00:23 / 11.08.2020
3 663

Uch shappa

Uch shappa
Yanvar kechalaridan biri. Ko‘chada uch sharpa ketmoqda. Sovuq nigohlarida faqat qo‘lga kiritilajak boylik hirsi yonadi. Qo‘yni-qo‘nji temir va yog‘och kaltaklarga to‘la bu kimsalar hech nimadan tap tortmasdi shu topda…

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudida hali yigirmaga ham kirmagan ikki navqiron yigit va bir o‘smirning jinoyati ko‘rib chiqildi. Ular bosqinchilik va qotillikda ayblanmoqda edi.

Qayd etilishicha, ularning yetakchisi Zokir Orolov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2000 yilda tug‘ilgan. Qarshi shahridagi kollejning 3-bosqich o‘quvchisi. Avval sudlanmagan, bo‘ydoq. Qarshi shahrida yashagan.

Jinoiy guruhning navbatdagi a’zosi Bobobek Elmurodov ham 2000 yilda tug‘ilgan. Qarshi shahridagi kollejning 3-bosqich o‘quvchisi. Ilgari sud hukmiga asosan aybli deb topilib, eng kam oylik ish haqining 7 baravari miqdorida jarima tayinlangan, so‘ng bu jazo sud ajrimiga asosan 13 kun ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. Bobobek bu jazoni o‘tamagan. Bo‘ydoq, Toshkent shahrida ro‘yxatda turib, Qarshi shahrida yashagan.

Guruhning kenja a’zosi, voyaga yetmay turib jinoyat sodir etgan Sardor Baxtiyorov 2002 yilda tug‘ilgan. Qarshi shahridagi kollejning 3-bosqich o‘quvchisi. Muqaddam sudlanmagan, bo‘ydoq, Qarshi shahrida yashagan.
* * *
Zokir darsdan so‘ng kursdoshi Sardor bilan non sexida ishlardi.
– Bo‘lmayapti, qo‘l ishga bormayapti, – dedi Zokir uf tortgancha Sardorga. – Ko‘proq pul topish kerak.
– O‘g‘irlik qilamiz, – dedi Sardor atrofga alanglab. – Biror joy toparmiz…

– Mahallamizda Xushnud degan domla bor, – dedi Zokir. – Ertaga Samarqandga ishga ketadi. Uyida faqat chol-kampir qoladi. Kechasi boramiz. Puli ko‘p ularning. Faqat ikkovimiz qiynalib qolamiz. Yana bir sherik topish kerak…
– Bo‘pti, men topaman, – dedi Sardor.

Ertasi kuni Sardor kollejda tanishi Bobobekni gapga soldi. U ham puli yo‘qligidan qiynalib yurgan ekan. Sardorning taklifi unga moyday yoqdi.
– Bir kechada besh million so‘mli bo‘lasan, – deya avradi uni Sardor.

Kechqurun uchovi non sexining qorovulxonasida uchrashishdi. Keli­shilganidek hammasi qurollanib olgandi. Kimdadir armatura bo‘lagi, pichoq, kimdadir temir quvur, kimdadir tayoq, arqon… Yuzlarini ko‘rish uchun teshik ochilgan eski shapka va do‘xtirlarning niqobi bilan to‘sadigan bo‘lishdi…

Biroq bu xonadonda ularning ovi yurishmadi. Devor oshgan yigitchalar eshik oldida ko‘plab poyabzal turganini ko‘rib qolishdi. «Eh, mehmonlar bor ekan», – deya shivirladi Zokir. Indamay ortga qaytishdi.

«Bir haftadan keyin yana boramiz…», – dedi Zokir sheriklarini yupatib. Yo‘l-yo‘lakay yana bir xonadonni nishonga olishdi. Ammo Bobobek ularni fikridan qaytardi:
– Bu uy egasining puli bo‘lganida uyi shunday xaroba bo‘lib yotarmidi? – dedi hovliga ishora qilib. – Na hovli devori, na darvozasi bor… Kirganingga arzimaydi…
– Yerqo‘rg‘on bozori tomonda Zubayda xolam turadi, – dedi Sardor hovliqib. – Yuz million so‘m puli bor. Aniq bilaman. O‘sha yoqqa boraylik…
Bobobek ajablanib unga qaradi. Biroq Sardor parvo ham qilmasdan ularni xolasining uyini tunashga qistardi…
* * *
Bozor atrofidagi mahallalardan biriga yetib borganlarida vaqt yarim tundan oshib ketgandi. Sardor xolasining uyi tomon boshlab borarkan, sheriklariga uyning tuzilishini tushuntirardi.

– Faqat pul qayerda turishini xolamning o‘zi biladi… – dedi u oxirida.

Devor oshib hovliga tushishdi. Zokir va Bobobek boshlariga teshikli shapkalarini ilib olishdi. Sardorbek esa tibbiy niqobni yuziga taqdi. Ichkariga kirishdi. Sardor qo‘lidagi telefonining chirog‘ini yoqdi. Kimdir yerda ko‘rpachada uxlab yotgan Zubayda opaning oyog‘iga qoqilib tushdi. Ayol uyg‘onib ketib baqira boshladi. Bosqinchilardan biri uning og‘zini kafti bilan yopdi. Boshqasi armatura bilan duch kelgan yeriga ura boshladi.

