19:02 / 21.07.2020
3 323

Xitoydan 30 tonna makkajo‘xori urug‘i olib kelgan «tadbirkor»ning hiylasi ish bermadi

Xitoydan 30 tonna makkajo‘xori urug‘i olib kelgan «tadbirkor»ning hiylasi ish bermadi
Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bojxona organlari tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida Zamin.uz`ga ma’lumot berdi.
Xitoydan keltirilgan makkajo‘xori urug‘i nega hujjatlarda yemga aylanib qoldi?

Buxoro viloyatida joylashgan MCHJ tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining «Urumqi Perfect International Trading Co.Ltd» korxonasidan 30 tonna makkajo‘xori urug‘i tovari olib kelinadi. Ushbu tovar uchun bojxona to‘lovini davlat budjetiga to‘lash o‘rniga, qing‘irlikka qo‘l uriladi.

Ya’ni MCHJ mansabdorlari bojxona to‘lovlarini kamroq to‘lash maqsadida hujjatlarda o‘zlari olib kelgan tovarlarni bojxona yuk deklaratsiyasida boshqa Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi (TIF TN) kodi bilan ko‘rsatib, go‘yoki hayvonlar uchun makkajo‘xori yemi olib kelganliklarini qayd etadi.

Qizig‘i shundaki, MCHJ rahbari xorijdagi hamkor bilan aynan ekish uchun mo‘ljallangan makkajo‘xori urug‘larini sotib olish haqida oldi-sotdi shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, ushbu shartnoma asosida xorijdan jamiyat nomiga olib kelingan makkajo‘xori urug‘lari invoys hujjatida hamda bojxona yuk deklaratsiyasida birdaniga hayvonlar uchun mo‘ljallangan makkajo‘xori yemiga aylanib qolgan.

Ammo uning bu nayrangi ish bermadi. «Ark-buloq» TIF bojxona postiga tovarlar ushbu nom bilan taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasi Davlat bojxona qo‘mitasining «Xavfni boshqarish» avtomatlashtirilgan axborot tizimi tomonidan «qizil» yo‘lakka yo‘naltirildi.

Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilgan ushbu tovarlarning qadoqlaridagi mavjud yorliqlar mutaxassislar tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinganda, ushbu tovarlar bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan hayvonlar uchun makkajo‘xori yemi emas, balki ertapishar bir boshoqli makkajo‘xori urug‘lari ekani aniqlangan.

Shuningdek, tayinlangan ekspertiza jarayonlarida bojxona yuk deklaratsiyasidagi tovarlarning TIF TN kodi aslida boshqa raqam bilan tasniflanishi o‘z tasdig‘ini topdi.

Natijada korxona mansabdor shaxslari TIF TN kodini o‘zgartirish orqali 89,6 mln so‘m bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlaganliklari ma’lum bo‘ldi.

Hozirda holat yuzasidan Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan korxona mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov organiga yuborildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xitoydan 30 tonna makkajo‘xori urug‘i olib kelgan «tadbirkor»ning hiylasi ish bermadi