14:40 / 17.06.2020
2 706

Ikki tomonlama (o‘zaro) sug‘urta qonunchiligi: uni takomillashtirish kerakmi?

Ikki tomonlama (o‘zaro) sug‘urta qonunchiligi: uni takomillashtirish kerakmi?
Bugungi kunda o‘zaro sug‘urta dunyo mamlakatlarida rivojlanib borayotgan sug‘urta turlaridan biri hisoblanib, uning ulushi jahon sug‘urta bozorida 26.7 %ni tashkil etadi. Xalqaro kooperativ va o‘zaro sug‘urta federatsiyasi (IKMIF) tomonidan e’lon qilingan Global Mutual Market Share 10 hisobotining 10 yillik maxsus nashriga ko‘ra, o‘zaro va kooperativ sug‘urta bozori global moliyaviy inqirozdan keyingi 10 yil ichida (2007-2017 yillar) sug‘urta sanoatining eng tez rivojlanayotgan qismidir. Moliyaviy inqiroz boshlanganidan keyingi 10 yil ichida o‘zaro sug‘urta mukofotlari umumiy sug‘urtaning o‘sishiga (17%) nisbatan 30% ga oshgan.

Biroq, hozirgi kunda mamlakatimizda atiga uchta o‘zaro sug‘urta jamiyatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu ko‘rsatkich, albatta, respublikamizda o‘zaro sug‘urta instituti rivojlanmaganini anglatadi. Buni, avvalombor, o‘zaro sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun yetarlicha huquqiy mexanizm yaratilmaganligi bilan izohlash mumkin. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan sug‘urta institutining bir turi bo‘lgan o‘zaro sug‘urta qonunchiligi o‘rganildi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra...
O‘zaro sug‘urta faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 960-moddasi qoidalari bilan tartibga solinadi. Unga muvofiq, fuqarolar va yuridik shaxslar o‘z mol-mulklarini hamda ushbu Kodeks 915-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan boshqa mulkiy manfaatlarini ikki taraflama asosda, buning uchun ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyatlarida zarur mablag‘larni birlashtirish yo‘li bilan sug‘urta qilishlari mumkin. Ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyatlari o‘z a’zolarining mol-mulki hamda boshqa mulkiy manfaatlarini sug‘urta qilishni amalga oshiradi va tijoratchi bo‘lmagan tashkilot hisoblanadi.

Ushbu moddada o‘zaro sug‘urta faoliyatiga oid boshqa qoidalar, shu jumladan, ikki tomonlama sug‘urta qilish bevosita a’zolik asosida amalga oshirilishi, sug‘urta munosabatlarini tartibga soluvchi umumiy qoidalar ikki tomonlama sug‘urta faoliyatiga nisbatan ham qo‘llanilishi, jamiyat tomonidan majburiy sug‘urtani amalga oshirishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yilishi, jamiyat sug‘urtalovchi sifatida jamiyatning a’zolari bo‘lmagan shaxslarning manfaatlarini sug‘urta qilishi kabilar ko‘rsatilgan bo‘lib, ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyatlari huquqiy holatining xususiyatlari va ularning faoliyat yuritish shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanishi ham nazarda tutilgan.

Ammo o‘zaro sug‘urta jamiyatining huquqiy maqomi, uning faoliyat yuritish xususiyatlari, jamiyat a’zolarining huquq va majburiyatlarini belgilash hamda jamiyat a’zolarining manfaatlarini o‘zaro sug‘urta qilish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi qonun hujjati mavjud emas.

O‘zaro sug‘urta mohiyati va uni takomillashtirish zaruriyati
Zero, o‘zaro sug‘urta faoliyatining sug‘urta bozorida muhim o‘rin tutishini uning quyidagi xususiyatlari bilan baholanadi:

Birinchidan, qonun hujjatlarida litsenziyalash talablari, ustav kapitalining minimal miqdori va kirish badali yo‘qligi tez va minimal xarajatlar bilan yangi o‘zaro sug‘urta jamiyatini tashkil qilish imkonini beradi.
Jamiyat o‘zaro sug‘urtani jamiyat a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlangan jamiyat ustaviga yoki umumiy sug‘urta shartnomasini tuzish orqali amalga oshiradi.

