date

Bag‘rikenglik – tinchlik va barqarorlik asosi

Bag‘rikenglik – tinchlik va barqarorlik asosi

Bag‘rikenglik jamiyatda osoyishtalik, totuvlik va taraqqiyotni ta’minlashning eng muhim omillaridan biri sanaladi. Shu ma’noda ham, har bir davlat bag‘rikenglik va totuvlikni ta’minlash masalasiga davlati siyosatining eng ustuvor vazifalari sifatida e’tibor qaratadi.

O‘zbekiston Respublikasida ham bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, mamlakatimizda qabul qilingan qonun, Prezident farmon va qarorlari, Hukumat qarorlari asosida mazkur yo‘nalishdagi huquqiy baza mustahamlangan.

O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiyasida barcha fuqarolarning bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Mamlaktaning bosh qonuni bo‘lmish Konstitutsiyaning qabul qilinishida ham fuqarolarning munosib hayot kechirishi, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik ustuvor maqsadlardan ekani bayon etilgan.

Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona oila bo‘lib yashamoqda. 2200 dan ortiq diniy tashkilot, 16 ta diniy konfessiya, 157 ta milliy madaniy markaz, 38 ta do‘stlik jamiyati, xorijda 98 ta vatandoshlar jamiyati faoliyat yuritmoqda.

Amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zaro mehr-oqibat, birdamlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlamoqda. Bu borada davlat bosh islohotchi sifatida mamlakatda barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarining hurmat qilinishini ta’minlab, ularning rivojlanishi uchun zarur sharoitni yaratgan.

Yurtimizdagi 2 037 ta maktabda ta’lim 7 tilda, ya’ni o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda. Tele-radio ko‘rsatuv va eshittirishlar 12 tilda efirga uzatilmoqda, 14 tilda gazeta va jurnallar chop etilmoqda.

Milliy madaniy markazlar faoliyati uchun eng ko‘rkam binolar ajratib berilgan va bu maskanlarda muntazam ravishda umummilliy bayramlar, festivallar, konsert va uchrashuvlar, taniqli madaniyat arboblarining chiqishlari, seminar va konferensiyalar o‘tkazilmoqda.

Bu sa’y-harakatlar yurtimizda millatlararo do‘stlik mustahkamligi va barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratilganining amaldagi isbotidir.

Butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni deb qabul qilingan 30-iyul sanasi mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni, deb e’lon qilingan.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari asosida ushbu sana yurtimiz bo‘ylab keng bayram qilinadi. Davlatimiz rahbarining Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi e’lon qilinadi.

Jamiyatda do‘stlik va hamjihatlikni, totuvlikni mustahkamlash yo‘lida samarali mehnat qilayotgan insonlar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonlari bilan mukofotlanib, do‘stlik jamiyatlari, madaniyat uylarning bu yo‘nalishdagi faoliyati e’tirof etiladi.

Shuningdek, mamlakatimizda har yili 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab qator tadbirlar o‘tkazib kelinadi.

Jumladan, joriy yilning 10-15-noyabr kunlari ham mamlakatimiz bo‘ylab “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.

Haftalik doirasida respublikamizning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida turli madaniy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy bayramona tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu haftalik va uning doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar totuvlik va hamjihatlikka chorlovchi ezgu tashabbus namunasidir.

Bag‘rikenglik – turli boy madaniyatlarni hurmat qilish, qabul qilish va to‘g‘ri tushunish bo‘lib, u faqat ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir. Bag‘rikenglik – tinchlik madaniyatiga eltuvchi kuchdir.

O‘zbekistondagi tinch va osoyishta hayot, xalqimizning birdamligi va hamjihatligi shu yurtda qaror topgan bag‘rikenglik mevasidir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bag‘rikenglik siyosatining samarasidir.

Ana shu bag‘rikenglik barqaror va bardavom bo‘lsin!

Abdumutallib O‘KTAMOV,

jumnalist.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bag‘rikenglik – tinchlik va barqarorlik asosi