date

Ko‘rish qobiliyatini qaytaruvchi yangi kashfiyot

Ko‘rish qobiliyatini qaytaruvchi yangi kashfiyot
Buyuk Britaniyada bir guruh ko‘zi ojiz bemorlar maxsus ko‘z qurilmasi yordamida yana o‘qish imkoniga ega bo‘ldi. London shahridagi kasalxonada o‘tkazilgan xalqaro tadqiqot natijalari tibbiyot olamida katta qiziqish uyg‘otdi. Shifokorlar bu usulni “hayotni o‘zgartiruvchi texnologiya” deb atamoqda.

70 yoshli Shila Irvin ismli bemor 30 yildan ortiq vaqt ko‘rmay yashagan. U yangi qurilma tufayli endi kitob o‘qish, krossvord ishlash va xatlarni o‘qish imkoniga ega bo‘lganini aytmoqda. “Bu juda ajoyib his. Hayotimga quvonch qaytdi”, — dedi Irvin.

Ushbu texnologiya asosan yoshga bog‘liq makula degeneratsiyasi deb ataluvchi kasallikka chalingan bemorlarga mo‘ljallangan. Kasallik natijasida ko‘zning markaziy qismi zararlanib, insonning rang va tafsilotlarni ko‘rish qobiliyati pasayadi. Hozirda bu dard bilan dunyo bo‘yicha besh milliondan ortiq kishi yashamoqda.

Yangi usulda ko‘z to‘r pardasi ostiga juda kichik elektron plastinka o‘rnatiladi. Maxsus ko‘zoynakdagi kamera tasvirlarni infraqizil nurlar orqali ushbu plastinkaga yuboradi, u esa ma’lumotni miya orqali qayta uzatadi. Shu tariqa bemor tasvirlarni ko‘ra oladi. Tadqiqotda qatnashgan 32 bemorning 27 nafari yana o‘qiy olgan.

Shifokor Mahi Muqitning aytishicha, bu texnologiya kelajakda boshqa ko‘z kasalliklarini ham davolashga yordam berishi mumkin. Hozircha bu usul faqat sinov tariqasida qo‘llanmoqda, biroq yaqin yillarda Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash tizimi orqali bemorlarga taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Ko‘rish qobiliyatini qaytaruvchi yangi kashfiyot