
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bolalarga nisbatan hayratomuz va g‘azab uyg‘otuvchi munosabat aks etgan video keng tarqaldi. Ushbu videoda o‘zini defektolog-psixolog sifatida tanishtirgan Dilorom Jabborovaning duduqlanuvchi bolalarga nisbatan turli ruhiy va jismoniy bosimlar o‘tkazayotgani ayon bo‘ldi. Jumladan, u bolalarni itdek vovullatib, ta’lim va tarbiya qoidalarini mutlaqo inkor etuvchi amaliyotlar bilan shug‘ullanmoqda, deb xabar berdi Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova.
Ayni shu tasvirlar keng jamoatchilikning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy faollar, bola huquqlari himoyachilari va turli mutasaddi idoralar ushbu holat yuzasidan keskin munosabat bildirdi. Chunki videoda aks etgan vaziyat nafaqat axloqiy, balki huquqiy nuqtayi nazardan ham og‘ir qonunbuzarliklar qatoriga kiradi.
Ombudsman ma’lum qilishicha, Dilorom Jabborovaning ish uslubi bo‘yicha avval ham bir qator ilmiy va kasbiy baholar berilib, uning usullari defektologiya sohasiga mutlaqo aloqador emasligi, yuzaki va ibtidoiy yondashuvlar asosida harakat qilayotgani ta’kidlangan. U bolalarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, zo‘ravonlik elementlari mavjud bo‘lgan "usullar"dan foydalangani uchun allaqachon ogohlantirilgan edi.
Xususan, 2024 yil fevral oyida unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi asosida — ya’ni firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Bu ish doirasida u bolalar duduqlanishi bilan bog‘liq har qanday faoliyatni to‘xtatishi kerakligi to‘g‘risida rasmiy tartibda ogohlantirilgan.
Shu bilan birga, ortidan kelgan qarorlarga qaramasdan, Dilorom Jabborova o‘sha amaliyotini qaytadan davom ettirayotgani qayd etildi. Bola huquqlari va manfaatlariga zid ravishda, ilmiy asosga ega bo‘lmagan, psixologik tahdidli usullar bilan faoliyat ko‘rsatayotgani Bolalar ombudsmani tomonidan qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani 2025 yil 2 iyun kuni Bosh prokuraturaga tegishli so‘rov yo‘llagan. Bu murojaat asosida 25 iyun kuni Toshkent shahar, Yunusobod tumani prokuraturasi avvalgi jinoyat ishini tugatish haqidagi qarorni bekor qilib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Ichki ishlar organlari huzuridagi Tergov bo‘limiga yubordi.
Natijada, 2025 yil 4 iyul kuni Yunusobod tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov jarayonlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. Unga nisbatan qanday ayblovlar ilgari surilayotgani, qancha bolaga zarar yetkazilgani haqida aniq ma’lumotlar hozircha oshkor qilinmagan.
Mutaxassislar fikricha, ushbu holat ta’lim sohasida nazoratning sustligi, litsenziyasiz shaxslarning faoliyat yuritishi va bolalar bilan ishlashdagi mas’uliyatsizlikni yana bir bor namoyon qildi. Bolalarning sevinch manbai bo‘lishi kerak bo‘lgan ta’lim markazlari ba’zi hollarda ular uchun ruhiy azob manbaiga aylanib qolmoqda.
Bolalar ombudsmani hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati natijasida bu ish ochiq va shaffof tekshirilayotgani ta’kidlandi. Jabborovaning amaliyoti na ilmiy jihatdan, na axloqiy, va eng muhimi — na qonunan maqbul hisoblanadi.
Jamiyatda bunday holatlarga nisbatan “ko‘z yumish” holatlari kamaymog‘i uchun, har bir ota-ona farzandini kimga ishonib topshirganini chuqur tahlil qilishi kerak. Bolalarning suiiste’mol qilinishi, ularga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilishi hech qanday holatda oqlanishi mumkin emas.
Shu bois, Zamin.uz tahririyati mazkur voqeani diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Agar farzandingiz ta’lim olyotgan markazda shubhali yoki qo‘pol munosabatlar kuzatilsa, bu haqda zudlik bilan tegishli idoralarga xabar berishingiz lozim.
Bola huquqi — muqaddas. Uning qadri bilan o‘ynashish — kelajakni zo‘ravonlikka boshlash demakdir. Aybdorlar jazodan chetda qolmasligi lozim. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar