
Hozirgi kunda Buxoro viloyatida 500 dan ziyod xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari onlayn nazorat-kassa mashinalari xizmatidan foydalanmoqda.
Jumladan ularning:
155 tasini - alkogol va tamaki mahsulotlari,
160 tasini - dori-darmon,
117 tasini - avtomobillarga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi hamda
103 tasini – boshqa faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etadi.
E’tiborlisi, onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlarida sotuvchilarning ishi ancha osonlashgan.
Biz korxonamizda joriy yilning fevral oyidan boshlab onlayn nazorat-kassa mashinalari xizmatidan foydalanayapmiz deydi, - Buxoro shahridagi “Family farmacia” xususuiy dorixonasi rahbari Feruz Sharipov. – Ushbu qurilma ishimizni ancha yengillashtirdi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, biz ilgarigidek, nazorat-kassa daftarini yuritmayapmiz. Qolaversa, ish kuni oxirida har bir nazorat-kassa mashinasi bo‘yicha kunlik hisobotni chiqarib olish kabi majburiyatlarni bajarmayapmiz.
Bundan tashqari, onlayn nazorat-kassa mashinalari xizmatidan foydalanuvchilarga berilgan qulayliklarga muvofiq, biz kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat’iy nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zimiz belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirmoqdamiz.
Quvonarlisi, bu kabi yengilliklar samarasi tufayli viloyatda undan foydalanuvchilar soni ham ortib bormoqda. Misol uchun yil boshida viloyatda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanuvchilar soni 27 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanayotgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 535 taga yetgan. Yil yakunigacha esa undan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 000 dan oshadi.
Kezi kelganda aytish joizki, ushbu tartib davlatimiz rahbarining 2019 yil 6 sentabrdagi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitob tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy qilingan edi.
Farmonga muvofiq, virtual kassa dasturiy mahsulotining bazaviy qismi tadbirkorlik sub’ektlariga Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bepul beriladi.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini ortiqcha xarajatlardan himoya qilish maqsadida, 2021 yil 1 yanvargacha har bir kassa uchun onlayn nazorat-kassa mashinalarini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlari ularning keyingi soliq to‘lovi hisobidan, biroq bazaviy hisoblash 10 barvaridan oshmagan miqdorda kamaytiriladi.
Eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi 943-son “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qo‘llanilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq 2022 yildan tadbirkorlik sub’ektlari aholidan naqd pul olishda to‘liq onlayn nazorat-kassa apparatlari va virtual kassalardan foydalanishga o‘tadi.
Natijada viloyatda 12 000 dan ziyod xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari onlayn nazorat kassa mashinalari xizmatidan foydalanadi.
Ahamiyatli tomoni, soliq tizimida amalga oshirilayotgan bunday o‘zgarishlar eng avvalo tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgandir.
Buxoro viloyati DSB
Matbuot xizmati.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Matbuot xizmati.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar