Toshkent viloyatining Bekobod tumanida ekologik qonunbuzarlik holati aniqlandi. “Yangihayot” mahallasida ikki fuqaro – M.U. va A.S. “Sholikor” zovurida elektr qarmoqdan foydalanib, noqonuniy tarzda “Kumush tovon balig‘i”ni ovlaganlikda gumon qilinmoqda.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomaterial asosida Ekologiya vazirligining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda Bekobod tumani IIB bilan hamkorlikda o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida fuqarolarning ovchilik qoidalarini buzib, “Ov qilish to‘g‘risida”, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish to‘g‘risida” hamda “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga zid harakat qilgani aniqlandi.
Noqonuniy ov natijasida hayvonot dunyosiga 8 million 240 ming so‘m zarar yetkazilgan. Bu miqdor Vazirlar Mahkamasining 80-sonli qarorida belgilangan me’yorlarga muvofiq hisoblab chiqilgan.
Mazkur holat yuzasidan huquqiy baho berish va tegishli choralarni ko‘rish maqsadida hujjatlar Bosh prokuraturaga taqdim etildi.
Ekologiya vazirligi fuqarolardan tabiatga befarq bo‘lmaslikni, qonunchilik talablariga amal qilishni va noqonuniy ovga chek qo‘yishda hamjihatlikda harakat qilishni so‘rab qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!