date

"Barselona" va qashshoq Kongo shartnomasi ortidagi real drama

"Barselona" va qashshoq Kongo shartnomasi ortidagi real drama
Yevropa futbolida hamisha g‘alabalar va muvaffaqiyatlar ortida turli moliyaviy manfaatlar yashiringan bo‘ladi. Shu kunlarda «Barselona» futbol klubi shunday noodatiy va bahslarga sabab bo‘ladigan kelishuv arafasida turibdi, deb xabar berdi mundodeportivo.com.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kataloniyaliklar Kongo Demokratik Respublikasi bilan 44 million yevro qiymatdagi to‘rt yillik homiylik shartnomasi ustida ish olib bormoqda. Shu asosda klub har yili 11 million yevro miqdorida daromad oladi. Bu mablag‘lar moliyaviy feyr-pley qoidalari bilan bog‘liq muammolarni yengillashtirishga yordam berishi kutilyapti.

Ushbu shartnoma bo‘yicha "Barsa" asosiy jamoa futbolkalarida «Demokratik Kongo Afrikaning yuragi» logotipini aks ettiradi. Hamon muhokamalar markazida turgan masala shundaki, bu harakat ortida turizmni rivojlantirish g‘oyasidan ko‘ra, boshqa, teran manfaatlar yotadi.

Qizig‘i, «Monako» klubi ham yaqinda xuddi shunday kelishuvni amalga oshirgandi. Lekin bu kabi homiylik shartnomalari ortidagi Kongo DRning haqiqiy ahvoli ko‘pchilikni o‘yga toldiradi.

Bu mamlakat rasman dunyodagi eng ko‘p kobalt ishlab chiqaruvchi davlat hisoblanadi. Ammo bu boyliklar aholi farovonligiga xizmat qilmayapti. Rasmiy va norasmiy manbalarga ko‘ra, kobaltning 20 foizdan ortig‘i qo‘l mehnati bilan olinadi. Bu esa, ko‘pincha, bolalar mehnati bilan bog‘liq holatlarni anglatadi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda yoshi 4–10 orasida bo‘lgan 7,5 million bola konlarda majburiy mehnatga jalb qilingan. Ularning aniq ro‘yxati mavjud emas — chunki ular davlat hisobida turmaydi.

UNICEF esa yanada dahshatli holatlarni ochiqlayapti: qurolli to‘qnashuvlar fonida ko‘plab bolalar yuk tashish, josuslik va hatto qurolli guruhlarga xizmat qilish kabi ishlarga jalb qilingan. 2024 yilda bunday "foydalanish" qurboniga aylangan bolalar soni 1 milliondan oshgani ta’kidlangan.

Bu mamlakat — mis, uran va kobaltga boy bo‘lsa-da — dunyodagi eng qashshoq 5 davlatdan biri. Kongo DRdagi aholining taxminan 65 foizi — ya’ni 100 million kishiga yaqin insonlar — kuniga 2,15 dollardan kam mablag‘ga kun kechirmoqda.

Bu holatda, katta futbol klubining moliyaviy yukini yengillashtirish uchun bunday homiylik shartnomalari tuzilishi, ko‘pchilik tomonidan norasolik va etik savollar uyg‘otishi tabiiy. "Barselona" bunday shartnomadan foyda oladimi? Yoki bu klub uchun ayblovlar va tanqidlar eshigini ochib beradimi?

Tomoshabin va muxlis sifatida, futbol ortidagi haqiqiy voqelikni tushunish muhim. Zero, maydondagi g‘alaba ortida ba’zan juda og‘ir va ta’rifga sig‘maydigan haqiqatlar yotishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Barselona" va qashshoq Kongo shartnomasi ortidagi real drama