Bu orada ayolning o‘g‘li Anvarni ham boshiga urib sulaytirishga ulgurishdi. Uning boshidan sachragan qon devorni bo‘yadi. Ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan bu dahshatdan ayol esdan og‘ar darajada qo‘rquvga tushib, qoniga bo‘yalgani holda bosqinchilarga iltijo qilardi:
– Nima desalaring beraman, faqat o‘g‘limga tegmanglar…

Bosqinchilardan biri uning bo‘g‘ziga pichoq tiradi. Boshqasi esa yana Anvarni kaltaklay boshladi.
– Pul qani? – g‘azabnok tarzda vishilladi sharpalardan biri.

Ayol ingraganicha ishora qildi:
– Gilamning tagida…

Biroq hamma joyni titkilagan bosqinchilar ko‘zlagan pulini topa olishmadi. Yana ona-bolaga azob berishga o‘tishdi. Zubayda opaning ko‘z o‘ngida Anvarni temir bilan kaltaklab, tinchib qolganidan so‘ng ko‘rpachaga o‘rab, ustidan xontaxtani bostirishdi.

Bu orada bosqinchilardan biri sandiqdan pul va qimmatbaho taqinchoqlar turgan qutichani topib oldi.
– Ayolni bir balo qilmasak bo‘lmaydi, – dedi Zokir halloslagancha. – Yuzimni ko‘rib qoldi. Aytib beradi hammaga…

Shundoq ham holdan toyib yotgan ayolning tomirini kesishdi. So‘ng uni ham ko‘rpachalar bilan o‘rab, ustidan sandiqni bostirishdi…
Pul va taqinchoqdan tashqari turli-tuman kiyimlar, atir va telefonlarni apil-tapil sumkalariga solishdi. Qonga bo‘yalgan temir bo‘laklarini hojatxonaga tashlashdi va ko‘chaga otilishdi…

Non sexiga kelib, narsalarni bo‘lib olishdi. Egnidagi kiyimlarini, tayoqni sexning orqa tomonida yoqib yuborishdi.
* * *
«Iya, hali bu ayol tirik ekan-ku, uning tomirini kes, shunda o‘ladi…». Zubayda opaga bu so‘zlar uzoqdan eshitilganday bo‘ldi. Bosqinchilardan biri uning o‘ng qo‘li tomirini kesib yuborganini sezdi. Boshiga esa yana temir bilan ura boshlashdi. Og‘riqqa chidashning imkoni yo‘q edi. Biroq ayol boshini yerga tashlab, o‘zini o‘lganga solmasa, bu vahshiylar qo‘lidan qutulishi amrimahol ekanligini, unda o‘g‘liga ham yordam bera olmasligini o‘ylab, yerga yiqildi.

Uni kaltaklayotgan bosqinchi qo‘lini qayirib ko‘rdi. Ayol barcha azoblarga dosh berib, ovozini chiqarmasdan, ko‘zlarini yumib yotdi. Tibbiyotdan yaxshi xabari bo‘lgani uchun kesilgan qo‘lini qattiq bukib oldi. Bosqinchilar hamma joyni titkilashdi… Ustiga ko‘rpacha tashlashayotganda ham ko‘rpachaning pastki qismini qo‘llari bilan ochib olib, nafas olishga imkon topdi. Ammo ko‘z oldi qorong‘ulashib, hushidan ketdi.

Ko‘zini ochganida, ustiga ko‘rpa-ko‘rpachalar va yana nimalardir uyib tashlanganini sezdi. Bir ko‘zi ko‘rmay qolgandi. Shunda o‘g‘li Anvar yotgan tomonga qarab u divanda yo‘qligini ko‘rdi. Devorga qon sachragandi.

Ayol bir amallab darvozaxonaga, keyin sudralib ko‘chaga chiqdi. Holi qolmagani uchun yerga yotib qoldi. Yana biroz kuch yig‘ib, sudralib borib, ing­ragancha qo‘shnilarini yordamga chaqirdi. Qo‘shnilar yerda qoniga qorilib yotgan Zubayda opani ko‘rib, dahshatdan dong qotishdi…
* * *
Ayol shifoxonada ko‘zini ochdi. Shifokorlar bir amallab uning hayotini saqlab qolishdi. Boshi, yuzi, labini tikishdi. Burni va jag‘i ham singan edi, malham qo‘yib, bog‘lashdi. Tez orada Zubayda opaning opasi Zarnigor opa turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li Sardor bilan yetib kelishdi. Opasi va jiyani boshi ustida parvona bo‘lishdi. Biroq ichki ishlar xodimlari yetib kelib, jinoyatchilar ushlangani haqida xabar berishganida o‘zini mehribon tutayotgan Sardor talmovsirab qoldi. Qayta-qayta Anvarning tirik yo o‘lganini so‘ray boshladi…

Zubayda opaning o‘rtancha o‘g‘li Erkin Anvarning vafot etganini xabar qildi.
* * *
Sud hukm qildi. Unga ko‘ra Zokir Orolov 19 yil, Bobobek Elmurodov 18 yilu 6 oy, Sardor Baxtiyorov esa 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Shuningdek, sudlanuvchilardan jabrlanuvchilarga qoplanmay qolgan 122 mln. 674 ming 294 so‘m moddiy zarar, Anvar Toshtemirovni dafn etish xarajati hamda 60 mln. so‘m ma’naviy zarar ham undirildi.

Undirilgan zarar yigit yoshida uvol ketgan Anvarni qaytara olmaydi. Zubayda opa chekkan og‘riq, iztiroblarni qoplay olmaydi. Jinoyatchilarning panjara ortida o‘tajak yoshligini ham tillolar bilan o‘lchab bo‘lmaydi…

Ravshan XURRAMOV,
Qashqadaryo viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uch shappa