date

Endi kelin o‘g‘irlovchilar 10 yilgacha qamalishi mumkin

Endi kelin o‘g‘irlovchilar 10 yilgacha qamalishi mumkin
Qozog‘istonda ayollarni himoya qilish borasida katta huquqiy yangilik sodir bo‘ldi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev ta’qib va majburiy nikoh holatlariga qarshi qat’iy qonunni tasdiqladi, deb xabar berdi Tengrinews.

Yangi qonun loyihasi mamlakatning jinoyat-ijro tizimini isloh qilishni maqsad qilgan bo‘lib, unda to‘rtta muhim yo‘nalish bo‘yicha o‘zgarishlar o‘z aksini topgan. Qonun tez orada rasman e’lon qilinishi va amaliyotga joriy etilishi kutilayapti.

Hujjatda birinchi marta “stalking” — ya’ni shaxsni u xohlamagan holda, unga nisbatan uzluksiz ravishda aloqa qilish, kuzatish yoki noqulay munosabatlarni yo‘lga qo‘yish kabi harakatlar ta’riflandi. Bu holatlar har doim ham zo‘ravonlik bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, shaxsga katta ruhiy zarar yetkazadi. Endi bunday qilmish uchun rasman jazo belgilandi — jarima yoki 90 sutkagacha ma’muriy qamoq.

Shuningdek, kelinlarni o‘g‘irlab, majburan nikohga tortgan shaxslarga nisbatan ham qonun keskinlashtirildi. Qonunga muvofiq, bu endi alohida jinoyat sifatida belgilanadi — "Nikohga majburlash" deb nomlangan yangi modda Jinoyat kodeksiga kiritildi. Unga ko‘ra, jinoyat darajasiga qarab jazo turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin: moliyaviy jarima, axloq tuzatish ishlari, erkinlikni cheklash yoki 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Avvalroq bunday holatlar “odam o‘g‘irlash” deb kvalifikatsiya qilinib, 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish mumkin edi. Ammo jinoyatchi ayolni o‘z xohishi bilan qo‘yib yuborsa va boshqa qonunbuzarlik qilmagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etilishi mumkin edi. Yangi qonun bilan bu huquqiy “changaldan chiqib ketish yo‘li” ham yopildi.

Prezident To‘qayev bu masalaga shaxsan aralashib, Milliy qurultoy yig‘ilishida o‘z munosabatini ochiq bildirgan edi. U kelin o‘g‘irlashni “milliy qadriyat” deb ko‘rsatishga urinayotganlarni keskin tanqid qilgan:

“Ba’zi odamlar milliy an’analar niqobi ortida kelin o‘g‘irlash kabi xurufiy odatlarni qonuniylashtirishga harakat qilmoqda. Bunday yondashuvni hech qanday oqlash mumkin emas. Bizning jamiyatda inson qadri, huquq va erkinliklari eng oliy ne’mat bo‘lib qolishi shart”, — deya ta’kidlagan To‘qayev.

Bu yangilik Qozog‘istonda ayollar huquqini ta’minlash, ularni turli xil majburlash va ta’qibdan himoya qilish borasida muhim qadam bo‘ldi. Fuqarolik jamiyati va inson huquqlari tashkilotlari esa ushbu o‘zgarishlarni olqishlamoqda. Chunki endi har bir ayol o‘zini qonun himoyasida deb his qilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Endi kelin o‘g‘irlovchilar 10 yilgacha qamalishi mumkin