date
views 3 421

«Otamdan nafpatlanaman…»

«Otamdan nafpatlanaman…»
Hech esimdan chiqmaydi. Bundan to‘rt-besh yil oldin maktabda o‘qiydigan o‘g‘lim g‘amgin kayfiyatda keldi. Uning chehrasi tundligini ko‘rib, xavotirga tushdim. Nima bo‘lgani bilan qiziqdim.

«Yaxshiyam siz ichmaysiz, chekmaysiz, shundan juda xursandman, – dedi o‘g‘lim. – Sinfdoshim Ozodga ichim achiydi. Otasi har kuni ichib kelib, janjal qilarkan. Ozod maktabga kam keladi. Goh ko‘zi, goh qo‘li, yana bir joylari ko‘kargan bo‘ladi. Bugun sinfdoshim yig‘ladi, otamdan nafratlanaman dedi». O‘g‘limning bu so‘zlari menga qattiq ta’sir qildi. Piyonista otalarning bolalariga nechog‘lik og‘irligini o‘g‘limning sinf­doshi timsolida ko‘rganday bo‘ldim.

Kafelarda ichib o‘tirgan, ichib to‘ylarni buzadigan, ko‘cha-ko‘yda mast-alast yuradigan kishilarni ko‘rsam, ularning farzandlari bormikin, bo‘lsa qanday turmush kechirayotgan ekan, qalblarini qanday azob kemirayotgan ekan deb o‘ylaydigan bo‘ldim. Zero, ichkilikka berilgan otalarning ko‘pchiligi janjalkash. Oilada farzandlariga ibrat bo‘lish o‘rniga tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishadi. Bolalarini turli so‘zlar bilan haqorat qilib, nafsoniyatiga tegishadi. Ayollarini urishadi. Oilada har kuni davom etadigan janjallar oqibatida baraka ko‘tariladi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi deganlaridek, ularning farzandlari ham voyaga yetib-yetmay ichishni, sigaret chekishni o‘rganadi. Oldiga ulkan maqsadlarni qo‘yishga qiynaladi.

Xalqimizda azaldan mayparastlik qoralangan. Bugun ham yoshi ulug‘ insonlar spirtli ichimlik iste’mol qilishga mukkasidan ketganlarga nafrat bilan qaraydi. Chunki ichkilikbozlik giyoh­vand­lik kabi inson ongini zaharlaydi, vijdonini izdan chiqaradi, salomatligiga jiddiy ziyon yetkazadi. Ichkilikka berilish oqibatida sog‘lig‘idan ayrilgan yoki bevaqt hayotdan ko‘z yumgan kishilar qismati barchaga saboq bo‘lishi kerak. Qolaversa, bu jamiyat taraqqiyotiga rahna soluvchi illat sanaladi.

Rivoyatlardan birida aytilishicha, bir makkor ayol mo‘min yigitdan uchta shartdan bittasini bajarishni talab qiladi: may ichish, zino qilish, norasida go‘dakni o‘ldirish. May ichishni eng ziyonsiz deb hisoblagan yigit keyin ikki gunohga ham qo‘l uradi. Bu ichkilik inson ongini zaharlashidan dalolatdir. Afsuski, keyingi paytlarda ichkilikka berilganlar orasida ayollar va yoshlar ko‘payib bormoqda. Ba’zan kelinlarning qaynota, qaynog‘a va qaynukalari bilan yoki o‘g‘illarning onalari bilan aroq ichayotganini ko‘rib yoqa ushlaysan kishi. Qadriyatlarimizga yot bo‘lgan, gunoh sanalgan bunday ishlar oqibatida esa yanada og‘ir va kechirilmas qilmishlar, jinoyatlar sodir etilayotgani yanada afsuslanarlidir.

Spirt zahridan aksariyat hollarda jigar, yurak va miya kasallanadi. Miokard infarktining 40 foizi aynan spirtli ichimlik iste’mol qilish sababli yuz beradi. Ma’lumotlarga ko‘ra sharobga ruju qo‘yganlarning 85 foizi bu zararli odatdan xalos bo‘la olmaydi. 7 foizi bir necha bor davolanib, yana ichishni boshlaydi, 8 foizigina davolanib, boshqalar kabi sog‘lom turmush tarziga rioya qilar ekan.

— O‘z navbatida, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xulosalariga qaraganda, spirtli ichimliklarni muntazam ichadigan odamlarning 6-7 foizi piyonistaga aylanib qoladi. Avtomobilni mast holatda boshqarish yo‘l-transport hodisalari sodir etilishining asosiy sabablaridan biri sanaladi. Har yili ro‘y berayotgan avariyalarning 20 foizi mast haydovchilar yo‘l harakati qoidasini buzishi oqibatida sodir bo‘lmoqda. Alkogolizm erkaklarda ayollarga qaraganda uch barobar ko‘p uchraydi, – deydi nevropatolog Elbek Boltayev.

Shifokorning aytishicha, inson miya­si alkogolning asosiy nishonlaridan biri. Doimiy ravishda va me’yoridan ortiq spirtli ichimlik iste’mol qilish miya faoliyatini susaytiradi. Alkogol miyada qon aylanishini sekinlashtirib, neyronlarning doimiy kislorod yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi. Natijada fikrlash va xotira susayib, ruhiy degradatsiya rivojlanadi.

Ha, mayparastlik inson ruhiga, vujudiga, jamiyatdagi mavqeiga putur yetkazadi. Ichkilikbozlik oqibatida parokanda bo‘lgan oilalar qancha. Ichuvchining oila a’zolari ruhiy, ma’naviy, iqtisodiy aziyat chekadi.

Yaqinda o‘g‘limdan sinfdoshi haqida so‘rab qoldim. Ozod 9-sinfni tugatib, qishloq xo‘jaligi kollejida o‘qishini davom ettiribdi. Surunkali kaltaklar ta’sirida onasi mayib bo‘lib qolibdi. Ozod kollejni tashlab, xorijga ishlash uchun ketibdi. Shundan beri xat-xabar yo‘q ekan.

Eh, balki otasi piyonista bo‘lmaganida Ozod biron kasb yo hunarning etagini tutgan, hozir tengqurlari qatori oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan bo‘larmidi?

«Bir-ikki piyola ichgan bilan hech narsa qilmaydi» deya aroq shishasini qo‘lga olayotganlar o‘z ixtiyoridan, aqlu hushidan ayrilishi haqida o‘ylab ko‘rarmikan? Sog‘liq uchun deb sipqorayotgan sharoblari ularni razolat botqog‘iga boshlayotganini bilisharmikan? Nafaqat o‘zlarining, oilalarining, farzandlarining ham hayotini izdan chiqarishlari mumkinligini hech o‘ylab ko‘rishganmikan? Hali vijdonidan ayrilib ulgurmaganlar to‘g‘ri xulosa chiqarishidan juda-juda umidvormiz…

Oybek Jumaniyozov

Manba: Huquq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Otamdan nafpatlanaman…»