Xususan, jamiyat a’zolari tomonidan sug‘urta summalari, sug‘urta mukofotlari va sug‘urta to‘lovlari miqdori, sug‘urta hodisalari ro‘yxati tasdiqlanadi. O‘zlarining holati bo‘yicha jamiyat a’zolari ham sug‘urtalovchilar, ham sug‘urta qiluvchilar bo‘lganligi sababli sug‘urta shartnomasi oddiy sug‘urta munosabatlaridagi kabi sug‘urtalovchi va polis egasi o‘rtasidagi ikki tomonlama bitim emas, balki kelishuvdir.

Ikkinchidan, o‘zaro sug‘urtalashdan tashqari, qonun hujjatlariga muvofiq o‘zaro sug‘urta jamiyati faoliyatning boshqa turlarini amalga oshirish huquqiga ega. Jumladan, investitsiya kiritish (sug‘urta zaxiralarini joylashtirish), ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minot, ixtisoslashtirilgan adabiyotlar sotish, egalikdagi mulklarni ijaraga berish kabilar.

Uchinchidan, o‘zaro sug‘urta jamiyati o‘z majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash maqsadida o‘z ustavida belgilangan tartibda va shartlarda olingan sug‘urta badallaridan sug‘urta zaxiralarini shakllantiradilar. Qabul qilingan sug‘urta mukofotlari to‘liq hajmda sug‘urta zaxiralarini shakllantirishga yo‘naltiriladi. Jamiyat a’zosi to‘langan sug‘urta mukofotini sug‘urta hodisasi munosabati bilan faqat sug‘urta to‘lovi shaklida qaytarib olishi mumkin. Sug‘urta jamiyatlaridan farqli o‘laroq, o‘zaro sug‘urta jamiyati investitsiya daromadlari va kapitalni sug‘urta zaxirasini shakllantirish uchun yo‘naltirishi mumkin.

To‘rtinchidan, o‘zaro sug‘urtaning dunyoda mashhurligi uning tadbirkorlik sub’ektlari uchun shubhasiz ustunliklari va imtiyozlari bilan belgilanadi. O‘zaro sug‘urta jamiyatining nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lganligi sababli daromad solig‘ini to‘lamaydi. Shuning uchun ularning stavkalari boshqa sug‘urta jamiyatlari narxlaridan pastroq bo‘ladi.

Sug‘urta shartlari, shu jumladan sug‘urta tariflari hajmi sug‘urtadan tijorat foydasi olish uchun emas, balki o‘zaro sug‘urta jamiyati a’zolari tomonidan o‘zlarining manfaatlarini qondirish uchun belgilanadi.
Shu jihatdan, o‘zaro sug‘urta asosan yuqori tariflar tufayli boshqa sug‘urta tashkilotlarida noqulay bo‘lgan sug‘urtalash sabab kichik va qisman o‘rta biznesga qaratilgan.

Shuningdek, yillar davomida hosil bo‘lgan sug‘urta operatsiyalaridan olingan daromad (to‘langan badal summasining sug‘urta to‘lovlari miqdoridan oshib ketishi) sug‘urta tashkiloti tomonidan qaytarib berilmaydi, balki faqat jamiyat a’zolarining manfaatlarida foydalaniladi. Masalan, sug‘urta mukofotlarini oshirish, sug‘urta tariflarini kamaytirish yoki o‘zaro sug‘urta jamiyati a’zolarini bir yoki ikki yil davomida sug‘urta badallarini to‘lashdan ozod qilish va boshqalar.
Ma’lumot uchun: 2012 yilda Qozog‘iston Respublikasining barcha sug‘urta tashkilotlarida sug‘urta mukofotlarini 211,5 mlrd. tengeni, sug‘urta to‘lovlari 68,1 mlrd tengeni tashkil qilgan.

