
Londonda bo‘lib o‘tgan rasmiy marosimda irland dramaturgi va hakamlar hay’ati raisi Roddi Doyl bu yilgi Buker mukofoti g‘olibini e’lon qildi. 52 yoshli vengr yozuvchi David Saley o‘zining “Tana” (“Flesh”) nomli romani bilan adabiyot dunyosidagi eng nufuzli mukofotni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi Guardian.
Yozuvchining bu asari uning ijodiy yo‘lidagi oltinchi roman hisoblanadi. Unda Ishtvan ismli yosh venger yigitning taqdiri orqali zamonaviy Yevropadagi ijtimoiy va madaniy qarama-qarshiliklar yoritilgan. Asarda qahramon harbiy xizmatni tugatgach, yurtini tark etib Londonga yo‘l oladi va bu yerda boy oilalarga xizmat ko‘rsatish orqali hayotda o‘z o‘rnini topishga uringani tasvirlanadi.
Muallif intervyusida “Tana” inson tabiati, ish va qadriyatlar o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni ko‘rsatishga urinish ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asar “zamonaviy Yevropa va uni belgilab turuvchi iqtisodiy hamda madaniy tafovutlar haqidagi mulohaza” sifatida yozilgan.
Bu yilgi qisqa ro‘yxatda yana bir qator mashhur nomzodlar bor edi. Ular orasida amerikalik yozuvchilar Benjamin Markovits (“The Rest of Our Lives”), Syuzan Choy (“Flashlight”) va Keti Kitamura (“Audition”) hamda britan yozuvchisi Endryu Miller (“The Land in Winter”) bilan hind adabiyotchisi Kiran Desai (“The Loneliness of Sonia and Sunny”) ham bor.
Saley ilk marta 2016-yilda “All That Man Is” asari bilan Buker mukofotiga da’vogar bo‘lgan, biroq o‘shanda g‘oliblik nasib etmagandi. Shu bilan birga, bu yilgi g‘alaba uning ijodidagi yangi bosqichni belgilab berdi.
Buker mukofoti 1969-yildan buyon adabiyotdagi eng obro‘li sovrinlardan biri sifatida e’tirof etiladi. 2014-yildan boshlab unga Buyuk Britaniyada chop etilgan har qanday ingliz tilidagi roman nomzod bo‘lishi mumkin. G‘olib 50 ming funt sterling miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi — bu taxminan 57 ming yevroni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Bukerni britan yozuvchisi Samanta Xarvi o‘zining “Orbitada” romani bilan qo‘lga kiritgan edi. U asarida Xalqaro kosmik stansiyadagi olti astronavt hayotining bir kunini ta’sirli va falsafiy uslubda yoritgan.
David Saleyning bu yilgi g‘alabasi Yevropada ijtimoiy o‘zgarishlar, migratsiya va insoniy qadriyatlar haqidagi bahslarga yangi nafas bag‘ishladi. Uning “Tana”si nafaqat adabiyot, balki jamiyatni anglash uchun ham muhim asar sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!