date

Paulu Souza: “Nasaf”ga qarshi o‘yin biz uchun sinov bo‘ladi

Paulu Souza: “Nasaf”ga qarshi o‘yin biz uchun sinov bo‘ladi

“Shabab Al Ahli” jamoasi bosh murabbiyi Paulu Souza Elit Osiyo Chempionlar Ligasi doirasidagi “Nasaf”ga qarshi o‘yin oldidan matbuot anjumanida fikr bildirdi.

Portugaliyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, har bir bellashuv jamoa uchun muhim ahamiyatga ega va “Nasaf” bilan o‘yin ham istisno bo‘lmaydi.

“Oldinda juda muhim bahs kutyapti. Biz uchun uydami yoki safardami — farqi yo‘q, har bir o‘yinda maydonga g‘alaba uchun chiqamiz. Raqibni yaxshi bilamiz — o‘tgan yili ular bilan o‘ynaganmiz va bu bellashuvlar ancha og‘ir kechgandi. ‘Nasaf’ murabbiyi katta tajribaga ega va ularning hozirgi ochkolari jamoa salohiyatini to‘liq aks ettirmaydi,” — dedi Souza.

Murabbiy shuningdek, jamoadagi jarohatlar sabab ayrim futbolchilarning ishtirok etish-etmasligi hali aniq emasligini qayd etdi.

“Ayrim yo‘qotishlar bor, lekin biz kimlar maydonga tushishini aniqlash ustida ishlayapmiz. Asosiy maqsadimiz — ijobiy natijaga erishish va o‘yinda yuqori darajadagi professionallikni ko‘rsatish. Hujum chizig‘ida imkoniyatlarni golga aylantirish — bu bizning asosiy vazifamiz bo‘ladi,” — deya qo‘shimcha qildi u.

55 yoshli mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jamoa keyingi bosqichga chiqish uchun har bir ochko muhim ahamiyatga ega ekanini yaxshi anglab turibdi. Shuning uchun “Nasaf” bilan bellashuv nafaqat sport jihatidan, balki ruhiy jihatdan ham juda muhim bo‘ladi.

Shu tariqa, Paulu Souza boshchiligidagi “Shabab Al Ahli” ertangi o‘yinga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda. Murabbiyning so‘zlaridan kelib chiqsa, jamoa faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Paulu Souza: “Nasaf”ga qarshi o‘yin biz uchun sinov bo‘ladi