Beshinchidan, o‘zaro sug‘urtaning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, har bir sug‘urtalovchi fond a’zosi bo‘lish bilan bir qatorda jamiyatning boshqaruv, moliyaviy faoliyatida faol ishtirok etadi. O‘zaro sug‘urta jamiyatining a’zolari jamiyatning rivojlanish siyosatini, sug‘urta qilingan risklar ro‘yxatini, xizmatlarning narxini, sug‘urta zaxiralarini shakllantirishni va boshqalarni belgilashlari mumkin.
Shuningdek, odatda, o‘zaro sug‘urta jamiyati a’zolari bir-birlarini yaxshi bilishadi, bu esa boshqaruv masalalarida, shu jumladan sug‘urta zaxira fondlaridan maqsadli foydalanish monitoringi mexanizmlarida yuqori darajadagi ishonchni ta’minlaydi.

Oltinchidan, o‘zaro sug‘urta jamiyati faoliyatining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri bu qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini sug‘urtalashdir. Ushbu sug‘urta faoliyatining tartibga solinishi hozirgi kunda deyarli rivojlanmagan sug‘urta segmentlaridan biri qishloq xo‘jaligini sug‘urtalashni ham keng tarqalishiga zamin yaratadi. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash ixtiyoriy sug‘urta hisoblanadi.

Ixtiyoriy sug‘urtaning sust rivojlanayotganligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning sug‘urta mukofotlarini to‘lash uchun mablag‘lari yo‘qligi, shuningdek, fermerlarning moliyaviy farovonligini himoya qilish mexanizmi sifatida sug‘urta mohiyatini tushunmasligi bilan bog‘liq. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qishloq xo‘jaligidagi xatarlarning aksariyati faqat o‘zaro sug‘urta orqali to‘liq va ishonchli himoya qilinishi mumkin.

Yettinchidan, o‘zaro sug‘urta tizimi aholining ma’naviy qarashlariga yaqin, chunki u o‘zbek xalqining o‘ziga xos an’analari va o‘zaro yordam g‘oyalariga asoslanadi. Bilamizki, mahalliy aholi orasida ixtiyoriy jamoat o‘zaro yordam keng tarqalgan bo‘lib, odamlar doimiy ravishda jamiyat a’zolaridan biriga uning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash uchun yordam berishadi. Bu ushbu sug‘urta turini yanada keng tarqalishiga yordam beradi.

Bundan tashqari, o‘zaro sug‘urta faoliyatining asosiy iqtisodiy prinsiplardan biri bu jamiyat a’zolarining sug‘urta faoliyati natijalari uchun javobgarligining birgalikdagi tabiatidir. Ya’ni, sug‘urta tizimi milliy birdamlikka asoslanadi.
Ko‘rinib turibdiki, yuqorida sanab o‘tilgan xususiyatlar Fuqarolik kodeksi qoidalarida o‘z aksini topmagan. Bu esa, o‘zaro sug‘urta faoliyatiga oid munosabatlarni maxsus tartibga solishga qaratilgan qonun qabul qilish zaruriyatini ko‘rsatadi.

Xorij tajribasi
O‘zaro sug‘urta jamiyatlari dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlari bozorlarida alohida o‘rin tutadi. Yuqorida keltirilganlarga qo‘shimcha sifatida aytish mumkinki, o‘zaro sug‘urta Yaponiya, AQSH, bir qator Yevropa mamlakatlarining sug‘urta bozorlarida o‘z o‘rniga ega. Hozirgi vaqtda dunyoda eng katta o‘nta o‘zaro sug‘urta jamiyatlari mavjud bo‘lib, ulardan oltitasi Yaponiyada faoliyat yuritadi. Yaponiyaning sug‘urta bozori yig‘ilgan mukofotlar hajmi bo‘yicha dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi va hayotni sug‘urtalash bo‘yicha Yaponiya bozorida ushbu segmentda yig‘ilgan sug‘urta mukofotlarining 16 foizini tashkil etadi.

G‘arbiy Yevropa, AQSH, Kanada va Sharqiy Osiyo davlatlarida o‘zaro sug‘urta sohasi huquqiy tartibga solingan. Xususan, Kanadaning “O‘zaro sug‘urta jamiyatlari to‘g‘risida”gi qonunida o‘zaro sug‘urta jamiyatlari, ularni tashkil etish, faoliyat yuritish usullari va uyushmalarga birlashishiga oid normalar, shuningdek, o‘zaro sug‘urta jamiyatlari notijorat tashkilotlari hisoblanishi va hayot sug‘urtasi sohasida ham faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan. Bundan tashqari, qonunda o‘zaro sug‘urta jamiyatlari vaqtincha bo‘sh bo‘lgan sug‘urta zaxiralari mablag‘larini faol ravishda investitsiya qilishlari uchun zaruriy sharoitlarni yaratuvchi huquqiy me’yorlar ham aks etgan.

