasiga ham qo‘l urdi. U orqali urush va mehnat faxriylari hamda pansionatlarni ham quyon go‘shti bilan ta’minlashga kirishmoqda. Zero, jamoamiz bu sinovni faqatgina ahillik va birdamlik bilan yenga olishimizga ishonadi.

Abdurazzoq IBRAGIMOV,
O‘zbekiston Quyonchilik xo‘jaliklari assotsiatsiyasi raisi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston Quyonchilik xo‘jaliklari assotsiatsiyasi hozirgi pandemiya davrida aholiga qanday xizmat qilmoqda?