08:00 / 10.06.2020
3 828

IIV — «Sho‘rdanak» va «Qalpoq» atrofidagi shov-shuvlar haqida (video)

IIV — «Sho‘rdanak» va «Qalpoq» atrofidagi shov-shuvlar haqida (video)
O‘zbekiston IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi 8 iyun kuni «Qalpoq» va «Sho‘rdanak» hajviy ko‘rsatuvlarining yo‘l-patrul xizmati inspektorlari faoliyati haqidagi chiqishlariga munosabat bildirgan edi.

YHXBB matbuot xizmati hajviy ko‘rsatuv mualliflari «25-kadr»dan foydalanganini da’vo qilib: «Ular bu hajviya lavhasi bilan tomoshabinga, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodga qanday g‘oyani singdirmoqchi ekanliklarini o‘zlari ham bilmaganlar», — deya munosabat bildirgan edi.

YHXBB tomonidan e’lon qilingan videomunosabatda har ikkala ko‘rsatuv ijodkorlari ham chiqish qilgan bo‘lib, ular shu hajviya lavhalarini suratga olganliklaridan afsusda ekanliklarini bildirgan.
«Men bunaqa bo‘lishini bilmagandim... YPX xodimlarining, IIO xodimlarining ustidan bunday qilishimiz ham noto‘g‘ri aslida», — degan «Qalpoq» hajviy ko‘rsatuvi mualliflaridan biri Rahmonali Suhrobov.

«DAN xodimlari haqida biz avval ham yaxshi, chiroyli lavhalar tayyorlaganmiz. Lekin shu safar ozgina xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ydik», — deb tan olgan «Sho‘rdanak» aktyori Erkin Cho‘liyev.

YHXBBning ushbu videomunosabati, undagi aktyorlarning uzrnamo chiqishlari jamoatchilik tomonidan norozilik bilan kutib olindi. Ushbu holatni fikr bildirish erkinligiga tahdid, senzura sifatida baholaganlar ham bo‘ldi. Bir guruh internet foydalanuvchilari esa YPX xodimlari haqida hazillar qilgan vafot etgan so‘z ustalariga, filmlardagi lavhalar bo‘yicha qanday choralar ko‘rilishi haqida istehzoli savollar bergan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» umummilliy harakati rahbari Akmal Burhonov va Madaniyat vazirligi ham YHXBB matbuot xizmatining xatti-harakati maqsadga muvofiq emasligini bildirgan.

Jamoatchilikning noroziliklariga IIV munosabati
Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov «Daryo»ga bergan intervyusida YHXBB huzurida yangi axborot xizmati va multimedia markazi tashkil etilgani, ushbu jamoa, jumladan, YHXBB tizimi imidjini oshirish maqsadida yo‘l-patrul xizmati xodimlari faoliyatiga daxldor ilgari tasvirga olingan turli videolavhalarni tahlil qilishni niyat qilganini, 8 iyun kuni e’lon qilingan ikki munosabat aynan shu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar namunasi bo‘lganini ta’kidladi.

«YHXBB matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videolavhalarda «Qalpoq» va «Sho‘rdanak» hajviy ko‘rsatuvlari ijodkorlari uzr so‘ramagan. Lavhalarda ko‘rsatuvlarda qilingan hazillar aktyorlar bilan tahlil qilinib, qaysi holatda xalqqa manzur keladigan ko‘rsatuvlar tayyorlash maqsadga muvofiqligi muhokama qilingan. Biroq lavhalar e’lon qilingach, kutilgan natijaning mutlaqo teskarisi qayd etildi», — deya tan oldi IIV vakili.

Shohrux G‘iyosovning ta’kidlashicha, YHXBB matbuot xizmatida ijod erkinligini bo‘g‘ish yoki senzura qilish maqsadi bo‘lmagan.
«Biz o‘zimizni tanqid qilmasdan, yumorga, hazilga yo‘l qo‘ymasdan, satira orqali o‘zimizning kamchiliklarimiz ustidan kulmas ekanmiz, hech qachon xalqqa yaqin, xalqchil organ bo‘la olmaymiz», — deya ta’kidladi IIV matbuot kotibi.

Ayni vaqtda u tanlangan yo‘nalish o‘zini umuman oqlamaganini ham tan oldi.
«Bundan keyin bunday roliklar tayyorlanmaydi. Bundan keyin shunday mazmundagi tahlillarni tayyorlaydigan bo‘lsak, butunlay boshqacha usulda amalga oshiramiz», — deya qo‘shimcha qildi Shohrux G‘iyosov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIV — «Sho‘rdanak» va «Qalpoq» atrofidagi shov-shuvlar haqida (video)