Shuningdek, takaful (arab tilida “o‘zaro kafolat” degan ma’noni anglatadi) deb atalgan o‘zaro sug‘urta bugungi kunda ko‘plab musulmon davlatlarida juda rivojlangan. Bunday moliyaviy vositaning jahon amaliyotida ishlab chiqilishi va qo‘llanilishi nafaqat ushbu mamlakatlar ichida foydalanilmayotgan resurslarni jalb qilish, balki jahon moliya bozorini diversifikatsiya qilish imkoniyatini yaratdi.
Takaful yoki Islom sug‘urtasi bu o‘zaro yordam (taavun) va ixtiyoriy badallar (tabarra) tamoyillariga asoslangan tizim bo‘lib, u guruh a’zolari o‘rtasida xavflarni jamoaviy va ixtiyoriy ravishda taqsimlashni ta’minlaydi.

MDH davlatlarida o‘zaro sug‘urtani tartibga solish borasida huquqiy asoslar yaratilgan. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasida o‘zaro sug‘urta sug‘urta xizmatlarining nisbatan yangi turi bo‘lib, 2006 yil 5 iyulda “O‘zaro sug‘urta to‘g‘risida” gi qonun qabul qilinishi bilan rasmiy ravishda biznes aylanmasiga kiritilgan. Qonunning 1-moddasiga binoan, o‘zaro sug‘urta tashkiloti bu iste’molchilar kooperativi tashkiliy-huquqiy shaklidagi yuridik shaxs sifatida tashkil etilgan o‘zaro sug‘urta jamiyati bo‘lib, Qozog‘iston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (108-modda) iste’molchilar kooperativi mazmuniga muvofiq, o‘zaro sug‘urta jamiyati ustav kapitaliga ega bo‘lmagan notijorat tashkiloti hisoblanadi, ya’ni muassislar faqat jamiyatni tashkil etish va ta’minlash uchun zarur bo‘lgan mol-mulk va pul ulushlarini (badallarni) qo‘shadilar. Qozog‘iston Respublikasida o‘zaro sug‘urta jamiyati qishloq xo‘jaligini sug‘urtalashda alohida o‘rin tutadi.

Rossiya Federatsiyasida o‘zaro sug‘urta faoliyati 2007 yil 29 noyabrdagi 286-FZ-sonli “O‘zaro sug‘urta to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi. Mazkur Qonunning 2-moddasiga ko‘ra, ushbu Federal qonunning tartibga solish predmeti o‘zaro sug‘urta jamiyati a’zolarining mulkiy manfaatlarini o‘zaro sug‘urta qilish, shuningdek jamiyat huquqiy holatining xususiyatlari, uning faoliyat yuritish shartlari, jamiyat a’zolarining huquq va majburiyatlarini belgilash bilan bog‘liq munosabatlardir. Shunga ko‘ra, qonun bilan o‘zaro sug‘urtalash tartibi, o‘zaro sug‘urta jamiyati tushunchasi va uni tashkil qilish, jamiyat ustavi, jamiyat a’zolarining huquq va majburiyatlari, jamiyatning boshqaruv organlari va ularning vakolatlari kabi munosabatlar tartibga solingan.

Yuqorida keltirilganlar mamlakatimizda ham o‘zaro sug‘urta sohasini rivojlantirishga turtki beruvchi, uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga zamin yaratuvchi, xorijiy davlatlarda mavjud kamchiliklarni bartaraf etgan holda, o‘zaro sug‘urta sohasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soluvchi qonun loyihasi yaratilishi zaruriyatini keltirib chiqaradi.

Adiba Safarova
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ikki tomonlama (o‘zaro) sug‘urta qonunchiligi: uni takomillashtirish kerakmi?