date

Adiz Boboyev rahbarlarni halollikka va shaxsiy namunaga chaqirdi (video)

Adiz Boboyev rahbarlarni halollikka va shaxsiy namunaga chaqirdi (video)

Samarqand viloyatida davlat boshqaruvida halollik va ochiqlikni kuchaytirish mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev rahbarlarni korrupsiyaga qarshi shaxsiy namuna orqali kurashishga chaqirdi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Yig‘ilish 15 oktyabr kuni o‘tkazildi. Unda tuman va shahar hokimlari, huquqni muhofaza qilish idoralari hamda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi vakillari ishtirok etdi.

Adiz Boboyev so‘zida korrupsiyani “davlatga bo‘lgan ishonchni yemiradigan illat” deb atadi va bu baloga qarshi kurash avvalo rahbarlarning o‘zidan boshlanishi kerakligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oyliklar oshgan, ish haqi yetarli bo‘lgan holda ham ayrim rahbarlar poraga qo‘l urmoqda. Bu esa tizimdagi boshqalarga “u olgan bo‘lsa, men ham olishim mumkin” degan fikrni singdiradi. Shu tarzda illat yuqorida boshlanib, pastki darajalargacha tarqaladi.

Boboyev rahbarlarni halol ishlashga, qonunga rioya qilishda shaxsiy namuna bo‘lishga chaqirdi. Uning fikricha, agar rahbar o‘zini to‘g‘ri tutsa, uning ostidagi xodimlar ham shunday yo‘l tutadi.

«Agar siz to‘g‘ri ishlasangiz, qo‘lingizdagi odamlar ham sizga qarab o‘rnak oladi. Xalq hammasini ko‘rib turibdi, kimning uyi qanday qurilganini, kimning mashinasi qaysi pulga olinganini bilmaydi deb o‘ylaysizlarmi? Hamma bilib o‘tiribdi. Har bir rahbar o‘zidan xulosa chiqarsin», — dedi u yig‘ilishda.

Yig‘ilish yakunida hokimlik va mutasaddi idoralar rahbarlariga profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, mehnat jamoalari va mahallalarda halollik va mas’uliyat haqida tushuntirish ishlarini faol olib borish vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga, halol mehnat qilish madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan amaliy choralar ko‘rish topshirildi.

Samarqand hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning fikricha, korrupsiyani yo‘qotish uchun birinchi navbatda rahbarlarning o‘zi o‘zgarishi, xalqqa namuna bo‘lishi kerak. Shundagina tizimda ishonch va halollik muhiti qaror topadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adiz Boboyev rahbarlarni halollikka va shaxsiy namunaga chaqirdi (video)